Milliy taraqqiyot davri boshlandi!


486     12.02.2026

Qariyb o‘n yil...

To‘g‘ri, bu muddat ko'hna tarix oldida soniyaning milliondan bir bo‘lagidek gap. Ammo O‘zbekiston aynan ana shu davrda O‘ZLIGIGA qaytdi. Yodingizda bo'lsa, 2017 yili - birinchi Murojaatnomada Prezidentimiz «Buyuk Imom Al-Buxoriy hazratlarining «Al-Jome’ as-Sahih» asari «Barcha ezgu amallar niyatga bog‘liq, har bir kishiga faqat niyat qilgan narsasi beriladi», degan hadis bilan boshlanishida, juda chuqur ma’no bor, degan edilar. O‘sha yili O‘zbekiston tarixida misli ko‘rilmagan mablag‘ - 21 trillion so‘m va 1 milliard dollarlik 76 mingta loyiha amalga oshirilgandi... Xalqaro ekspertlar Yangi O‘zbekistonning dastlabki yillarini jamiyatni izolyatsionizmdan qutilish yoki qo‘rquvdan xalos bo‘lish davri deb ataganlari kechagidek yodimizda.

Tahlilchilarning fikricha, O‘zbekistonda yirik muammolar sandig‘ining ochilishi 2016-yili - 45 kunda o‘z qiyofasini batamom o‘zgartirgan Jizzaxning Manasidan boshlangan. Boshqa bir tahlilchilar esa «muammolarga ommaviy bolta urishga» bag‘ri xun bo‘lgan orolning etagi - Mo‘ynoqqa suv borgan kunlarda «start» berilgan deyishadi.

Ayrim manbalarda Mo‘ynoqni ijtimoiy- iqtisodiy rivojlantirishga jami 1485176 mln. so‘m sarflangani, sahro hududiga oz emas, ko‘p emas, 4 million tupdan ortiq saksovul ekilib, suv tanqis hududlarda tabiat qayta uyg‘ona boshlagani haqida xabarlar tarqalgandi.

To‘g‘ri, o‘sha kunlarda yangilanish va o‘zgarishlarga ishonmaganlar ham bo‘ldi. Ammo mahalliy OAVlari dastlabki natijalar haqida gapira boshlagach, xalqaaro jurnalistlar ham «Yangi O‘zbekiston» hamda «Mirziyoyev davri» iboralarini tilga ola boshlashgandi.

Ming bir xavotirlar-u, hadiklar iskanjasida taqa-taq yopib tashlangan ko‘chalar, yo‘llar, ichki chegaralaru, «post»lar olib tashlanganidan keyin esa yangilanish va o‘zgarishlarning chindan ham ortga qaytmasligiga qat’iy ishonch paydo bo‘ldi. 2019-yili hatto G‘arbning nufuzli nashrlaridan biri O‘zbekistonni «Sakrashga hozirlik ko‘rayotgan yo‘lbars»ga o‘xshatgan edi...

Esimda, O‘zA Yangi O‘zbekiston islohotlarining uch yilligi munosabati bilan 9692 nafar yurtdoshimiz O‘zbekiston fuqaroligini qabul qilganini, shuningdek, 1991 va 2017-yillar oralig‘ida sudlar tomonidan bor-yo‘g‘i bir kishi oqlanganini, ammo keyingi uch yillik o‘zgarishlar, sud-huquq tizimidagi islohotlar tufayli 1705 fuqaro oqlanib, oilasi va yaqinlari bag‘riga qaytganini yozib, kecha va bugunni o‘ziga xos tarzda qiyoslagan edi.

Keyinroq esa alohida ro‘yxatlarga kiritilgan ming- minglab fuqarolar, ayniqsa, ziyoli qatlam vakillari tortmalarda noyob javohirdek saqlangan qora ro‘yxatlardan chiqarildi. Shundan keyin uzoq yillar xorijda panoh topgan fuqarolarimiz ham VATANga qayta boshladilar.

