536 11.02.2026
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti hamda bir qator davlat va nodavlat tashkilotlari bilan hamkorlikda 11-fevral – “Ilm-fan sohasidagi xotin-qizlar xalqaro kuni” munosabati bilan “Gender tenglik madaniyatini rivojlantirish: oilaviy qadriyatlar, taʼlim siyosati va ijtimoiy ong transformatsiyasi” mavzusida VI xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Unda Oliy Majlis Senati a’zolari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, “Milliy tiklanish” DP Markaziy Kengashi va partiya deputatlik korpusi, davlat va jamoat tashkilotlari, BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA)ning vakillari hamda bir qator xalqaro tashkilotlar mutasaddilari ishtirok etdi.
Tadbirda partiya Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Feruza Muhammadjonova so‘zga chiqib, quyidagilarni taʼkidladi:
- Gender tenglik tushunchasini jamiyatda to‘g‘ri talqin qilishga alohida eʼtibor qaratish, biz bu tushunchaning mohiyatini jamiyatga to‘g‘ri yetkazishimiz dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Zero, gender tenglik bu biror jinsga ustunlik berish kerak, degani emas. Balki, aksincha bu huquqlar tengligidir. Qolaversa, ushbu tushunchaning maʼnosi hozirgi globalizatsiya sharoitida kengayib borayotgani, jinslar haqidagi turli qarashlar paydo bo‘layotgani va bu jamiyat taraqqiyoti uchun jiddiy xavf ekanligini inkor etib bo‘lmaydi. Bunday noto‘g‘ri qarashlar ayol va erkakning ijtimoiy vazifalarini o‘zgartirib yuborishga, insoniyatni yashab qolishining omili bo‘lgan oila qadriyatini inqirozga yuz tutishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Shu nuqtai nazardan, rivojlangan g‘arb davlatlari tajribasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zlashtirish oila kabi muqaddas qadriyatlarimizga mos bo‘lishiga erishishimiz zarur. Milliy qadriyatlarimizga asoslangan gender tenglik haqida ilmiy asoslangan xulosalarga tayanib ish yuritishimiz davr talabidir. Zero, aslida milliy qadriyatlarimizga muvofiq, ayol shaʼni va qadr-qimmatiga hurmat, eʼtibor cheksiz. Ota oilada masʼuliyatni o‘z zimmasiga olgan yetakchi sifatida eʼzozlanishi zarur. Bu ikki jinsni qarama-qarshi qo‘yish, asl qadriyatlarni stereotiplar, yaʼni noto‘g‘ri qarashlar bilan adashtirish holatlarini ko‘p kuzatyapmiz. Jumladan, ayni kunda jamiyatda erta turmush milliy qadriyat, degan xato tushunchalarni ko‘ryapmiz. Shu bois partiyamiz deputatlari tomonidan ayni shu mavzuda qonunchilikka taklif berildi. Va erta turmushni oldini olish, voyaga yetmaganlarni unashtirib qo‘yish kabi illatlarni bartaraf etish maqsadida qonuniy choralarni qatʼiylashtirish bo‘yicha bir qator qonunchilik tashabbuslari ilgari surildi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, bugun xotin-qizlarning ilmi va maʼrifati masalasida inqilobiy o‘zgarishlar bo‘lmoqda. Yaʼni, o‘tgan yili Oliy ta’limga kirish ko‘rsatkichida xotin-qizlarining ulushi 53,3 foizni tashkil etdi. Biroq qizlarning aksariyati 20 yoshgacha turmushga chiqishi talaba onalar o‘rtasida ajrimlar sonining ortishiga sabab bo‘lmoqda. Bu borada ham jamiyatmizdagi noto‘g‘ri qarashlarni o‘zgartirish davri kelaganini o‘z vaqtida anglash, kerak. Chunki bugun ilm-fanda xotin-qizlar sonini o‘sishiga taʼsir qilish imkoniyatiga egamiz.
Konferensiya doirasida xotin-qizlarning ilm-fan va taʼlim sohasidagi faolligini oshirish, gender tenglikni taʼlim tizimiga joriy etish, zamonaviy taʼlim siyosatini takomillashtirish va ijtimoiy ongni rivojlantirish masalalari ham atroflicha muhokama qilindi.
Feruza Jalilova,
partiya Markaziy kengashi bo‘lim boshlig‘i.