443 13.02.2026
XXI asrda axborot eng muhim strategik resurslardan biriga aylandi. Raqamli texnologiyalar davlat boshqaruvi, iqtisodiyot, bank, taʼlim, umuman, odamlarning kundalik hayotini tubdan o‘zgartirmoqda. Ammo raqamlashtirish qulayliklar bilan birga, xavf-xatarlarni ham oshiryapti. Eng avvalo, shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish bilan bog‘liq xavflarni. Bugun bu masala nafaqat huquqiy, balki ijtimoiy, iqtisodiy va hatto milliy ahamiyat kasb etmoqda.
Taʼkidlash lozim, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda elektron xizmatlar rivojida sifat jihatidan katta sakrash kuzatildi. Aholi har kuni onlayn-banking, davlat portallari, taʼlim, sog‘liqni saqlash va savdo sohalarida raqamli xizmatlardan keng foydalanyapti. Natijada shaxsiy maʼlumotlarning katta jamlanmasi – shaxsga oid maʼlumotlar: moliyaviy holat, ish joyi, salomatlik – hayotining barcha jihatlari haqidagi axborotlar shakllanmoqda.
Bir tomondan qaraganda, elektron xizmatlar sifatni oshirish va boshqaruv samaradorligini taʼminlash uchun ham keng imkoniyatlar yaratmoqda. Boshqa tomondan esa, fuqarolarni kibertahdidlar, firibgarlik va maʼlumotlardan noqonuniy foydalanish xavfiga duchor qiladi. Maʼlumotlar sizib chiqishi, bazalar buzilishi, shaxsiy axborotlarning roziliksiz tarqatilishi butun dunyoda jiddiy muammoga aylanmoqda.
To‘g‘ri, mamlakatimizda bu borada zarur huquqiy asos shakllangan. Jumladan, “Shaxsiy maʼlumotlar to‘g‘risida”gi qonunda axborotga ishlov berish tartibi, xavfsizlik, maxfiylik, fuqaro roziligining majburiyligi kabi asosiy tamoyillar belgilangan. Biroq texnologiyalarning jadal rivojlanayotgani qonunchilikni doimiy takomillashtirishni talab etmoqda. Bugun sunʼiy intellekt(SI)dan foydalanish, katta maʼlumotlarni qayta ishlash va ularni transchegaraviy uzatish, “deepfake”, yaʼni SI yordamida o‘xshash soxta tasvirlar, video va audio yozuvlarni yaratish kuchaymoqda. Bu esa ushbu yo‘nalishdagi qonunchilikni yana-da takomillashtirish, huquqbuzarlarga nisbatan javobgarlikni kuchaytirishni talab etadi.
Xususan, qonun ijodkorligi faoliyatida shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish eng ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda. Bu nafaqat normativ hujjatlarni takomillashtirish, balki axborot bilan muomala qilish madaniyatini shakllantirish bilan ham bog‘liq. Shu maʼnoda, bugun parlament quyidagi masalalarga alohida eʼtibor qaratyapti: maʼlumotlarni noqonuniy yig‘ish va tarqatish uchun javobgarlikni kuchaytirish, ularga ishlov berish ustidan samarali nazorat mexanizmlarini yaratish, raqamli muhitda fuqarolar huquqlarini himoya qilish va kiberxavfsizlik sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish. Shu bilan birga, shaxsiy maʼlumotlar bilan ishlovchi davlat organlari va tashkilotlar faoliyati ustidan parlament nazoratini kuchaytirish ham muhim vazifa hisoblanadi.
Maʼlumki, shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish faqat davlat yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlar vazifasi emas. Raqamlashtirish sharoitida bu har bir fuqaroning kundalik madaniyati va shaxsiy masʼuliyatiga aylanmog‘i lozim.
Bugun saytlardan ro‘yxatdan o‘tish, onlayn-to‘lovlarni amalga oshirish, mobil ilovalar, ijtimoiy tarmoqlar va davlat xizmatlaridan foydalanish orqali har kuni o‘zimizdan raqamli iz qoldiryapmiz. Biroq shaxsiy maʼlumotlarimiz qanchalik qimmatli ekanini, ulardan noto‘g‘ri foydalanishimiz ertaga qanday xavf-xatarlarni tug‘dirishi mumkinligini to‘la anglab yetmayapmiz.
Eng katta muammo raqamli savodxonlik yetarli darajada emasligi bilan bog‘liq. Aksariyat fuqarolar o‘z maʼlumotlarini notanish shaxslarga beradi, sodda parollardan foydalanadi, internet resurslarining haqiqiyligini tekshirmaydi, “fishing” (maʼlumotlarni o‘g‘irlash maqsadida uyushtirilgan hujum, tuzoq) yoki internet-firibgarlik qurboniga aylanadi.
Shu bois, aholining raqamli savodxonligini oshirish bo‘yicha tizimli ishlarni kuchaytirish tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu fuqarolarda raqamli muhitda xavfsiz harakat qilish ko‘nikmalarini shakllantirishni anglatadi. Ayniqsa, maktab va oliy taʼlim muassasalarida ushbu yo‘nalishda maʼrifiy dasturlar, OAV va internet orqali targ‘ibot-tashviqot ishlarini kuchaytirish muhim ahamiyatga ega. Davlat va jamiyatning birgalikdagi saʼy-harakati bilan har bir fuqaroda shaxsiy maʼlumotlarning qadrini anglaydigan va ularni himoya qiladigan madaniyat shakllanishi zarur.
Jarayonlar shuni ko‘rsatmoqdaki, shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish zarurati borgan sari oshib boraveradi. Bu raqamli iqtisodiyot, elektron hukumat, sunʼiy intellekt va katta maʼlumotlar texnologiyalarining jadal rivojlanishi bilan bog‘liq.
Zamonaviy axborot tizimlari ulkan maʼlumot hajmlarini qayta ishlash, inson xatti-harakatini prognoz qilish va uning raqamli “profil”ini shakllantirish imkoniga ega va bu inson huquqlari buzilishi xavfini ham yuzaga keltiradi. Bu jarayonda qonunchilikni xalqaro standartlar asosida takomillashtirish, axborotni himoya qilishning zamonaviy texnologiyalarini joriy etish, nazorat institutlarini kuchaytirish hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirish muhim hisoblanadi. Shuningdek, sunʼiy intellektni tartibga solishga alohida eʼtibor qaratish zarur. Algoritmlar shaffofligini taʼminlash, kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik va maʼlumotlardan foydalanish etikasi tamoyillariga rioya qilish muhim ahamiyatga ega.
Xulosa qilib aytganda, shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish bugun faqat huquqiy yoki texnik masala emas. Bu fuqarolarning davlatga bo‘lgan ishonchi, raqamli iqtisodiyot barqarorligi va insonning asosiy huquqlarini taʼminlash masalasidir. Chunki shaxsiy maʼlumotlar zamonaviy jamiyatning eng qimmat resurslaridan biriga aylanmoqda. Shuning uchun qonunchilikni takomillashtirish, parlament nazoratini kuchaytirish, masʼul tashkilotlar javobgarligini oshirish va aholining raqamli madaniyatini shakllantirish davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biriga aylanmog‘i lozim.
Baxtiyor MANIYAZOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palaatsi deputati