Nil va Amudaryo tutashganda...


512     18.02.2026

Insoniyat tamadduni beshiklaridan bo‘lgan ikki daryo oralig‘i — Movarounnahr hamda Nil vodiysi o‘rtasidagi aloqalar tamal toshini qo‘yish va mustahkamlashda nafaqat savdo karvonlari, balki ilm- fan, adabiyot ham muhim o‘rin tutgan. Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi tashabbusi bilan joriy yil 11-14-fevral kunlari Misr Arab Respublikasiga uyushtirilgan ilmiy ekspeditsiya ham ushbu azaliy do‘stlikni yuqori bosqichga olib chiqish yo‘lida navbatdagi qadam bo‘ldi.

Bugungi tarixiy aloqalar 0‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi yuritayotgan oqilona siyosat tufayli sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Ikki davlat rahbarlarining o‘zaro ishonchga asoslangan muloqoti iqtisodiy, siyosiy va madaniy- gumanitar sohalarda keng imkoniyatlar eshigini ochmoqda.

Safar davomida Misrda O‘zbekistonga qiziqish nihoyatda yuqori ekaniga guvoh bo‘ldik. Ikki davlatning tarixiy taqdiri, diniy qadriyatlari va madaniy ildizlari o‘zaro juda yaqin. Bu mustahkam poydevor ustida kelajakning ulug‘vor binolarini qurish mumkin.

Buyuk mutafakkir, turkiy dunyoning benazir siymosi Alisher Navoiy asarlarida Misr timsoli ko‘p uchraydi. Shoir uchun Misr o‘lkasi shunchaki jug‘rofiy makon emas, balki adolat, go‘zallik va ma'naviy yuksalish ramzidir. Shu o‘rinda Hazrat Navoiyning mana bu baytini eslash joiz:

Misri izzat istabon zindoni

g‘amdin qochmakim, Mohi Kan’on johig‘a bois

mazallat chohidur.

Bu yerda Navoiy Yusuf alayhissalom hayotidagi eng muhim lahzalarga ishora etish orqali butun boshli qissa hikmatini ikki satrga singdirmoqning uddasidan chiqqan.

“Misri izzat” izzat va sharaf mamlakati bo‘lmish Misrdir. Yusuf alayhissalom Misrda azizlik (vazirlik) qilgan edi. “Zindoni g‘am” — g‘am zindoni. “Mohi Kan'on” — Kan'on oyi, ya’ni Yusuf alayhissalom demak. “Mazallat chohi” esa xorlik chohi (qudug‘i) degan ma’noni anglatadi.

Donishmand shoir aytmoqchi bo‘lgan muxtasar ma’no budir: agar sen Misr kabi ulug‘ makon-manzilda izzat tojini kiymoq istasang, g‘am zindonidan, mashaqqatu uqubatlardan minba'd qochma! Zero, Kan'on oyi bo‘lmish Yusufning yuksak martabaga erishmog‘iga aynan o‘sha xorlik va azob qudug‘i (chohi) sabab bo‘lgan edi.

Tasavvufiy ma'noga ega bu bayt insonni sabr-toqatga, ezgu maqsad-maslak yo‘lidagi qiyinchiliklardan aslo qo‘rqmaslikka undaydi. Misr zaminiga sayohat asnosida bu o‘lkani ana shunday yuksalish va kamolot timsoli sifatida kashf etdik, Hazrat Navoiyning baytlari ham barhayot ekaniga yana bir karra inondik.

Ekspeditsiyaning eng muhim voqealaridan biri Qohira universitetiga tashrif bo‘ldi. Muhtasham dorilfunundagi uchrashuv arab va o‘zbek olimlarining diydorlashuvi, chinakam ilm bayramiga aylanib ketdi. Muhokamalar davomida cho‘ng bir haqiqat bot-bot ta'kidlandi: bizning tariximiz umumiy, binobarin, kelajagimiz ham mushtarak bo‘lmog‘i lozim.

Arab olimlari Markaziy Osiyodan yetishib chiqqan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Ahmad Farg‘oniy, Muhammad Xorazmiy kabi daholarning islom tamadduniga, dunyo ilm-faniga qo‘shgan hissasini yuksak qadrlaydi. Qohiradagi uchrashuvlarda Alisher Navoiy merosini teran o‘rganish orqali ikki xalq o‘rtasidagi adabiy aloqalarni yanada kuchaytirish zarurligi ham qayd etildi. Bu borada olimlar oldidagi vazifalar muhokama qilindi.

