Alisher Navoiy hayoti va ijodiga bag'ishlangan ochiq muloqot


873     05.02.2026

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti hamkorligida buyuk mutafakkir, o‘zbek adabiyotining ulug‘ namoyandasi Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi munosabati bilan “Navoiy ijodida milliy qadriyatlar va uning yoshlar tarbiyasidagi o‘rni” mavzusida ochiq muloqot tashkil etildi.

Partiyaning Saylovoldi dasturida har bir fuqaroning o‘zbek xalqi va davlatchiligi tarixi, tili, adabiyoti hamda madaniyatiga hurmat bilan qarashni taʼminlash va ular haqida yetarli bilimga ega bo‘lishini rag‘batlantirish bo‘yicha bir qator vazifalar belgilangan. Ularning ijrosi doirasida muhim tadbirlar, saʼy-harakatlar amalga oshirilmoqda. Ochiq muloqot ham ana shunday tadbirlardan biri bo‘lib, unda adabiyotshunos olim Olimjon Davlatov hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari ishtirok etdi.

Maʼlumki, turkiy xalqlarining “shamsu-l-millat”i bo‘lgan Nizomiddin Mir Alisher Navoiy jahon adabiyoti xazinasini o‘zining hassos sheʼriyati, buyuk “Xamsa”si, ilm-fanning turli sohalariga bag‘ishlangan ilmiy merosi bilan boyitgan so‘z sanʼatkoridir. O‘zining ijodiy merosida 26 mingdan ortiq lug‘at boyligidan foydalangan Navoiy qariyb olti asrdan buyon asarlaridagi chuqur falsafiy mushohadalar, maʼno-mohiyatning keng ko‘lamligi va nazmiy merosidagi fasohat dengizining bepoyonligi bilan jahon ahlini hayratga solib kelmoqda. Dunyoda Alisher Navoiy kabi asarlari keng tarqalgan, jahonning deyarli har bir chekkasida kitoblarining nusxalari saqlanayotgan ijodkor kam topiladi.

Alisher Navoiy o‘zining faoliyati va oliyjanob insoniy fazilatlari bilan ham hayotligi vaqtidayoq juda katta obro‘ eʼtiborga sazovor bo‘lgan. Navoiy tomonidan yaratilgan asarlarda qalamga olingan milliy va umuminsoniy g‘oyalarning jahon tamaddunida tutgan o‘rni ham beqiyos. Bu g‘oyalar yosh avlodning intellektual salohiyatini oshirish, ularda yuksak axloqiy fazilatlarni shakllantirish, milliy o‘zlikni anglashda yuksak ahamiyatga ega.

Darhaqiqat, bugungi kunda “Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari”, degan bosh tamoyil asosida Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan tub islohotlar negizida yangi Uyg‘onish davri – Uchinchi Renessans poydevorini yaratishga kirishilgan bir paytda Alisher Navoiy merosini o‘rganish muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, o‘zbek xalqi adabiyoti va madaniyatini o‘rganish Navoiydan boshlanadi.

Ochiq muloqotda so‘zga chiqqan soha mutaxassislari yuqoridagi fikrlarni taʼkidlarkan, Navoiy ijodidagi milliy qadriyatlar, axloqiy-ijtimoiy meʼyorlar hamda ularning bugungi yoshlar tarbiyasidagi o‘rni, davlat siyosatida adabiyot va madaniyat sohasini qo‘llab-quvvatlashdagi ahamiyati to‘g‘risida fikr bildirdilar. Shuningdek, tadbirda oliy taʼlim muassasalaridan kelgan talabalar o‘rtasida “G‘azalxonlar bahsi” ham tashkil etildi.

Taʼkidlanganidek, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi ushbu tadbir orqali nafaqat xalqimizning adabiy va maʼnaviy merosini yuksak qadrlashni targ‘ib qiladi, balki yosh avlodni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalash va jamiyatdagi maʼnaviy-estetik muhitni rivojlantirishni ham o‘z oldiga maqsad qilgan.

 

Hamdam Niyozov