618 29.01.2026
O‘zbekistonda inson qadri, ijtimoiy adolat va atrof-muhitni muhofaza qilish yo‘lidagi saʼy-harakatlar islohotlarning bosh mezoniga aylangan hamda davlat siyosatida mustahkamlangan “Inson qadri uchun” tamoyilida aks etmoqda.
Insonning fundamental huquqlari va qadr-qimmatini taʼminlashning muhim jihatlaridan biri — uning mehnat huquqini, jumladan, adolatli mehnat sharoitlari, teng ish haqi va ishsizlikdan himoyani taʼminlash.
Shu maʼnoda, parlament xalqaro standartlarni implementatsiya qilish, milliy qonunchilikni takomillashtirish va uning samarali amalga oshirilishi ustidan parlament nazoratini olib borishda muhim rol o‘ynamoqda. Ushbu yo‘nalishda bolalar mehnati va majburiy mehnat uchun jinoiy javobgarlik belgilangan, 40 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinib, Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT)ning 25 ta konvensiyasi va bitta bayonnomasi ratifikatsiya qilingan.
Qisqa vaqt davomida bolalar va majburiy mehnatga barham berish, mamlakat har bir fuqarosining mehnat huquqlarini taʼminlash bora-sida O‘zbekistonning saʼy-harakatlari xalqaro hamjamiyatning eʼtirofiga sazovor bo‘ldi. O‘n yil avval dunyoning nufuzli minbarlarida O‘zbekistonda bolalarning majburiy mehnati qattiq tanqid ostiga olingan, o‘zbek paxtasiga nisbatan cheklovlar joriy qilingan bo‘lsa, endilikda XMT ijtimoiy mehnat soha-sida xalqaro standartlarni joriy etishning samarali modeli sifatida O‘zbekiston milliy tajribasini qo‘llash bo‘yicha boshqa mamlakatlarga tavsiyalar bermoqda.
O‘zbekistonning 2023-yilda XMTning Ijtimoiy adolat uchun global koalitsiyasida birinchi mamlakat sifatida tanlanishi va BMTning Ish o‘rinlari yaratish va ijtimoiy himoya bo‘yicha global dasturida ishtirok etayotgan o‘n sakkizta davlatdan biriga aylangani ham buni tasdiqlaydi.
Insonning fundamental huquqlari hisoblangan taʼlim va sog‘liqni saqlash sohasida sezilarli o‘zgarishlar ro‘y berdi. Jumladan, maktabga-cha taʼlim qamrovi 27 foizdan 77 foizga, boshlang‘ich maktab — 100 foiz, oliy taʼlimda esa 9 foizdan 42 foizga yetdi.
O‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 73,8 dan 75,1 yoshgacha oshdi. Onalar o‘limi koeffitsiyenti so‘nggi olti yil ichida 39 holatdan 26,5 gacha, go‘daklar o‘limi esa 12,1 dan 7,6 gacha kamaydi.
Ijtimoiy davlat sifati-da O‘zbekiston o‘zining ijtimoiy majburiyatlarini uch baravar oshirdi, bu mamlakat-ning adolatli, inklyuziv va insonga yo‘naltirilgan ijtimoiy himoya tizimini yaratishga sodiqligining aniq hamda ishonchli tasdig‘idir.
Asosiysi, ijtimoiy yordamning manzilli, aniq va muhtojlarga chinakam yetib borishini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Mazkur jarayonda parlament ham muhim rol o‘ynab, qonunchilik bazasini faol ravishda mustahkamlamoqda va uni xalqaro standartlarga izchil muvofiqlashtirib bormoqda. Masalan, BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi ratifikatsiya qilindi va ijtimoiy himoya tizimini yana-da takomillashtirishga qaratilgan 25 ta yangi qonun imzolandi, bu esa yuz berayotgan o‘zgarishlarning ko‘lami va jadalligidan dalolat. Shuningdek, amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida uzoq muddatli maqsadlar va asosiy ko‘rsatkichlarni belgilovchi Ijtimoiy himoya strategiyasi qabul qilindi. Kambag‘allikni qisqartirish va aholining eng zaif qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashning barqaror mexanizmlarini shakllantirishga qaratilgan keng ko‘lamli “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi tasdiqlanib, bu bo‘yicha keng qamrovli faoliyat boshlab yuborildi.
Islohotlarning samaradorligini aniq natijalar tasdiqlamoqda. Xususan, ijtimoiy himoya qamrovi 4,5 baravar oshdi. Mamlakatda kambag‘allik darajasi 35 foizdan 5,8 foizgacha kamaydi. Uch yil oldin kambag‘allikni 2026-yil yakuni bilan 2 karra qisqartirish bo‘yicha olgan marra 2025-yilning o‘zida uddalandi.
Bugungi kunda dunyo shiddatli o‘zgarishlar, davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy qarama-qarshilik, xavfsizlikka tahdidlar ortib borayotgan tahlikali vaziyatda ijtimoiy va demografik tusdagi muammolarga ham muntazam duch kelmoqda. Bunday sharoitda esa parlamentlar ijtimoiy siyosatni modernizatsiya qilishni taʼminlaydigan maqbul yechimlarni ishlab chiqishda muhim bo‘g‘in bo‘lishi kerak.
Qobul TURSUNOV,
Oliy Majlis Senatining Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari.
“Xalq so‘zi” gazetasining 2026-yil 28-yanvar sonidan olindi