683 13.02.2026
Global iqtisodiy o‘zgarishlar davrida milliy taraqqiyot modeli barqarorligi uning xalqaro savdo tizimiga qay darajada institutsional jihatdan integratsiyalashgani bilan belgilanmoqda. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkiloti (JST)ga aʼzo bo‘lish zarurati faqatgina tashqi iqtisodiy omillar bilan emas, balki davlat boshqaruvi, huquqiy tizim va bozor munosabatlarini modernizatsiya qilishga qaratilgan kompleks islohotlar paketi sifatida baholashimiz lozim.
Taʼkidlash lozim, mamlakatimizning o‘ttiz yildan ortiq davom etgan muzokaralar jarayoni 2023 yildan keyin yangi muhim bosqichga ko‘tarildi. 2025 yil yakuniga kelib, aʼzo davlatlar bilan ikki tomonlama muzokaralar deyarli yakunlandi. Milliy qonunchilikni xalqaro tuzilma qoidalariga uyg‘unlashtirish bo‘yicha o‘nlab normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Jumladan, birgina 2025 yilning o‘zida 28 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilinishi natijasida qariyb 60 ta hujjat JST bitimlariga uyg‘unlashtirildi. 2023 yildan buyon moslashtirilgan hujjatlarning soni esa 160 tadan oshdi. Bu jarayon, davlatimizning siyosiy irodasi va institutsional tayyorgarligini namoyon etuvchi muhim ko‘rsatkichlar hisoblanadi.
Maʼlumki, 1995 yilda taʼsis etilgan JST bugun 166 tadan ortiq davlatni birlashtirgan bo‘lib, tovarlar, xizmatlar va intellektual mulk savdosini tartibga soluvchi yagona global platforma hisoblanadi. Tashkilot doirasida nizolarni hal etish, savdo siyosatini monitoring qilish va shaffoflikni taʼminlash mexanizmlari ishlab chiqilgan. Jahon savdosining qariyb 99 foizi aynan JST aʼzolari hissasiga to‘g‘ri kelishi mazkur institutning global strategik ahamiyatini yaqqol ko‘rsatadi. Shu maʼnoda, JSTga aʼzolik – bu imtiyoz emas, balki qoidalarga bo‘ysungan, prognozli va ochiq iqtisodiy muhit yaratish majburiyatidir.
Boshqa davlatlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, JSTga aʼzolik eksport geografiyasini kengaytirish, investitsion jozibadorlikni oshirish va tranzit salohiyatini mustahkamlash imkonini beradi. Ayni paytda raqobat muhitiga tayyor bo‘lmagan tarmoqlarda import bosimi kuchayishi, kichik biznesning qisqarishi kabi murakkab holatlar ham kuzatilgan. Demak, JSTga aʼzolik – avtomatik ravishda o‘sishni kafolatlamaydi. U institutsional mustahkamlik, tarkibiy islohotlar va strategik rejalashtirish bilan uyg‘un bo‘lgandagina ijobiy samara beradi.
Shu jihatdan, O‘zbekistonning JSTga aʼzo bo‘lish jarayoni milliy manfaatlar va ijtimoiy barqarorlik hisobga olingan holda bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Milliy qonunchilikni xalqaro talablarga moslashtirish, bojxona va texnik qoidalarni takomillashtirish, intellektual mulk himoyasini kuchaytirish kabi choralar shular jumlasidandir. Raqobatbardoshlik darajasi yetarli bo‘lmagan sohalar uchun o‘tish davri mexanizmlarini joriy etish imkoniyati ham ko‘rib chiqilmoqda. Bu yondashuv iqtisodiyotni “shok terapiyasi” orqali emas, balki evolyutsion moslashuv orqali integratsiya qilishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, “Yangi O‘zbekiston – raqobatbardosh mahsulotlar yurti” konsepsiyasi doirasida yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ulushini oshirish, milliy brendlarni xalqaro bozorlarga olib chiqish, kichik va o‘rta biznesni moliyaviy va tashkiliy jihatdan qo‘llab-quvvatlash choralari amalga oshirilmoqda. Bu JST aʼzolik faqat import erkinlashuvini emas, balki eksportni kengaytirish imkonini ham beradi.
Umuman olganda, JSTga aʼzolik qoidalar ustuvorligiga asoslangan iqtisodiy muhit yaratish orqali aholi farovonligini oshirishga bir yo‘l hisoblanadi. Savdo jarayonlarining shaffoflashuvi, raqobat muhitining kuchayishi va investitsiyalar oqimining ortishi o‘rta muddatli istiqbolda yangi ish o‘rinlari yaratilishi va daromadlar o‘sishiga xizmat qiladi. Albatta, erkinlashuv ayrim tarmoqlar uchun sinov davrini anglatadi. Shu bois, parlament darajasida ijtimoiy himoya mexanizmlarini kuchaytirish, qayta tayyorlash dasturlarini kengaytirish va hududiy sanoat siyosatini muvozanatli yuritish ustuvor vazifa hisoblanadi.
Jahon savdo tashkilotiga aʼzo bo‘lish – bu tashqi siyosiy imidj masalasi emas, balki ichki islohotlarni institutsional jihatdan mustahkamlash vositasidir. Mazkur jarayon qanchalik tezroq yakunlansa, bu mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun yangi sahifa – ixtiyoriy qarorlardan ko‘ra aniq qoidalarga, yopiq modeldan ko‘ra ochiq va raqobatbardosh tizimga o‘tish imkoniyatini beradi. Zero, global iqtisodiyotda muvaffaqiyat faqat bozorga kirish imkoniyati emas, balki raqobatga tayyorlik darajasi bilan o‘lchanadi. O‘zbekiston esa bu yo‘lda, shubhasiz, izchil va ongli tanlov qilmoqda.
Jamila BOBANAZAROVA,
Senator