569 06.02.2026
So‘nggi yillarda O‘zbekiston xalqaro madaniyat makonida ham o‘z mavqeini izchil mustahkamlab bormoqda. Samarqandda YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi 190 mamlakatdan 3000 nafardan ortiq delegatlar ishtirokida muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Tadbir doirasida O‘zbekistonning madaniy merosni muhofaza qilish, taʼlim va kreativ iqtisodiyot bo‘yicha tashabbuslarini amaliyotga joriy etishga oid “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilib, tasdiqlandi.
Mamlakatimizning Yaponiyada bo‘lib o‘tgan EXPO-2025-Butunjahon ko‘rgazmasidagi ishtiroki yakunlari sarhisob qilindi. Buxoroda o‘tkazilgan birinchi Zamonaviy sanʼat biyennalesiga (odatda har ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan yirik badiiy ko‘rgazma yoki festival) alohida eʼtibor berildi. 70 kun davom etgan tadbir 14 ta restavratsiya qilingan madaniy meros obyektlarini qamrab oldi. Biyennalega 40 dan ortiq davlatdan 70 nafar ijodkor, 100 nafardan ortiq yuqori martabali xorijiy mehmon va qariyb 1,8 million nafar ishtirokchi tashrif buyurdi. O‘zbekistonning 2021-yildan buyon Venetsiya biyennalesidagi doimiy ishtiroki Italiyadan yurtimizga kelayotgan sayyohlar oqimini oshirishga xizmat qildi. Shuningdek, mamlakatimizda o‘tkazilgan yirik xalqaro konsert dasturlari ham turizm va xizmatlar sohasi daromadlariga ijobiy taʼsir ko‘rsatdi.
2026-yilning 30-yanvar kuni qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlar bilan madaniyat va turizm sohalaridagi aloqalarini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga ko‘ra, ayrim davlatlardagi O‘zbekiston elchixonalarida madaniyat va turizm bo‘yicha maslahatchi lavozimi joriy etildi.
Unga ko‘ra, madaniy diplomatiya sohasida, davlatlararo munosabatlarda ochiqlik va o‘zaro hurmat qilish tamoyillarini rivojlantirish va mustahkamlash, shuningdek, madaniyat va sanʼat, madaniy meros va turizm sohalarida xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida xorijiy mamlakatlarda O‘zbekistonning madaniyat va turizm sohalaridagi tashabbuslarini muvofiqlashtirish samaradorligini oshirishda Buyuk Britaniya, Shimoliy Irlandiya, Fransiya, Indoneziya, Xitoy, AQSH, BAA, Rossiya Federatsiyasi elchixonalarining shtat jadvaliga qo‘shimcha ravishda madaniyat va turizm masalalari bo‘yicha maslahatchi lavozimi kiritildi. Yangi lavozim orqali madaniyat va turizm yo‘nalishidagi loyihalarni tizimli ilgari surish ko‘zda tutilmoqda.
Turizm xalqimizning uzoq asrlar davomida yaratilgan va asrab-avaylab kelinayotgan tarixiy-madaniy merosi bilan chet elliklarni tanishtirish, mamlakatimiz, xalqimizning tarixiy taraqqiyoti, madaniyati, sanʼati, qadriyatlari haqida maʼlumotlar berish vositasi bo‘lib, jadal rivojlanayotgan iqtisodiyot drayverlaridan hisoblanadi. Chunki turizmga bugun jahon xalqlari o‘rtasida madaniy almashuvlarni kuchaytiradigan, bag‘rikenglik tamoyillarini mustahkamlaydigan qudratli vosita sifatida qaralmoqda.
Bundan tashqari, xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz bilan uzviy muloqot va hamkorlikni rivojlantirishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu vatandoshlarimiz uchun mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlardagi ishtirokini faollashtirish, qadriyatlarimiz, tarixiy-madaniy merosimizni yurtimizdan tashqarida keng yoyishda o‘zlarining tarixiy Vatani – O‘zbekistonning obro‘sini oshirishga hissa qo‘shish, vatandoshlik burchini bajarish uchun beriladigan imkoniyatdir.
Shahnoza Sultanova,
partiya Markaziy kengashi masʼul xodimi