Eng muhimi, bir devor-darmiyon yashasakda, to‘rt nafar qorako‘z askar qo‘riqlayotgan chegara to‘sinidan oshib o‘tolmagan, quda-andasiyu, nevara-chevaralarini yillar mobaynida ko‘rmagan, to‘yi, hatto azasida ota-onasi, aka-ukasini bag‘riga bosib xayrlasha olmagan qarindoshlar - yaqin qo‘shnilarimiz bilan ham bordi-keldilar tiklandi. Oddiygina sim to‘rlarni olib tashlash uchun birgina YETAKCHIning siyosiy irodasi yetarli bo‘lganini o‘shanda oddiy xalq to‘lqinlanib gapirgan edi.

Hatto milliy iqtisodiyotimizni batamom tiz cho‘ktirgan konvertatsiya masalasi, o‘zbekning yuzini qora qilgan bolalar mehnati, mehnat migrantlari safini kengaytirayotgan yoshlarning og‘ir hayoti va qadrimizni yerga uradigan «propiska» haqida «gapira» boshlagan «Axborot»u «Tahlilnoma»larni ham o‘shanda ko‘radigan bo‘lib qolgandik... 2020-yilning ayni paxta mavsumi rosa qizigan kunlarda Prezidentimizning qat’iy talabi bilan maktab o‘quvchilariyu, talabalar daladan qaytarilganini hokimlaru, agrar sektor vakillari yaxshi eslaydilar. Bu o‘sha paytlarda O‘zbekistonda bolalar mehnatisiz paxta terib bo‘lmaydi, degan o‘lik qarashlar ildiziga bolta urish bilan barobar edi.

Italyan faylasufi Nikkolo Makiavellining yozishicha, boshqaruvdagi eng og‘ir yumush bu - eski tartib-qoidalar o‘rniga yangisini joriy etishdir       

O‘sha yillari Shavkat Mirziyoyevning «O‘zimiz o‘zimizga xiyonat qilmasak, o‘zimizni o‘zimiz aldamasak, halol-pok bo‘lib mehnat qilsak, men aminman, ko‘zlagan barcha marralarimizga, albatta, yetamiz», degan gaplari farovon hayotga, tinchlik va barqarorlikka undagan va xalqni o‘z ortidan ergashtira olgan samimiy da’vat bo‘lib yangragan edi...

Bugunga kelib, qariyb o‘n yil avval iqtisodiyotimiz hajmini 100 milliard dollarga yetkazish juda katta marra sifatida belgilab olingani holda mamlakat tarixida birinchi marta yalpi ichki mahsulotimiz 145 milliard dollardan oshganini oddiy hol, deb qabul qilyapmiz. 2025-yilda eksport hajmi 23 foizga oshirilib, 33,4 milliard dollarga yetgani, islohotlar uchun mustahkam moliyaviy baza bo‘ladigan oltin-valyuta zaxiralarimiz esa 60 milliard dollardan oshganini ham tabiiy o‘zgarishlardek tilga olyapmiz. Bunday munosabat, shubhasiz, Yangi O‘zbekistonda katta marralar olinayotgani, rejalar ortig‘i bilan bajarilayotganiga ko‘nikayotganimiz sharofatidandir.

Milliy iqtisodiyotimizga jalb etilgan xorijiy inves- titsiya hajmining 43,1 milliard dollarga yetgani ham Yangi O‘zbekiston iborasi oddiy ibora emasligiga, bu yurt, bu xalqning YETAKCHISI ilgari surayotgan g‘oya va tashabbuslar so‘zsiz amalga oshishiga bo‘lgan xalqaro ishonchdan dalolat beradi.

Taniqli siyosatshunos olim, Oliy Majlis Senati a’zosi Qudratilla Rafiqov «Mirziyoyev davri» o‘zgarishlarini chuqur tahlil qilib: «...tarix shunday tilsimli, ajoyibki, boshi berk ko‘chaga kirib qolgan, kishilik jamiyati johiliyat va yoki tanazzulga yuz burayotgan bir paytda uning g‘ildiragini to‘g‘ri yo‘lga solib yuboradigan kuch doim o‘rtaga chiqqan», deb yozgan edi.

Mana, qariyb o‘n yildirki, Yangi O‘zbekistonga tarix g‘ildiragini to‘g‘ri yo‘lga bura olgan fidoyi inson yetakchilik qilyapti. Uning xalqni rozi qilishga qaratilgan g‘oya va tashabbuslari tufayli o‘tgan davrda 9 millionga yaqin fuqaro kambag‘allikdan chiqarildi. Mustaqillikka erishganimizdan keyin ham og‘riqlari qolmagan - katta dard sanalgan ishsizlik esa 2 karraga qisqardi.

Bunday natijalar yurtdoshlarimizning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini, hayotga bo‘lgan qarashlarini ham o‘zgartirdi.

Ma’lumotlarga qaraganda, 2020-yili 7,5 million yoki 23 foiz aholining daromadi kambag‘allik chegarasiga ham yetmagan. 2025-yilda esa 5 million aholi daromadli bo‘lib, ishsizlik darajasi 5,5 foizdan 4,9 foizga tushdi. Qariyb 1,5 million ehtiyojmand aholi kambag‘allikdan chiqarildi, ilk bor 1 ming 435 ta mahalla «kambag‘allikdan holi hudud»ga aylandi.

Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekistonda xalqni rozi qilish, kambag‘allikni qisqartirish umummilliy harakatga aylandi. «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi yetakchisi Alisher Qodirovning ta’biricha, Yangi O‘zbekiston davlat sifatida 15, hatto 5 yil avvalgi O‘zbekiston emas.

Keyingi yillarda O‘zbekiston dunyoda o‘z o‘rnini qat’iy himoya qila boshlagan davlatga aylandi. Manfaatlarimiz ham, mamlakatimizga jahon hamjamiyati tomonidan bo‘lgan qarash ham o‘zgardi.

Quvonarlisi shundaki, bugunga kelib, O‘zbekiston bilan dunyoning eng qudratli kuchlari ham maslahatlashayapti, fikrlashayapti. O‘zbekistonning tashqi siyosati hatto Markaziy Osiyoni ham o‘zgartirdi.

Eng muhimi, mintaqadagi iqtisodiy manfaatlar bilan birga Markaziy Osiyoga dunyoning qarashi ham o‘zgardi.

O‘zbekistonning mustaqillikka erishgan davrlaridagi holatini eslasak, katta resurslar, tarixiy imkoniyatlar bo‘la turib, o‘z darajamizda rivojlanmagan davrlarda yashaganimizga ishonch hosil qilamiz. Keyingi yillarda esa boy berilgan ana shu imkoniyatlarni qaytarishga qaratilgan Yangi O‘zbekiston islohotlarining samarali natijalarini ko‘ryapmiz.

Bularning bari jahon hamjamiyatida O‘zbekiston global nuqtayi nazardan o‘z o‘rnini topganini, o‘z siyosatiga, o‘z so‘ziga, eng asosiysi, o‘z manfaatlarini katta davralarda himoya qilish salohiyati va imkoniyatiga ega bo‘lganini ko‘rsatadi.

E’tibor bering: bundan 5 yil oldin davlat budjeti daromadlari bor yo‘g‘i 150 trln so‘m atrofida edi. 2026-yilgi davlat budjetini tasdiqlaganimizda bu raqam 500 trln so‘mdan ortiq etib belgilandi. Albatta, bunday ko‘rsatkichlar yurtdoshlarimiz dunyoqarashi, fikri, siyosiy tafakkuri va ongi ham tubdan o‘zgarayotganini ko‘rsatadi.

Bugun biz partiyalar faoliyatida ham jur’atli va ochiq bir siyosatni ko‘ryapmiz.

Endigi masala O‘zbekiston yangi realliklarda, yangi davrda, yangi chaqiriqlar maydonida qanday bo‘lishi kerakligini anglashimizda qoldi.

Keyingi yillarda O‘zbekiston global masalalar muhokamasi uchun ham qulay muloqot maydoniga aylandi. Bunga 2025-yili Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley Assamblleyasi, YUNESKO Bosh konferensiyasining sessiyasi, «Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi» sammiti va Xalqaro Iqlim forumiga O‘zbekiston mezbonlik qilgani ham misol bo‘lishi mumkin.

Yana bir jihat: O‘zbekiston yetakchisining sa’y-harakatlari bilan Markaziy Osiyo mintaqasida yuzaga kelgan barqarorlik muhiti dunyo davlatlari e’tiborini ana shu hududga qaratdi.

