Yangicha yondashuv asosida ishlab chiqilgan loyihalar taqdimoti


514     18.02.2026

Prezidentimizga eng ustuvor islohotlar dasturlari hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini 2026-yilda amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturi loyihalari yuzasidan axborot berildi. Ilg‘or xorijiy tajriba asosida mutlaqo yangi yondashuv bilan ishlab chiqilgan loyihalarda aynan Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”dagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari va maqsadli ko‘rsatkichlari hamda ularni amalga oshirishning aniq mexanizmlari belgilanmoqda.

Islohotlar dasturlari va Davlat dasturining alohida jihatlariga nazar tashlasak, avvalo islohotlar dasturlari Davlatimiz rahbarining xalqimiz va Oliy Majlisga Murojaatnomasida ilgari surilgan tashabbuslar hamda 2026-yil uchun eng ustuvor islohotlarni qamrab olganligini ko‘rish mumkin. Loyihada ko‘zda tutilgan rejalarni amalga oshirish, yaʼni mahallalar infratuzilmasini takomillashtirish va ularga Yangi O‘zbekiston qiyofasini olib kirish, iqtisodiyotni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazish hamda ichki bozorda talabni rag‘batlantirish, ekologik muvozanatni taʼminlash va suvdan oqilona foydalanishni tashkil etish, davlat boshqaruvi va sud-huquq tizimini takomillashtirish, jamiyatda birdamlikni taʼminlash orqali xalqning roziligini olish va ularda kelajakka bo‘lgan ishonchlarini yanada oshishiga erishiladi.

Loyihalarni ishlab chiqishda jamoatchilik fikrini hisobga olishga alohida eʼtibor qaratilgani taʼkidlandi. Davlat dasturi keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilib, 23-yanvar – 1-fevral kunlari ommaviy axborot vositalari va internet tarmoqlarida keng targ‘ib qilindi. Internetda loyiha bilan 5 milliondan ziyod foydalanuvchi tanishib, 22 mingdan ziyod fikr-mulohaza va takliflar bildirildi. Oliygohlar hamda davlat idoralarida 50 dan ortiq muhokama tadbirlari o‘tkazilib, 10 mingga yaqin talaba, professor-o‘qituvchilar va davlat xizmatchilari ishtirok etdi.

Xorijdagi vatandoshlar bilan ham alohida muloqotlar tashkil etilib, qator qo‘shimcha tashabbuslar bildirildi. Tahlillar natijasida konstruktiv deb topilgan 1000 ga yaqin taklif saralanib, Davlat dasturi loyihasiga kiritildi. Jumladan, ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik uchun jazoni kuchaytirish, pedofiliya uchun umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosini joriy etish, ipoteka va elektromobil xaridi uchun kredit mexanizmlarini takomillashtirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ulushini 30 foizga yetkazish, korrupsiyaga qarshi kurashishni yangi bosqichga olib chiqish kabi tashabbuslar qo‘llab-quvvatlandi. Bunday samarali va ortga qaytmas islohotlarni amalga oshirish yuzasidan bir qator vazifalar aniq belgilab berildi.

Davlat dasturi ijrosi bo‘yicha Adliya vazirligi va Hisob palatasi doimiy monitoring olib boradi. Vazirlar Mahkamasi har chorakda ijroni muhokama qiladi, har yarim yilda esa Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga hisobot hamda har oy Prezidentga axborot kiritib boriladi.

Davlatimiz rahbari taqdimot qilingan loyihalar bilan batafsil tanishdilar, tegishli farmonni imzolab, islohotlar dasturlari hamda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” davlat dasturini tasdiqladilar. Barcha islohot va chora-tadbirlar, avvalo, odamlar hayotida aniq natija berishi – yangi ish o‘rinlari ko‘payishi, daromadlar o‘sishi va aholi roziligida o‘z aksini topishi zarurligi qayd etildi.

 

Vasila FAYZIYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati