Odamlarni rozi qilish mas'uliyatni his etishdan boshlanadi


567     06.02.2026

Taraqqiyot balandparvoz shiorlar bilan emas, odamlar hayotidagi real o‘zgarishlar bilan o‘lchanishi kerak!

Yakunlangan 2025-yili Surxondaryo viloyati Kengashi faoliyatini ana shunday mezon asosida olib borishga harakat qildik.

Yil yakuniga kelib, a’zolarimiz soni 50011 nafardan oshdi. Bu o‘tgan davrga nisbatan 1051 nafarga ko‘p bo‘ldi deganidir. Yil boshida 779 ta boshlang‘ich partiya tashkiloti ish olib borgan bo‘lsa, yil yakunigacha ular soni 42 taga ko‘paydi. Shu o‘rinda barcha a’zolarning «Partiya ARGUS» elektron tizimiga kiritilishi faoliyatimizni zamonaviy, tizimli va shaffof yo‘lga qo‘yishga imkon berganini aytishni istardim.

2025-yilgi faoliyatimiz haqida gap ketganida shahar va tuman kengashlari tomonidan 690 ta targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilib, 32 531 nafar fuqaro qamrab olinganini aytish mumkin. Birgina, partiyaning maqsad va vazifalariga oid 451 ta tadbir tashkil etilib, ularda 24 153 nafar faol fuqarolarimiz ishtirok etdi. 239 ta tadbirda esa 8378 nafar fuqaro bilan bevosita muloqot qilindi. Ochig‘i, ushbu tadbirlarni odamlarning fikri eshitiladigan, muammolari ochiq muhokama qilinadigan maydonga aylantirishga harakat qildik.

Yakunlangan yilda yoshlar masalasi ham eng ustuvor yo‘nalishlarimizdan bo‘ldi. Xususan, yoshlar ishtirokida 87 ta tadbir o‘tkazilib, ular orqali 3811 nafar yosh qamrab olindi. «Xizmat-beminnat» loyihasi doirasida tashkil etilgan bepul kasb-hunar kurslarida esa 53 nafar yigit-qiz tikuvchilik, qandolatchilik va hamshiralik yo‘nalishlarida bilim oldi.

«Uyma-uy» loyihasi orqali 189 ta xonadonga tashrif buyurilib, 198 nafar yoshlarning hayotiy muammolari hal etildi. Natijada bandlik bo‘yicha 46 ta, kredit masalasida 16 ta, kasbga yo‘naltirish bo‘yicha 48 ta, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy masalalar bo‘yicha 19 ta muammo yuzasidan amaliy choralar ko‘rildi, 56 ta masala esa deputatlar tomonidan nazoratga olindi. Xotin-qizlar masalasida ham real natijalarga erishdik, deya olamiz. Masalan, hisobot davrida 277 ta tadbir tashkil etilib, ular orqali 7498 nafar ishtirokchi qamrab olindi. Bepul kasb-hunar to‘garaklari orqali esa 111 nafar xotin-qizga yangi kasb sirlari o‘rgatildi.

Yilning muhim yangiliklardan biri bu - partiyaning viloyat Kengashi hamda Sherobod tuman Kengashi qoshida «Siyosatchi ayollar» klubining ish boshlagani bo‘ldi. Ushbu klublar ayollarning siyosiy bilimini oshirish, liderlik ko‘nikmalarini shakllantirish, jamoatchilik oldida erkin fikr bildirish madaniyatini rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Bundan tashqari, yangi «klub»imiz xotin-qizlarning siyosiy jarayonlarda faol ishtirok etishlari uchun qo‘shimcha imkoniyatlar eshigini ham ocha boshladi. O‘tgan yilda partiyaviy loyihalar ijrosiga ham jiddiy e’tibor qaratdik. «Uyma-uy» loyihasi doirasida xotin-qizlar tomonidan bildirilgan 467 ta muammo o‘rganilib, 239 tasi ijobiy hal etildi, 228 tasi esa nazoratga olindi.

Shuningdek, deputatlik yo‘nalishida 93 ta sayyor qabul o‘tkazilib, 2312 nafar fuqaro murojaati eshitildi. Shu o‘rinda bizga kelib tushgan 161 ta murojaatning 99 tasi ijobiy hal etilganini aytish mumkin. Qolgan masalalar yuzasidan esa tegishli tashkilotlarga deputatlik so‘rovlari yuborildi.

Yillik faoliyatimizning ochiqligi ommaviy axborot vositalaridagi faollikda ham yaqqol namoyon bo‘ldi, deyish mumkin. Masalan, yil davomida televideniyeda 170, radioda 26, matbuotda 303, internet saytlarda 637, ijtimoiy tarmoqlarda esa 3700 ta chiqishlar qilindi. Yakunda esa 4836 ta media chiqish orqali partiyaviy ishlarimizni jamoatchilikka yetkazishga harakat qildik.

Bir so‘z bilan aytganda, 2025-yili Surxondaryoda «Milliy tiklanish»ning o‘z mavqei yanada oshdi. Eng asosiysi, kamtaringina faoliyatimiz asosida odamlar «bizni eshitishyapti, muammomizga yechim bor» degan ishonch yanada mustahkamlandi.

 

Akmal AVLIYAKULOV,
Surxondaryo viloyati Kengashi raisi o‘rinbosari
“Milliy tiklanish” gazetasining 2026-yil 4-fevral sonidan olindi