776 06.02.2026
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tashabbusi bilan “Milliy qadriyatlar atlasi” nomli ilmiy asar nashr etildi. O‘zbek, rus va ingliz tillarida chop etilgan asar 1,5 yil davomida o‘nlab yetakchi olimlar, qariyb 30 ta ilmiy va madaniy tashkilotlar hamkorligida amalga oshirilgan yirik fundamental ilmiy tadqiqot natijasidir.
Asarning asosiy qimmati shundaki, u milliy qadriyatlarni faqat tavsiflash bilan cheklanmay, balki ularni ilmiy tahlili, tarixiy manbalar va etnografik materiallar asosida mustahkamlaydi. Bu esa O‘zbekistonda yashovchi aholi, xorijda istiqomat qilayotgan millionlab o‘zbek diasporasi, shuningdek, 15 milliondan ortiq qo‘shni mamlakatlarda yashovchi millatdoshlarimiz uchun o‘zligini saqlab qolish, assimilyatsiya jarayonlariga qarshi maʼnaviy immunitetni kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Asarda minglab o‘zbek urf-odatlari, anʼanalari va marosimlari qamrab olingan. Xususan, inson hayotining barcha bosqichlari – tug‘ilish, beshik marosimlari, bolalik, yoshlik, nikoh, to‘y-marosimlar, ijtimoiy munosabatlar, motam marosimlari va hayotning oxirgi bosqichigacha bo‘lgan qadriyatlar tizimli ravishda yoritilgan.
Qisqacha aytganda, “Milliy qadriyatlar atlasi” — bu o‘tmish, bugun va kelajakni bog‘lovchi, milliy o‘zlikni asrash va global maydonda ilmiy asosda taqdim etishga xizmat qiluvchi ulkan maʼnaviy va intellektual merosdir.
Hamdam Niyozov,
partiya Markaziy kengashi bo'lim boshlig'i