“Milliy tiklanish” demokratik partiyasining davlat xizmatchilariga oid tashabbuslari


155     11.09.2024

   “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining 2025-2029-yillarga mo'ljallangnan Saylovoldi dasturi bilan tanishib chiqar ekansiz qator muhim tashabbuslarga ko‘zingiz tushadi. Ular orasida “Davlat xizmatchisining halollik tekshiruvi” institutini joriy etish, davlat xizmatchilari sonini maqbullashtirish” taklifi ham mavjud.

   Maʼlumki, korrupsiyaga qarshi kurashish masalasi O‘zbekistonda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sanaladi. Buni so‘nggi yillarda sohaga oid qabul qilingan konseptual ahamiyatga ega normativ-huquqiy hujjatlar, korrupsiyani oldini olishga qaratilgan maʼmuriy islohotlar misolida ham ko‘rish mumkin. 

   Shuni taʼkidlash joizki, korrupsiyaga qarshi kurashning sifat va son jihatdan mutlaqo yangi darajaga ko‘tarilishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi mahsulidir. Jumladan, davlat rahbarining jamiyatni "halollik vaksinasi bilan emlash" zaruriyati haqidagi fikrlari bu boradagi ishlarga qo‘yilgan tamal toshi desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Prezident 2020-yilning 24-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga yo‘llagan Murojaatnomasida taʼkidlaganidek, "Jamiyatimizda korrupsiya illati o‘zining turli ko‘rinishlari bilan taraqqiyotimizga g‘ov bo‘lmoqda. Bu yovuz baloning oldini olmasak, haqiqiy ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaratib bo‘lmaydi, umuman, jamiyatning birorta tarmog‘i rivojlanmaydi".

   2023-yilning 19-dekabr kuni mamlakatimiz poytaxti Toshkent shahrida Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish yuksak mukofotini topshirishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tgani ham bu illatga qarshi kurash davlatning ustuvor vazifalardan biri ekanligidan dalolat beradi.

   “O‘zbekiston-2030” strategiyasining 89-maqsadi Korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish tizimining samaradorligini oshirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish ishlarini jadal davom ettirish hisoblanadi.

   Unda “Transparency International” xalqaro tashkiloti tomonidan eʼlon qilinadigan Korrupsiyani qabul qilish indeksida kamida 50 pog‘onaga ko‘tarilishga, davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablarini buzish holatlarini 2 barobar kamaytirishga erishish maqsad qilingan.

   Shuningdek, davlat xaridlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzish orqali amalga oshirishda mablag‘larni talon-taroj qilish holatlari, tovar va xizmatlarning narxi bozor qiymatidan oshib ketishining oldini olish bo‘yicha jamoatchilik nazoratini to‘laqonli joriy qilish, 100 foiz normativ-huquqiy hujjatlarning “korrupsiyadan xoli qonunchilik” tamoyili asosida ishlab chiqilishini taʼminlash vazifalari qayd etilgan.

   “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining “Davlat xizmatchisining halollik tekshiruvi” institutini joriy etish va davlat xizmatchilari sonini maqbullashtirish taklifi davlat xizmati sohasidagi islohotlar va shaffoflikni taʼminlashga yo‘naltirilgan ko‘plab konseptual elementlarni o‘z ichiga olgan. Bu takliflarning har biri aniq maqsadlar va intilishlar bilan bog‘liq:

   Davlat xizmatchisining halollik tekshiruvi: Bu institut davlat xizmatchilarining shaxsiy va kasbiy halolligini tekshirishga yo‘naltirilgan. Tekshiruvlar orqali korrupsiyaga qarshi kurashish, davlat xizmatida axloq va professionalizmni saqlash maqsad qilinadi. Tekshiruv natijalari shaffof bo‘ladi va jamoatchilikka maʼlum qilinadi, bu esa davlat organlariga aholining ishonchini oshiradi.

   Davlat xizmatchilari sonini maqbullashtirish: davlat xizmatchilarining sonini maqbullashtirish orqali davlat apparatining samaradorligini oshirish, ehtiyojsiz yoki ortiqcha kadrlarni qisqartirish maqsad qilingan. Bunda muassasalar va idoralardagi kadrlar soni optimal darajada saqlanadi, bu esa davlat resurslarini tejash va ixtisoslashtirilgan ishlarni amalga oshirishga imkon beradi.

   Ushbu takliflarning joriy etilishi davlat xizmatini to‘g‘ri tashkil etish, korrupsiyaga qarshi kurashish, davlat organlari samaradorligini oshirish va jamoatchilikning ishonchini mustahkamlashga ko‘maklashadi. Shuningdek, bu o‘zgartirishlar davlat xizmatidagi professionalizm va axloqni yanada mustahkamlashga ham xizmat qiladi.