679 06.02.2026
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yosh avlodni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, ta’lim jarayonida g‘oyaviy tarbiyani shakllantirish, ularning intellektual salohiyati, ongu tafakkuri va dunyoqarashini kengaytirish va o‘z xalqiga muhabbat hamda sadoqat fazilatlarini rivojlantirishga qaratilgan dasturi, shubhasiz, yangi yilimizning eng muhim hujjatlaridan biri bo‘ldi.
Ta’kidlash lozimki, ushbu dastur «Yangi O'zbekiston - Uchinchi Renessans sari» g‘oyasini amalga oshirishda ko‘zga tashlanayotgan bo‘shliqlarni to‘ldirishga qaratilgani bilan ham mafkurachilar e’tiborini tortmoqda.
Tan olaylik: globallashayotgan dunyoda insoniyat rivoji va yuksalishining asl tabiatiga zid qarashlar urchidi, tarbiyani keraksiz yumush sifatida talqin qilishga urinishlar avj oldi, hatto ta’lim va tarbiyani ajratib talqin qilish kimlargadir ma’qul kela boshladi.
Emishki, voyaga yetgan insonni tarbiyalash mantiqsiz yondashuv ekan. Shuning uchun ham bugun u shakllangan, unga faqat ta’lim berish mumkin, degan g‘oya ustuvorlik qilyapti. Chindan ham bugun biz to‘qson yoshli qariyaning oltmish-yetmish yoshli o‘g‘liga gap uqtirishini, xato qilib qo‘yganda hatto dakki, tanbeh berishini esdan chiqaryapmiz.
Ayrim hollarda bolajon ekanligimiz bola tarbiyasidan ustun keldi. Tarbiyachiga ham munosabatlarimiz o‘zgardi. To‘g‘ri, ba’zi bir tarbiyachilarimiz ishonchni oqlamadi, zamonaviy bilim va ko‘nikmalari yetishmasligi ularga pand berdi.
Shu ma’noda ham mazkur dastur va unga singdirilgan vazifalarga bugungi kunning eng dolzarb masalasi sifatida qarasak, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Milliy-tarixiy tajribadan kelib chiqib, ushbu dasturni uch bosqichda: maktabgacha ta’lim, umumiy o‘rta ta’lim va o‘rta maxsus, kasbiy hamda oliy ta’lim tashkilotlarida amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Belgilangan vazifalarda farzandlarimizning yoshi, psixofiziolgik holatlarigacha e’tiborga olinganini alohida ta’kidlash joiz. Hujjatning eng muhim jihatlaridan biri bu - yoshlarda «Men o‘zbekistonlikman», degan faxr tuyg‘usini shallantirishga qaratilganligidir. Darhaqiqat, yurtimizning o‘sib-o‘lg‘ayib kelayotgan yoshlarda mana shunday tuyg‘uni shaklantirish har bir ota-onaning, mahalla, ta’lim-tarbiya maskani, qolaversa, rahbar xodimlarning vazifasi, faoliyat mezoniga aylanishi kerak. Axir, ota- bobolarimiz bejizga «Bolaning begonasi bo‘lmaydi», «Bir bolaga yetti mahalla ota-ona», deb aytmagan.
Shuningdek, bolaning nafaqat ota-onasi va oilasiga, balki mahallaga, yurtga hamda xalqimiz nomiga isnod keltirishi eng og‘riqli xatolardan sanalgan. Tasavvur qiling: agar vatandoshlarimizga taalluqli biron bir noxush xabar eshitsak, qanchalar azob chekamiz? Ammo buni sezdirmaymiz, hatto bu bizga bir necha kun, hatto oylab azob beradi. O‘ylaymiz: xo‘sh, nima uchun shunday? Xatolarimizni izlaymiz. Ma’lum bo‘ldiki, hammasi o‘zimizda, tarbiyamizda.
Shu nuqtayi nazardan qaraganda, «Men o‘zbekistonlikman», degan faxr tuyg‘usi ortimizda qariyb qirq millionli xalq turganini doimo eslatib turishi kerak, bosayotgan har bir qadamimizga butun dunyoda baho beriladi, bu baho menga emas, xalqimizga, yurtimizga beriladigan baho, deb qarashga o‘rganishimiz kerak. Axir, dunyo tamaddunida buyuk tarixga, o‘z so‘zi va o‘z madaniyatiga ega bo‘lgan xalq farzandi bo‘lish, ajdodlarning shonli yo‘lini davom ettirish, unga munosib bo‘lish ham har kimga ham nasib qilmaydi. Tariximizga e’tibor qaratsak, Turon zaminida turli millat va elatlar bir xalq bo‘lib yashagan, u do‘stga do‘st bo‘lgan, dushmanga bir bo‘lib qarshi kurashgan. Turli ig‘vo, fasodlar, bo‘lib tashlashga qaratilgan urinishlar befoyda ketgan, ular chekingan, hatto taslim bo‘lgan taqdirda ham bir xalq bo‘lib, shu zamin farzandi bo‘lib birga yashashgan. Bu - bizning eng buyuk, eng ulug‘ qadriyatlarimizdandir. «Men o‘zbekistonlikman», degan faxr tuyg‘usi mana shunday qadriyat in’ikosidir.
