O‘zaro munosabatlar yangi bosqichda


914     31.01.2026

Turkiy dunyoning eng yirik ikki davlati — O‘zbekiston va Turkiya rahbarlarining uchrashuvi, shubhasiz, Yevroosiyo qit’asida tinchlik va taraqqiyotga erishish, eng asosiysi, millatlararo munosabatlarni yanada chuqurlashtirishga xizmat qilishi bilan ham muhim uchrashuv sifatida talqin etilmoqda.

Guvohi bo‘layotganimizdek, bugun ko‘p hollarda dunyo munosabatlarini ixtiloflar, qaram-qarshilik va to‘qnashuvlar izdan chiqarmoqda. Agar Ikkinchi jahon urushidan keyin davlatlarning o‘z manfaatlarini himoya qilish, maqsadlariga erishish yo‘lidagi iqtisodiy, siyosiy, shuningdek, xavfsizlik masalalari xalqaro huquqning tan olingan normalari bilan muvofiqlashtirilgan bo‘lsa, bugunga kelib ushbu mezonlar ham chetlab o‘tilyapti.

Shu ma’noda ham O‘zbekistonning dini, tili, tarixi va hayot tarzi bir-biriga yaqin bo‘lgan davlatlar — turkiy dunyo bilan o‘z aloqalarini muttasil yaxshilab borayotgani xalqaro maydonlarda ham keng e’tirof etilmoqda. Turkiy dunyo bilan iqtisodiy, siyosiy va madaniy aloqalarning rivoji esa, shubhasiz, Markaziy Osiyoning barcha davlatlari manfaatiga birdek xizmat qildi.

Ikki davlat munosabatlari haqida gap ketganda tarixiy rishtalar — qadriyatlar, til, din, madaniyat va urf-odatlar millatlarni o‘zaro bog‘lab turgani, O‘zbekiston turklarning ota yurti ekani va bu qadimiy zaminda qardoshlik munosabatlar hech qachon uzilmaganini ta’kidlash joiz.

Ma’lumki, Turkiya O‘zbekiston mustaqilligini birinchi bo‘lib tan olgan, vaqt sinovidan o‘tgan do‘stlik, hamjihatlik rishtalari tobora mustahkamlanib, ikki xalq munosabatlari uzoq muddatli strategik sheriklik darajasigacha ko‘tarildi. Buni davlatimiz rahbarining kuni kecha Turkiyaga qilgan navbatdagi tashriflari davomida qabul qilingan hujjatlar mazmunidan ham ko‘rish mumkin.

Aholisi nuqtayi nazaridan Turkiya bugun 80 milliondan ziyod, O‘zbekiston esa 40 millionga yaqin. Ya’ni, dunyo turkiylarining yarmidan ko‘prog‘i ayni shu ikki davlat hududida istiqomat qiladi. Shu jihatdan ham ushbu ikki mamlakat turkiy dunyoning ijtimoiy-iqtisodiy qarashlari, holati va hatto orzu-umidlarini ham belgilab beruvchi ikki katta kuch hisoblanadi.

Alohida ta’kidlash joiz, O‘zbekiston — Turkiya munosabatlari Yangi O‘zbekiston islohotlari davrida butunlay yangi bosqichga ko‘tarildi. Ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston, umuman, mintaqa davlatlarining uzoq va yaqin muddatdagi manfaatlarini yaxshi bilgan yetakchi sifatida ham turkiy dunyoning o‘zaro rivojiga munosib hissa qo‘shmoqda.

O‘zbekiston, shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqasining yirik bir davlati sifatida Turkiya, Ozarbayjon, Kaspiyorti mamlakatlari, turkiy davlatlar bilan o‘zaro aloqalarini yangi davrga olib chiqib, hatto Markaziy Osiyoning uzoq yillar qulflanib qolgan eshiklarini ocha oldi.

Muxtasar aytganda, bugun turkiy dunyo hamkorligi nafaqat turkiy tilli davlatlar xavfsizligini, balki bugungi geosiyosiy to‘qnashuvlar davrida Yevroosiyo qit’asining xavfsizligi ta’minlashda ham muhim ahamiyatga egadir.

 

Alisher QODIROV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
“Milliy tiklanish” DP fraksiyasi rahbari