Safar asnosida Qohira universiteti va Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi o‘rtasida memorandum imzolashga kelishilganini muhim voqea deyish mumkin. Zero, ushbu hujjat talaba va tadqiqotchilarning ikki davlatda ta'lim olishini yo‘lga qo‘yish imkonini beradi. Qolaversa, arab va o‘zbek adabiyotining eng sara namunalarini ikki tilga tarjima qilish va nashr etishda ufqlar ochadi.

Qohira universiteti kutubxona fondida 15 ming nusxadan ziyod turkiy tildagi qo‘lyozmalar saqlanmoqda. Ushbu nodir qo‘lyozmalarni tizimli o‘rganish, ularning katalogini yaratish va ilmiy muomalaga kiritish borasida ham hamkorlik qilishga kelishildi. O‘zbekistonlik olimlar uchun Qohira ma'naviy xazinasi darvozasining ochilishi turkiyshunoslik va navoiyshunoslik fanida ulkan yangiliklarga zamin hozirlaydi.

Misrda Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va madaniyati xonasini, O‘zbekistonda esa Misr madaniyati xonasini ochish g‘oyasi ham har ikki tomonga ma'qul keldi.

Zamonaviy texnologiyalar asrida qo‘l- yozmalarni asl holida saqlash bilan birga raqamli formatga o'tkazish hayotiy zaruratga aylanmoqda. Bu jihatdan madaniy meros namunalarini tiklash hamda raqamlashtirishga ixtisoslashgan “Ilm” muassasasi rahbari Abdul'otiy Muhyi Ahmad ash-Sharqoviy bilan bo‘lgan muloqot samarali kechdi. Kelishuvga ko‘ra, Misrdagi Alisher Navoiy va boshqa Markaziy Osiyo mutafakkirlari qalamiga mansub qo‘lyozmalarni yuqori sifatda raqamlashtirish va ularning targ‘ibotini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qo‘shma loyihalar amalga oshiriladi. Bu nafaqat olimlar, balki keng jamoatchilikka ham nodir asarlar bilan tanishish imkonini beradi.

Misr va O‘zbekiston jug‘rofiy jihatdan olisda joylashgan bo‘lsa-da, ikki o‘lkani bog‘lovchi rishtalar mustahkamdir. Jumladan, bu ko‘hna zaminda o‘zbek xalqining iftixori bo‘lgan ajdodlarimizning o‘chmas izlari bor. Ana shunday tarixiy siymolardan biri — Qohiradagi eng qadimgi va ulug‘vor jomelardan bo‘lgan Ahmad bin Tulun masjidini barpo ettirgan vatandoshimizdir. Muarrixlarning qayd etishicha, Ahmad bin Tulun asli buxorolik bo‘lib, uning buyurtmasiga asosan muazzam masjid barpo etilgan. Qurilish va muhandislik ishlarida yana bir vatandoshimiz, buyuk alloma Ahmad Farg‘oniyning chizmalari, hisob- kitoblaridan foydalanilgan. Bu obidani ziyorat qilar ekanmiz, qalbimizda g‘urur, iftixor tuyg‘ulari jo‘sh urdi.

IX asrda Farg‘oniy tomonidan mashhur nilometr — miqyosi nil qurilmasi o‘rnatilgani ma'lum. U to‘rt yonli quduq ko‘rinishida bo‘lib, daryo bilan uchta yer osti suv yo‘li orqali tutashgan. Mutaxassislar hozirga qadar suv sathini o‘lchash bo‘yicha nilometr darajasida pishiq-puxta uskuna yasalmaganini aytadi. Ajdodlarimiz aql-zakovatining Nil sohillaridagi toshlardagi izi bo‘lmish ushbu ixtiro ikki davlat ilmiy aloqalarining yorqin timsoli, o‘zaro do‘stligining ramzi hamdir.

Hozir O‘zbekiston va Misr yetakchilari do‘stona siyosat yuritayotir. Do‘stlik aloqalarini yanada mustahkamlash, mehr-muhabbat, ma'rifat nurlari bilan to‘ldirish esa biz — olimlar, ijodkorlar va ziyolilarning burchi. Ilmiy-amaliy safarlar, olimlar, ijodkorlar o‘rtasidagi almashuvlar aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilmog‘i shubhasiz. Zotan, ajdodlarimiz qoldirgan boy merosni nafaqat o‘rganmoq, balki uni kelajak avlodlarga munosib tarzda yetkazmoq ham darkor.

 

Olimjon DAVLATOV,
Alisher Navoiy nomidagi Xalqaro jamoat fondi ijrochi direktori
“Yangi O‘zbekiston” gazetasining 2026-yil 17-fevral sonidan olindi