Hukumat qarorida Milliy tarbiya modelini ishlab chiqish dasturning strategik g‘oyasi, maqsad va vazifalariga erishishning asosi ekani qayd etilgan. Albatta, dunyoda tarbiya modellari ko‘p. Masalan, Yaponiyada milliy tarbiya, Finlyandiya deymiz, ba’zan nazorat va og‘ir mas’uliyatning ijobiy natijalari haqida gap ketganda, Xitoy o‘quvchilari haqida so‘z yuritib qolamiz, Germaniya tajribasi haqida fikr yuritib, bolalarga berilgan erkinliklarni maqtab ketamiz.
Bir so‘z bilan aytganda, yondashuvlar har xil: kimdir unisini maqtaydi, kimdir bunisini qabul qilishga moyil. Xo‘sh, nima uchun, degan tabiiy savol tug‘iladi.
Biz, balki xato fikrlayotgandirmiz. Ularning hammasida o‘ziga xos milliy ruh bor. Bas, shunday ekan, o‘zimiz yapon bo‘lmasdan turib, qanday qilib yaponcha tarbiyani tanlaymiz. Yoki boshqa bir milliy tarbiyani? Masalan, «Har bir bolaga yetti mahalla ota-ona», degan tushuncha bormi, ularda, albatta, yo‘q. Lekin qo‘shnilarimiz tarbiyasiga e’tibor qaratsak, ularda umumiy maxrajga ega bo‘lgan qadriyatlarimizni istagancha topamiz.
Shu sababdan taklif etilayotgan Milliy tarbiya modeli, albatta, ko‘pchilikda qiziqish uYg‘otmoqda. Uni ishlab chiqishda dunyo tajribasiga tayanish barobarida milliy ruh masalasiga urg‘u ko‘proq berilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Shu ma’noda «Milliy tiklanish» demokratik partiyasining «Qadriyatlarga tayangan taraqqiyot» shiori dasturulamal qilib olinsa, modelning har bir satri yozilayotganda qadriyat so‘zining ma’no-mazmuni mavjudligiga e’tibor qaratilsa, ayni muddao bo‘lgan bo‘lardi. Hujjatda keltirilishicha, Milliy tarbiya modeli keng qamrovli bo‘ladi. Unda yoshlar tarbiyasining barcha qirralari qamrab olingan. Aytaylik, ajdodlar hayoti va faoliyati - milliy iftixor tuyg‘usi, urf-odat va an’analar - xalqimizning o‘ziga xosligi, Vatan uchun jonini fido qilgan, xalqimizga xizmat qilgan milliy qahramonlar - vatanparvarlik, mardlik va fidoyilik belgisi, xalqimizning azaldan mehnatsevarligi, tadbirkorligi - yoshlar kelajagi, oila qadriyatlari - oilaviy munosabatlarni mustahkamligi, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallash - raqobatbardoshlik asosi sifatida qaralishini qo‘llab- quvvatlaymiz.
Shu bilan birga, «KATTALAR - SHAXSIY NAMUNA» g‘oyasiga e’tiborni yanada kuchaytirish lozim, deb hisoblaymiz. Ular o‘zlarining hayot tarzi, munosabati va xatti-harakatlari bilan yoshlarga ijobiy ta’sir ko‘rsatishlari kerak. Bu borada ayniqsa, bog‘cha va maktablarga «Milliy murabbiy»lar jalb etilishi g‘oyasi e’tirofga loyiq. Bu tarbiya jarayonida oila, mahalla, ta’lim muassasalari va jamoat tashkilotlari o‘rtasida uzviylik va muvofiqlikni ta’minlaydi, albatta. Faqat bu yerda «Milliy murabbiy»likka loyiq topiladigan insonlarga qo‘yiladigan talablar qat’iy, yuzakilikdan xoli bo‘lishi lozim. Muxtasar aytganda, Hukumatimiz tomonidan qabul qilingan qaror o‘z vaqtida qo‘yilgan juda kuchli qadam bo‘ldi. Biz kelajak avlod tarbiyasini ijtimoiy tarmoqlarga, ko‘chadagi noma’lum kimsalarga tashlab qo‘yishimiz - kechirib bo‘lmaydigan xato bo‘lur edi.
Urol HAITOV,
Markaziy kengash mas’ul xodimi
“Milliy tiklanish” gazetasining 2026-yil 4-fevral sonidan olindi