“Olima” uyushmasi bilan hamkorlik Memorandumi imzolandi


524     17.02.2026

Markaziy kengashda 11-fevral – “Ilm-fan sohasidagi ayollar va qizlar xalqaro kuni” munosabati bilan “Qonunchilikni takomillashtirishda ilmiy jamoatchilik bilan hamkorlik istiqbollari” mavzusida ochiq muloqot tashkil etildi. Siyosatdagi ayollar hamda olimalar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik munosabatlarini yanada mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan tadbirda xotin-qizlarning ilmiy faoliyatdagi ishtirokini kengaytirish, ularning huquq va imkoniyatlarini taʼminlash hamda innovatsion taraqqiyot jarayonlaridagi o‘rnini mustahkamlash bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

Maʼlumki, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi ziyolilar, jumladan, olimlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlari hamda “Qadriyatlarga tayangan taraqqiyot” shiorini qo‘llab-quvvatlovchi vatanparvar va bunyodkor xalqimiz vakillarini o‘z elektorati deb hisoblaydi. 

Partiyaning dasturiy maqsadlaridan biri ham milliy qadriyatlar, zamonaviy bilim va ilmiy tafakkur uyg‘unligiga asoslangan taraqqiyot modelini qaror toptirishdan iborat. Shu nuqtai nazardan, ilm-fan va siyosat o‘rtasida hamkorlik aloqalari o‘rnatilishi mazkur ustuvor vazifalarni amaliy jihatdan taʼminlashga xizmat qiladi. Bundan asosiy maqsad olimalarni ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga keng jalb etish, ularning intellektual va ijodiy salohiyatini O‘zbekiston taraqqiyoti, manfaatlari hamda xalqaro maydondagi obro‘-eʼtiborini oshirishga, jamiyat va davlat boshqaruvi jarayonlariga faol jalb etishdan iborat. Bu esa partiyaning jamiyatda ilmga asoslangan siyosiy qarorlar qabul qilish, jamoatchilik fikrini shakllantirishda ekspertlik yondashuvini kuchaytirishga qaratilgan strategik maqsadlariga to‘la mos keladi. Shuningdek, zamonaviy davlat va adolatli jamiyat qurishning muhim sharti hisoblanadi.

Partiya aʼzolarning soni ayni kunda 809 ming nafarni tashkil etgani holda ularning 481nafari fan doktorlari, salkam mingga yaqini fan nomzodlari hisoblanadi. Partiyadan saylangan Qonunchilik palatasi deputatlarining 11 nafari, yaʼni salkam 40 foizi ilmiy darajaga ega. Mahalliy Kengashlarda bu raqam 149 nafarni tashkil etadi.

Tadbir yakunida “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi hamda O‘zbekiston xotin-qizlar “Olima” uyushmasi o‘rtasida hamkorlik Memorandumi imzolandi. Bu muhim hujjat siyosiy partiya va fuqarolik jamiyati instituti o‘rtasida o‘zaro ishonch, ochiq muloqot va hamkorlikni mustahkamlab, mamlakatda barqaror va inklyuziv taraqqiyotni taʼminlashga xizmat qiladi.

Memorandumda olima ayollar, ilm-fan va taʼlim sohasiga oid muammolarni deputatlik so‘rovlari orqali davlat organlariga taqdim etish, “Olima” uyushmasining ekspertlik xulosalari asosida qonun loyihalariga taklif va qo‘shimchalar kiritish, xotin-qizlarning ilm-fandagi mavqeini mustahkamlashga qaratilgan parlament eshituvlari va davra suhbatlarini tashkil etish nazarda tutilgan. 

Shuningdek, olima ayollar nomzodini partiya zaxirasiga, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari, ekspert kengashlari, jamoat komissiyalariga nomzod sifatida ilgari surishga oid bir qator vazifalar belgilandi. Mamlakatimizda intellektual salohiyatni yuksaltirish, jamoatchilik fikrida ilmiy yondashuvni kuchaytirishga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishga kelishib olindi.