596 13.02.2026
XV asrning ikki buyuk mutafakkiri Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy o‘rtasidagi do‘stlik nafaqat ikki ijodkorning o‘zaro ehtiromi, balki ilm, adabiyot, axloq va insonparvarlik g‘oyalarining uyg‘unligi asosida shakllangan tarixiy hodisadir. Bu do‘stlik Sharq uyg‘onish davrining eng yorqin ma’naviy namunasi sifatida asrlar davomida yashab kelayotir. Abdurahmon Jomiy XV asr islom olamining eng nufuzli allomalaridan biri bo‘lib, u nafaqat buyuk shoir, balki mutafakkir, tasavvufshunos va ma’naviy tarbiyachi sifatida ham tanilgan.
Uning «Haft avrang», «Nafahot ul-uns», «Yusuf va Zulayxo» kabi durdona asarlari Sharq adabiyo- ti va tasavvuf falsafasining yuksak namunasidir. Jomiyning fikriga ko‘ra, soxta do‘st ilondan yomonroq, chunki ilon tanani chaqadi, soxta do‘st esa, aqldan ozdiradi; ilondan qochib qutulish mumkin, yomon do‘stdan esa, qutulish juda qiyin-eshikni yopsang, u devordan oshib tushadi; ilon kamdan-kam uyingga kiradi va undan saqlanish qiyinchilik tug‘dirmaydi, lekin soxta do‘stdan saqlanish mumkin emas. Chunki u aldam-qaldam yo‘llar bilan ishonchingni qozonib, doim oldingda bo‘ladi.
Jomiy inson kamoloti, axloqiy poklik, ilmga muhabbat va Allohga yaqinlashish g‘oyalarini o‘z ijodining markaziga qo‘ygan. U zamonasining ko‘plab yosh iste’dodlari uchun ustoz, ma’naviy rahnamo bo‘lgan. Ana shunday shogirdlari ichida eng sevimlisi Navoiy edi. U hali yoshlik chog‘laridanoq ilm-fan va adabiyotga chuqur qiziqqan, fors va turkiy tillarni mukammal egallagan zukko zot edi. Hirotda ta’lim olgan yillarida Jomiy bilan yaqindan tanishadi. Bu tanishuv qisqa fursat ichida chuqur ma’naviy do‘stlikka aylanadi. Navoiy Jomiyni faqat ustoz sifatida emas, balki hayotdagi ma’naviy yo‘lboshchisi, ruhiy tayanchi deb bilgan. U ustozining bilimdonligi, kamtarligi, pok niyati va insoniy
fazilatlariga cheksiz ehtirom bilan qaragan. Navoiy o‘z asarlarida Jomiyni «ustodi komil», «fazl ahli sultoni» deb ulug‘laydi. Jomiy va Navoiy do‘stligining asosida manfaat yoki rasmiy munosabat emas, balki ilmga muhabbat, insonparvarlik, axloqiy poklik va tasavvufiy qarashlar yotardi. Ularni birlashtirgan eng muhim omil — insonni ma’naviy kamolga yetkazish g‘oyasi bo‘ldi.
Jomiy Navoiyning iste’dodini erta anglab, uni doim rag‘batlantirgan, maslahatlar bergan, ijodiy yo‘lini qo‘llab-quvvatlagan. Navoiy esa, o‘z navbatida, ustoziga umrbod sadoqat bilan xizmat qilgan, uning asarlarini targ‘ib etgan, Jomiyga bag‘ishlab qasidalar va nasriy asarlar yozgan.
Jomiy do‘stlik haqidagi qarashlarini «Silsilat uz-zahab» asarining birinchi daftarida batafsil ifodalab bergan. Mutafakkir haqiqiy do‘stlik g‘oyalarini samimiy va beg‘araz do‘st obrazi orqali ifodalaydi. U manfaat va foydani ko‘zlab do‘st orttiradigan odamdan yomoni yo‘q, deb hisoblagan. Do‘stlar bir-biri bilan yog‘ bilan suvdek emas, balki shakar bilan sutdek uyg‘un birlashgan bo‘lishi kerak. Bu fikrga namunali misol sifatida Jomiy quyidagi masalni keltiradi: «Qurbaqa do‘stini yo‘qotadi, ayriliq qayg‘usida daryo qirg‘og‘iga borib qoladi. U yerda o‘tirib, nigohini har tomonga qaratadi va azob chekayotgan yuragidagi qayg'uni bostirishga urinadi. Bexosdan suvda ajoyib baliqqa ko'zi tushadi. U yuragidagini baliqqa so‘zlab beradi, yolg‘iz bo‘lgani uchun do‘st bo‘lishni iltimos qiladi.
- Do‘slik uchun oramizda umumiylik bo‘lishi kerak, - deydi baliq, - busiz do‘stlik haqida gapirishning ham xojati yo‘q. O‘rtamizda qanday umumiylik bor? Men suvlar tubida yashayman, sen qirg‘oqqa yaqin joylarda yashaysan. Menga indamaslik xos, sening og‘zingdan xunuk ovozlar chiqadi. Sening qiyofang - barcha tajovuzlarga qalqondir, seni ko‘rgan kishi shu ondayoq chetga qochadi. Mening ko‘rkamligim esa - barcha ko‘ngilsizlik va musibatlar asosidir; kimga mening go‘zalligim yalt etib ko‘rinsa, o‘sha ochko‘zlik bilan meni ko‘rish imkonini qidiradi, osmondagi qushlar menga bo‘lgan ehtirosidan holdan ketadi, cho‘ldagi hayvonlar menga bo‘lgan muhabbatidan aqldan ozadi; baliqchilar meni izlashda to‘r singari ming ko‘zli bo‘lib qoladilar yoki men haqimdagi orzular og‘irligidan qarmoqdek egiladi.
Shunday deb baliq suvlar tubiga kirib ketdi va baqa qirg‘oqda yolg‘iz qoladi».
Ta’kidlash joizki, Alisher Navoiyning naqshbandiya tariqatiga kirishida ham Jomiyning ta’siri kuchli bo‘lgan. Butun umri davomida Navoiy o‘zining ustozi Jomiyga sodiq qoldi. Ushbu do‘stlik, yaqinlik Jomiyning o‘limidan so‘ng yozilgan va uning xotirasiga bag‘ishlangan «Xamsat ul-mutaxayyirin» asarida ham o‘z aksini topgan. Navoiyning «Xamsa»si, g‘azallari va ilmiy- adabiy asarlarida ham Jomiyning ta’siri sezilib turadi.
Abdurahmon Jomiy vafot etganida Navoiy buni ulkan yo‘qotish sifatida qabul qiladi va uning xotirasiga bag‘ishlab samimiy asarlar yozadi. Bu holat ularning do‘stligi qanday chuqur va samimiy bo‘lganini yaqqol ko‘rsatadi.
Bu ikki buyuk ijodkor o‘rtasidagi do‘stlik faqat o‘tmishga mansub tarixiy voqea emas. Bu munosabat bugungi kun jamiyati uchun ham dolzarb bo‘lgan ma’naviy, axloqiy va ijtimoiy saboqlarni o‘zida mujassam etgan ulug‘ hayotiy namunadir. Ular o‘rtasidagi do‘stlik insonlar o‘rtasidagi munosabat qanday tamoyillar asosida qurilishi lozimligini ko‘rsatib beradi.
Aytish kerakki, bugungi zamonaviy ta’lim tizimida ustoz-shogird munosabatlarini mazmunan boyitish dolzarb masaladir. Ushbu namuna ta’lim muassasalarida o‘qituvchi va talabalar o‘rtasida o‘zaro hurmat, ishonch va hamkorlik muhitini shakllantirishda muhim ma’naviy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Jomiy fors tilida, Navoiy esa turkiy tilda ijod qilgan bo‘lishiga qaramay, ular o‘rtasida hech
qanday til yoki madaniy ziddiyat bo‘lmagan. Aksincha, har ikki mutafakkir bir-birining til va madaniy merosini yuksak baholagan. Bugungi globallashuv davrida turli millat va madaniyat vakillari o‘rtasida o‘zaro hurmat va bag‘rikenglikni mustahkamlash zarur. Jomiy va Navoiy do‘stligi turli madaniy makonlarda yashovchi insonlar uchun tinchlik, hamjihatlik va o‘zaro anglashuv namunasidir. Jomiy va Navoiy do‘stligida shaxsiy manfaat ustuvor bo‘lmagan. Ular ijod va faoliyatini jamiyat ma’naviy kamolotiga bag‘ishlagan. Navoiy davlat arbobi sifatida xalq manfaatini ko‘zlagan bo‘lsa, Jomiy ma’naviy tarbiyachi sifatida inson ruhiyatini poklashni maqsad qilgan. Bugungi jamiyatda ijtimoiy mas’uliyat, fuqarolik burchi va jamoat manfaatini anglash masalalari nihoyatda dolzarb. Bu borada Jomiy va Navoiy do‘stligi insonni nafaqat o‘zini, balki jamiyatni ham o‘ylashga undaydi. Shuningdek, bugungi yosh avlod uchun tayyor tarbiyaviy modeldir. Ushbu do‘stlik orqali yoshlar ilmga hurmat, ustozga ehtirom, do‘stga vafo, millatlararo bag‘rikenglik va ma’naviy poklik kabi fazilatlarni o‘zlashtiradi.
Xususan, maktab va oliygohlarda adabiyot, ma’naviyat va tarix darslarida ushbu do‘stlikni misol sifatida o‘rganish yoshlarni ma’naviy barkamol qilib tarbiyalashga xizmat qiladi.
Abira HUSEYNOVA,
Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Buxoro viloyati mintaqaviy vakili, falsafa fanlari doktori, pofessor