600 10.02.2026
Har yili yurtimizda 9-fevral Hazrat Navoiyning tavallud kuni sifatida keng nishonlanadi. Joriy yilda buyuk mutafakkirning 585 yilligi keng tantana qilinmoqda.
Maʼlumki, so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiyning adabiy merosi, ilmiy, tarixiy, maʼnaviy-maʼrifiy asarlari jahon adabiyotining nodir durdonalaridan hisoblanadi. Ulug‘ insonning bebaho merosini o‘rganish, o‘zligimizni anglash va jamiyatimizga munosib bilim, tafakkur hamda yuksak maʼnaviyatli bo‘lib yetishishda keng foydalanish har birimizning burchimizdir.
Darhaqiqat, Alisher Navoiyning turkiy til rivojidagi o‘rni beqiyos. O‘z davrining buyuk namoyondosi xalq bilan hamohang bo‘lib ijod qilgan, maʼnaviyatimizga ulkan hissa qo‘shgan, xalqimizning ongi, tafakkuri, madaniyati rivoji va ilmli bo‘lishi uchun qayg‘urgan zotdir. Ona tilimizga muhabbat, uning beqiyos boyligi va buyukligini anglash tuyg‘usi ham bizning ongu shuurimiz, yuragimizga avvalo Alisher Navoiy asarlari bilan kirib kelgan.
Navoiy hazratlari yozgan g‘azallarida, dostonlarida ota-ona, Vatanga bo‘lgan muhabbatni anglashga va inson hayotda doimo xalqning dardi bilan yashashga, bir-biriga yaxshilik qilishga chorlab, shunday deydi:
“Odami ersang demagil odami,
Onikim yo‘q xalq g‘amidin g‘ami”.
Bundan tashqari Navoiy muhtojlarga yordam, olimu fozillarga qudrati yetgancha homiylik, el-yurt farovonligi uchun xayriya ishlar qilib, o‘z davrida o‘nlab madrasalar, ko‘priklar qurdirgan. O‘sha paytda Navoiy homiylik qilmagan birorta olimu, muhtojlar qolmagan edi. Butun hayotini ilmga, el-yurt obodligiga xayrli ishlarga bag‘ishlagan. Shu jihatdan, Navoiy merosi shunday buyuk xazinaki, undan xalqimiz hali-hanuzgacha o‘rganib, foydalanib poyoniga yetolgani yo‘q.
Xususan, Navoiy asarlarida ilgari surilgan umumbashariy g‘oyalar jamiyatda inson qadrini ulug‘lashga, mamlakat taqdiri uchun munosib avlodlarning kamol topishiga, yoshlarning maʼnaviy-axloqiy fazilatlarini yuksaltirishga xizmat qilib kelmoqda. Hazrat Navoiyning umrboqiy asarlari asrlar osha dunyo xalqlari adabiyotining bebaho gultoji bo‘lib kelmoqda.
Dunyoda Alisher Navoiydek asarlari keng tarqalgan, ilmiy-tadqiq qilingan allomalar juda oz. Navoiy ijodiga hozirgi kunda ham qiziqish yuqori, uning devon va asarlari ingliz, rus, fransuz, fors, hind, turk, ozarbayjon singari ko‘plab tillarga tarjima qilinib, qayta-qayta nashr etilmoqda. Shoir tavalludining adabiyot bayrami sifatida keng tantana qilinayotgani barkamol avlod taʼlim-tarbiyasida muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz.
Nigora Lutfullayeva,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati