812 04.02.2026
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an raisligida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining to‘rtinchi yig‘ilishi mamlakatimiz tashqi siyosatining muhim voqeasi bo‘ldi. Uchrashuv ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik hamda keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlab, ishonchli hamkorlik aniq amaliy natijalar bilan boyib borayotganini yaqqol namoyon etdi.
Uchrashuv doirasida so‘nggi yillarda O‘zbekiston – Turkiya munosabatlari sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgani alohida taʼkidlandi. Xususan, o‘zaro savdo hajmining 3 milliard dollardan oshgani, qo‘shma korxonalar soni 2,2 mingtadan ortiq ekani, o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi esa qariyb 10 milliard dollarni tashkil etgani qayd etildi.
Ikki davlat o‘rtasida haftasiga qariyb 100 ta aviaqatnov amalga oshirilayotgani, Turkiyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida 9 milliard dollarlik loyihalar portfeli shakllantirilgani hamkorlikning yuqori amaliy samaradorligidan dalolat beradi.
Yetakchilar tomonidan savdo hajmini 5 milliard dollarga yetkazish, shu jumladan Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim doirasida tovarlar turini kengaytirish, ustuvor iqtisodiy tarmoqlarda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish bo‘yicha erishilgan kelishuvlar ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish uchun mustahkam zamin yaratadi. Shuningdek, BMT, Islom hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish bo‘yicha kelishuvlar ikki davlatning xalqaro maydondagi yaqin hamkorligini yanada mustahkamlaydi.
Uchrashuv doirasida madaniy va gumanitar aloqalarni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi. Birgalikda teatr va kino haftaliklari, badiiy ko‘rgazmalar o‘tkazish hamda ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlar xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro yaqinlikni yanada kuchaytirib, milliy madaniyatimiz, tarixiy merosimiz va maʼnaviy qadriyatlarimizni xalqaro maydonda keng targ‘ib etishga keng imkoniyatlar ochadi.
Kengash yig‘ilishi yakunlariga ko‘ra, ikki mamlakat hukumatlari tomonidan barcha kelishuvlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirishga qaratilgan keng qamrovli “yo‘l xaritasi” qabul qilinishi belgilandi. Bu o‘z navbatida erishilgan kelishuvlarning samarali ijrosini taʼminlash, qo‘shma loyihalarni kengaytirish, investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga xizmat qiladi.
Ishonch bilan aytish mumkinki, Anqara shahrida bo‘lib o‘tgan mazkur oliy darajadagi uchrashuv O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro hurmat va ishonchga asoslangan munosabatlarni yanada mustahkamlab, ikki davlat xalqlari farovonligi va barqaror taraqqiyoti yo‘lida yangi imkoniyatlar ochadi.
Ruslan Jumamuratov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati