Madaniy meros obyektlari muhofazasi yanada kuchaytiriladi


491     05.02.2026

O‘zbekiston o‘z taraqqiyot yo‘lida nafaqat iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni, balki milliy o‘zlik va tarixiy xotirani asrashni ham ustuvor vazifa sifatida belgilab kelmoqda. Shu maʼnoda, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida madaniy meros sohasida davlat boshqaruvini yanada maqbullashtirishga qaratilgan qonunning qabul qilinishi muhim siyosiy-huquqiy qadam bo‘ldi.

Yangi qonun madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish tizimini tubdan takomillashtirish, masʼuliyat va vakolatlar aniqligini taʼminlash hamda davlat nazoratining samaradorligini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Avvalo madaniy meros sohasidagi vakolatlar chegarasi aniq belgilandi. Endilikda Madaniyat vazirligi va Madaniy meros agentligining vazifalari qatʼiy ajratildi. Xususan, moddiy madaniy meros obyektlari, muzey ashyolari va arxeologiya yodgorliklarini muhofaza qilish masʼuliyati Madaniy meros agentligiga yuklatildi. Bu esa sohaga yagona markazlashgan boshqaruv va masʼuliyatni taʼminlash imkonini beradi.

Qonun bilan nazorat mexanizmlari ham kuchaytirilmoqda. Madaniy meros agentligiga moddiy madaniy meros obyektlariga zarar yetkazilgan holatlar bo‘yicha maʼmuriy javobgarlik choralarini qo‘llash, shuningdek, sohaga oid qonunbuzilishlar yuzasidan davlat boji to‘lamasdan sudlarga daʼvo arizalari kiritish vakolati berildi. Bu normalar madaniy merosni muhofaza qilishda huquqiy taʼsirchanlikni sezilarli darajada oshiradi.

Yana bir muhim yangilik majburiy xatlov tizimining joriy etilishi bilan bog‘liq. Endilikda moddiy madaniy meros obyektlari holati kamida har besh yilda bir marta majburiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Bu amaliyot yodgorliklarning real holatini o‘z vaqtida aniqlash, yemirilish va buzilishlarning oldini olishga xizmat qiladi. Shuningdek, qonunda shaharsozlik va yer qaʼridan foydalanish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Tarixiy hududlarda qurilish ishlarini olib borish yoki yer qaʼridan foydalanishda Madaniy meros agentligining xulosasini olish majburiyligi belgilandi. Bu talab tarixiy muhitning buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik, madaniy meros obyektlarini zamonaviy qurilish bosimidan himoya qilishga qaratilgan.

Xulosa qilib aytganda, mazkur qonun madaniy meros obyektlarini muhofaza qilishda davlat nazoratining samaradorligini oshirish, masʼul organlar faoliyatini tizimli yo‘lga qo‘yish va tarixiy boyliklarni kelajak avlodlarga butun yetkazish yo‘lidagi muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi. Zero, madaniy meros bu faqat yodgorlik emas, balki millatning xotirasi, o‘zligini anglash va maʼnaviy barqarorlikning tayanchidir.

 

Dilnoza Azizova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati