530 29.01.2026
Bugungi kunda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning pirovard maqsadi — inson qadrini ulug‘lash va xalqimizni hayotdan rozi qilishdir. Bu maqsadga erishishning eng muhim sharti esa kambag‘allikni qisqartirish va har bir fuqaro uchun barqaror, daromadli ish o‘rni yaratish hisoblanadi. Global iqlim o‘zgarishi, suv resurslarining kamayishi va dunyo aholisining o‘sishi esa bir masalani kun tartibiga qo‘ymoqda: oziq-ovqat xavfsizligi. O‘zbekiston sharoitida yuqoridagi mas’uliyatli vazifalar ijrosi qishloq xo‘jaligining taqdiri bilan uzviy bog‘liq.
O‘tgan yil yakunlari iqtisodiyotimizning transformatsiya jarayoni naqadar samarali ketayotganini ko‘rsatdi. Mamlakat yalpi ichki mahsuloti 7,7 foizga o‘sib, 147 milliard dollardan oshdi. Investitsiyaviy jozibadorlikning ortishi natijasida 43 milliard dollar xorijiy sarmoya jalb etildi, eksport hajmi esa 33,8 milliard dollarga yetdi. Ushbu makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning ijtimoiy hayotdagi natijasi yanada salmoqli: natijada 366 ming oila kambag‘allikdan chiqarildi, kambag‘allik darajasi 8,9 foizdan 5,8 foizga tushdi.
Prezidentimiz raisligida 23-yanvar kuni kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida 2026-yil uchun bu boradagi ustuvor vazifalar belgilab berildi. Endigi maqsad — erishilgan natijalarni ikki karra oshirishdan iborat. Ya’ni, bir million nafar aholini doimiy ish bilan ta’minlash, 181 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish va eng muhimi, kambag‘allikdan xoli mahallalar sonini 3,5 mingtaga yetkazish.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, agar biror mahallada ishsiz odam yoki kambag‘al oila saqlanib qolayotgan bo‘lsa, demak, islohotlar hali o‘sha joyga to‘liq kirib bormagan. Bu borada “mahalla yettiligi” tizimiga katta mas’uliyat yuklanmoqda. Davlat tomonidan imkoniyat, mablag‘ va dasturlar berilgan, endigi vazifa — shaxsiy javobgarlikni oshirishdir. Ayniqsa, 903 ta “og‘ir” mahallaning imkoniyatlarini ishga solish, u yerdagi 100 ming gektar tomorqa va ijara yerlaridan samarali foydalanish orqali aholi daromadini keskin oshirish mumkin.
Bir so‘z bilan aytganda, yig‘ilishda qishloq xo‘jaligi — kambag‘allikni yengishning eng tezkor drayveri ekanligi alohida ta’kidlandi. Chunki qishloq xo‘jaligi mamlakat YAIMning 30 foizini tashkil etib, 4 millionga yaqin aholini band qilgan sohadir. Yer maydonlari cheklangan, lekin aholi soni ortib borayotgan bir paytda, biz ekstensiv yo‘ldan (yerni ko‘paytirish) intensiv yo‘lga (sifatni oshirish) o‘tishimiz shart.
Haqiqatan ham, qishloq xo‘jaligining kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash, oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashdagi o‘rni muhim ahamiyatga ega. Chunki bu soha eng tez natija beradigan tarmoq hisoblanadi. Buni xalqimizning 4 millionga yaqin aholisi ushbu sohada mehnat qilayotganidan ham bilsa bo‘ladi. Agar mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanilsa, bu ko‘rsatkichni yanada oshirish mumkin. Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligida band bo‘lgan bir kishiga to‘g‘ri keladigan qo‘shilgan qiymat dunyodagi o‘rtacha darajadan 4,4 baravar yuqori bo‘lib, bu agrar sektorning samaradorligi va uning unumdorligi ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Bugun sohaning mamlakat yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 30 foizni tashkil qilmoqda. 2025-yil boshidan oziq-ovqat eksporti 37 foizga o‘sib, 3 milliard dollarga yetdi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport geografiyasi kengayib, 95 davlatni qamrab oldi. So‘nggi yetti yilda agrar sohani isloh qilishga qaratilgan 200 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar ham qabul qilingan bo‘lib, bu tarmoqda yangicha yondashuvlar asosida ish yuritish imkoniyatini yaratdi.
2026-yilda kambag‘allikni qisqartirish borasidagi ishlar yangi bosqichga ko‘tariladi. Raqamlashtirish va ilg‘or texnologiyalar, zamonaviy agrotexnologiyalar, suvni tejaydigan va biotexnologiyalar, urug‘chilik, ilm-fan va innovatsiya yutuqlarini keng joriy etish orqali sifat va hosildorlikni yanada oshirish imkoniyati mavjud. Zero, kambag‘allikni tugatish — faqat iqtisodiy ko‘rsatkich emas, balki xalqimizning kelajakka bo‘lgan ishonchi va davlatning barqarorligi garovidir.
Nigora LUTFULLAYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi a’zosi