Jamoat xavfsizligi va xavfsiz muhitni shakllantirish — ustuvor vazifa


641     29.01.2026

Kuni kecha Prezidentimiz raisligida Toshkent shahrida xavfsiz muhitni shakllantirish hamda jamoat xavfsizligini samarali ta’minlash bo‘yicha namunaviy amaliyotni yaratish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Mazkur yig‘ilishda jamoat xavfsizligi va xavfsiz muhitni shakllantirish masalalarining chuqur va tanqidiy muhokama qilingani davlat boshqaruvida ochiqlik va mas’uliyat tamoyillari izchil amalga oshirilayotganining yaqqol namunasi bo‘ldi.

Poytaxtimizda iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish jadallashayotgan bir paytda jinoyatchilikning yangi shakllari, xususan, uyushgan jinoyatchilik, narkotiklar, kiberjinoyatlar va yashirin iqtisodiyot xavflarining ortib borayotgani ochiq tan olingani hamda bu muammolarga nisbatan qat’iy choralar belgilangani alohida e’tiborga molik.

Ayniqsa, jamoat xavfsizligini ta’minlashda mahallaning asosiy bo‘g‘in sifatida belgilanishi, profilaktika ishlarini kuchaytirish, raqamli texnologiyalar va yangi boshqaruv mexanizmlarini joriy etish orqali “poytaxt namunasi”ni yaratish tashabbusi hududlarda ham samarali tatbiq etiladigan muhim islohot sifatida baholanadi.

Ichki ishlar organlari xodimlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, profilaktika inspektorlarining maqomi va nufuzini oshirish, ularning jamiyat bilan bevosita ishlash imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha belgilangan choralar esa jamoatchilik ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Biz deputatlar yig‘ilishda belgilangan vazifalar, xususan, jamoat xavfsizligi, korrupsiyaga qarshi kurash, kiberjinoyatchilik va narkotiklar tarqalishining oldini olish bo‘yicha qabul qilinadigan qarorlar ijrosi ustidan parlament nazoratini o‘rnatish, ularning hududlarda o‘z vaqtida va to‘liq bajarilishini ta’minlashda faol bo‘lishimiz kerak.

 

Azamat PARDAYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati