Murojaatnomadan strategiyagacha: “Yangi O‘zbekiston kelajagi Farg‘onada muhokamada”


549     30.01.2026

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi tashabbusi va “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamkorligida Farg‘onada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis hamda O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasi hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi loyihasi yuzasidan jamoatchilik muhokamasiga bag‘ishlangan Respublika anjumani bo‘lib o‘tdi. Partiya rahbariyati hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengash deputatlari, partiya faollari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ekspertlar ishtirokida o‘tgan anjumanda  strategiyaning milliy qadriyatlar, maʼnaviy taraqqiyot, inson kapitali, iqtisodiy o‘sish va ijtimoiy adolatni taʼminlashga qaratilgan jihatlariga alohida eʼtibor qaratildi. Bildirilgan taklif va mulohazalar “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi loyihasini yana-da takomillashtirish, uni xalq manfaatlariga moslashtirishda muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi. Shuningdek, partiyaning kelgusi besh yillikdagi ustuvor vazifalari, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish va aholi bilan muloqotni yana-da faollashtirish masalalari ham muhokama markazida bo‘ldi.

Anjuman ishtirokchilari Prezident Murojaatnomasi va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi mamlakatni barqaror rivojlantirish, Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida mustahkam dasturulamal ekanini taʼkidlab, mazkur hujjatlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirdilar. Tadbir yakunlari bo‘yicha tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqilib, ularni partiya faoliyati va qonun ijodkorligi jarayonlarida inobatga olish belgilandi. Jumladan tadbirda so‘zga chiqqan partiya Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Feruza Muhammadjonova o‘tgan davr “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi uchun so‘zlar amalga, rejalar natijaga aylangan salmoqli yil bo‘lganligini taʼkidlab, haqiqatan “O‘zbekiston – 2030” yangilanishiga ehtiyoj mavjudligini raqamlarda izohladi.

Anjumanda so‘zga chiqqan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Nodir Tilavoldiyev hamda Sayyora Jumayeva strategiyada belgilangan ustuvor vazifalarning 39 tasi fraksiyaning qonunchilik tashabbuslari, parlament, qo‘mita va jamoatchilik eshituvlari orqali, 22 tasi esa fraksiya hamda mahalliy Kengash deputatlarining hamkorlikdagi nazorat-tahlil o‘rganishlari asosida amalga oshirilganini taʼkidladilar.

Tadbirda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi loyihasi yuzasidan jamoatchilik muhokamasi natijalari bo‘yicha “Taraqqiyot strategiyasi” markazi eksperti Inobat Xakimova taqdimot qildi. U “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yili hamda “O‘zbekiston–2030” strategiyasi doirasida mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini oshirishga qaratilgan tashabbuslar ustuvor vazifa sifatida belgilanganini taʼkidladi. Xususan, “Mahallada sanoat va xizmat” loyihasi orqali har bir mahallada ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va tadbirkorlikni rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish rejalashtirilgan. Ushbu tashabbus doirasida respublika bo‘ylab 10 mingdan ortiq ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish loyihalarini amalga oshirish, mahallalarda qo‘shimcha 100 mingta yangi ish o‘rni yaratish hamda aholi bandligi, ayniqsa yoshlar va xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini oshirish ko‘zda tutilmoqda. Shu bilan birga, kambag‘allikni qisqartirish maqsadida kambag‘allikdan holi mahallalar sonini 3,5 mingtaga yetkazish vazifasi belgilangan.

Shuningdek tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Sirdaryo, Jizzax va Xorazm viloyati Kengashlari partiya rahbarlari hamda mahalliy Kengash deputatlarining Murojaatnoma va 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan vazifalar bo‘yicha fikr mulohazalari tinglandi va ushbu hujjat Yangi O‘zbekiston taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqishiga ishonch bildirdilar.

 

Feruza Jalilova,
partiya Markaziy kengashi bo‘lim boshlig‘i