Ayniqsa, «5+1» formatidagi muloqotlarning mazmun va mohiyatidagi o‘zgarishlar Markaziy Osiyoni muhim strategik nuqtaga aylantirdi. Dunyoda manfaatlar bozori tobora qiziyotgan, ishonchdan ko‘ra, ishonchsizlik kuchaygan bir paytda mavjud muammolar, hatto chegaraviy masalalarni o‘zaro muloqotlar asosida hal etib, o‘zi va o‘zgalarning ham barqaror rivojlanishiga yo‘l berayotgan Markaziy Osiyo mamlakatlarining hamkorligi jahon hamjamiyati e’tiboriga tushmasligi mumkin emas edi. «5+1» formati aynan ana shu jihatdan ham hamkorlik ko‘priklarini bunyod etayotgan O‘zbekistonning kirish eshik- larini katta ochib berdi.

Shu tariqa Yangi O‘zbekiston dunyoga, dunyo esa O‘zbekistonga yuz tutdi.

Investitsiyalar, milliy turizm salohiyatining yildan yilga ortishi, O‘zbekistonning xalqaro anjumanlardagi ishtiroki ham shu tariqa kengaydi.

Davlatimiz rahbarining «Biz dunyodagi uzoq yaqin mamlakatlar bilan - Sharq va G‘arb, Shimol va Janub bilan hamkorlik ko‘priklarini qurishda davom etamiz», degan gaplari esa O‘zbekiston tashqi siyosatining asl mohiyatini ochib berdi, deyish mumkin. Xo‘sh, yuqoridagidek raqam va ko‘rsatkichlar, tahlil va xulosalar nimani anglatadi? Bu, birinchi navbatda Yangi O‘zbekiston milliy tiklanish davrini muvaffaqiyatli yakunlab, milliy taraqqiyot davriga qadam qo‘yganidan dalolatdir.

To‘g‘ri, bu yo‘l oson kechmadi.

Bu yo‘lda bizning g‘oya va tashabbuslarimizni qo‘llab-quvvatlaganlar, nafaqat, Markaziy Osiyo, balki butun dunyoda O‘zbekiston o‘z o‘rniga ega bo‘lishi lozimligi haqidagi istaklarimizga qo‘shilganlar bilan birga katta karvonimizga o‘gay ko‘z bilan qaraganlar ham bo‘ldi.

Ammo qariyb o‘n yillik tajribamiz, o‘n yilda erishganlarimiz Yangi O‘zbekiston o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlaridan chekinmasligini namoyon qildiki, bu eng avvalo, o‘zimizga bo‘lgan ishonchni o‘n karraga mustahkamladi.

Tan olaylik: bugunga kelib, globallashayotgan dunyoning qahrli talablari bilimsiz, tarbiyasiz va o‘z milliy qadriyatlaridan uzoqlashgan millat va elatlarni qullik sari yetaklayapti. Ularga notinch va behalovat kunlarni tortiq qilmoqda. Bas, shunday ekan Prezidentimizning: «Biz - bugun 38 milliondan ziyod katta xalqmiz. Mashaqqatli va sharafli mehnatimiz bilan dunyoda hurmat topayotgan, ertangi kunga ishonch bilan dadil borayotgan, matonatli va g‘ururi baland millatmiz.

Biz o‘zgarishlarni kutib yashamaymiz, aksincha, ularni o‘zimiz, o‘z aql-zakovatimiz va mas’uliyatli mehnatimiz bilan yaratamiz», degan gaplaridan har birimiz o‘zimiz uchun xulosalar chiqarishimiz kerak. Qadimgi grek faylasufi Fales ham insoniyat oldidagi eng og‘ir vazifa O‘ZNI ANGLASH, degan ekan.

Ming shukurki, Yangi O‘zbekiston o‘zining qariyb o‘n yillik shiddatli o‘tish davrida ana shu vazifani muvaffaqiyat bilan uddalab, milliy taraqqiyot davriga qadam qo‘ydi. Bu esa yangi rejalar, ezgu niyat va maqsadlarni o‘zida mujassam qilgan islohotlarning butunlay yangi bosqichiga qadam qo‘yganimizni anglatadi.

 

Mirodil ABDURAHMONOV,
“Milliy tiklanish” gazetasi Bosh muharriri
“Milliy tiklanish” gazetasining 2026-yil 11-fevral sonidan olindi