O‘zaro ochiqlik va umumiy manfaatlarga asoslangan yangicha siyosiy tafakkur


696     19.02.2026

Ekspertlar O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning AQSH Prezidenti Donald Trampning taklifiga binoan 17-19 fevral kunlari Tinchlik kengashining dastlabki yig‘ilishida ishtirok etishini mamlakatimizning global tinchlik yo‘lida tashlangan yana bir muhim qadami sifatida baholayotgani bejiz emas. Zero, Kengashning AQSH Tinchlik institutida bo‘lib o‘tadigan ilk sammiti G‘azo sektorini tiklash, unga gumanitar yordam ko‘rsatish, ushbu mintaqada tinchlik va barqarorlikni taʼminlash masalalariga bag‘ishlanadi va alohida taʼkidlash lozimki, O‘zbekiston bu borada o‘zining amaliy harakatlarini allaqachon boshlagan.

Jumladan, 2023-yil oktyabrda G‘azo sektori aholisiga yordam ko‘rsatish uchun mablag‘ ajratish haqida qaror qabul qilingandi. 2024-yil dekabrida esa urush hududlarida aziyat chekkan 100 nafar falastinlik bolalar va ayollar yurtimizga olib kelinib, ular davlat tomonidan to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan va sog‘lomlashtirish sihatgohlariga joylashtirilgan edi.

Umuman olganda, so‘nggi yillarda dunyoda yuz berayotgan geosiyosiy o‘zgarishlar, yakuni qanday tugashini taxmin qilib bo‘lmaydigan voqea-hodisalar, iqtisodiy qarama-qarshilik va hatto suverenitetga tahdidlar har bir davlatdan xalqaro munosabatlarni real vaziyatlardan kelib chiqib belgilashni taqozo etmoqda. Yaʼni biror ishni boshlashdan oldin yetti o‘lchab bir kesish, chuqur o‘ylash, oqibatlarini tahlil qilish, so‘ng yakuniy qarorga kelish lozim. Chunki bugungi gap ertaga to‘g‘ri kelmaydigan zamonda yashayapmiz.

Ana shunday tahlikali pallada ochiq, pragmatik, teng huquqli va konstruktiv, o‘zaro ishonchga asoslangan, puxta o‘ylangan va tashabbuskor tashqi siyosati, shubhasiz, mamlakatimizni global tinchlik, diplomatiya markazlaridan biriga aylantirmoqda. Buning isbotini yurtimiz birgina o‘tgan yilning o‘zida Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley Assambleyasiga, so‘nggi 40 yilda YUNESKOning Parijdagi bosh qarorgohidan tashqarida — Samarqandda o‘tkazilgan Bosh konferensiya sessiyasiga, “Markaziy Osiyo + Yevropa Ittifoqi” sammiti, Xalqaro iqlim forumi, Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuviga mezbonlik qilganida ham ko‘rish mumkin.

Haqiqatan, o‘tgan yil O‘zbekiston uchun tashqi siyosatda har jihatdan natijador bo‘ldi. Prezidentimizning 26 davlatga oliy darajadagi, qator davlatlar rahbarlarining esa O‘zbekistonga tashrifi amalga oshirildi. So‘nggi yillarda 11 davlat bilan strategik sheriklik munosabatlari o‘rnatilgani va ularning umumiy soni 19 taga yetganini ham alohida qayd etish lozim. Qozog‘iston, Ozarbayjon va Tojikiston bilan esa ittifoqchilik munosabatlari yo‘lga qo‘yildi. Umuman, 2017-yildan buyon xorijiy davlatlarda 16 ta yangi diplomatik va konsullik vakolatxonasi ochildi hamda ularning soni 60 taga, diplomatik aloqa o‘rnatilgan davlatlarniki esa 165 taga yetdi.

Bugun Toshkentda 60 dan ortiq davlatning elchixonasi, konsulligi hamda faxriy konsullari faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, 26 ta xalqaro tashkilot vakolatxonalari ochilgan. O‘zbekiston 100 dan ortiq nufuzli tashkilotlarning teng huquqli aʼzosidir.

Teng sheriklik va do‘stona munosabatlar asosiga qurilgan tashqi hamkorlik yurtimiz rivoji, xalqimiz farovonligi oshishiga ham xizmat qilyapti. Masalan, o‘tgan yili tariximizda ilk bor mamlakatimiz tashqi savdo aylanmasi 80 milliard, eksport qiymati esa 33,5 milliard dollarni tashkil etdi. Xorijiy investisiya miqdori 43,1 milliard dollarlik ko‘rsatkichga yetdi.

Tariximizda birinchi marta O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 145 milliard dollardan oshdi. Islohotlar uchun mustahkam moliyaviy baza bo‘lgan oltin-valyuta zaxiralarimiz 60 milliard dollardan oshdi. 5 million yurtdoshimiz daromadli bo‘lib, ishsizlik darajasi 5,5 foizdan 4,9 foizga, kambag‘allik darajasi esa 8,9 foizdan 5,8 foizga tushdi. Bu 1,5 million ehtiyojmand fuqaro kambag‘allikdan chiqdi, 1435 ta mahalla kambag‘allikdan xoli hududga aylandi, deganidir. Eng asosiysi, islohotlar samarasini har bir mahalla, xonadon va har bir inson kundalik hayotida his qilmoqda. Chunki biz islohotlarni aniq amaliy natijaga aylantirishni o‘rgandik.

Yana bir muhim ko‘rsatkich: 2025-yilda vizasiz tartib joriy etilgan davlatlar soni 94 taga yetdi. Bu yurtimizga kelayotgan xorijlik sayyohlar sonining 11,5 milliondan oshishini, turistik xizmatlar eksporti qiymati esa 4,8 milliard dollarga yetishini taʼminladi. Ayniqsa, Markaziy Osiyo davlatlarining umumiy sayyohlik oqimida ichki mintaqaviy turizmning ulushi 80 foizdan oshdi. Albatta, mazkur natijalarning barchasi xalqaro hamkorlik mazmun jihatidan yangi bosqichga chiqqani bilan bevosita bog‘liq.

O‘zbekistonning tashqi dunyoda vazmin va oqilona, uzoqni ko‘zlab yuritayotgan siyosati Markaziy Osiyoda taraqqiyotning yangi, tarixiy ahamiyatga molik bosqichini boshlab berdi. O‘tmishi va qadriyatlari, tili, dini, madaniyati va urfodatlari o‘xshash bo‘lgan qo‘shni, qardosh davlatlar o‘rtasida bugun tom maʼnoda chinakam birdamlik muhiti qaror topdi. Dunyoga o‘rnak bo‘larli darajada o‘zaro ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va hurmat muhiti shakllandi.

Qayta tiklangan tarixiy rishtalarni xalqaro hamjamiyat ham alohida mamnuniyat bilan eʼtirof etmoqda va bu bejiz emas. Yaqin tariximizda shunday davrlar ham bo‘ldi: qardosh davlatlar o‘rtasida iqtisodiy hamkorlik nafaqat boshi berk ko‘chaga kirdi, balki chegara, suv resurslari bilan bog‘liq qurolli to‘qnashuvlar yuz berishi xavfi paydo bo‘ldi.

Prezidentimizning tashabbusi bilan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvi yo‘lga qo‘yildi va 2017-yil mintaqaviy hamkorlik tarixida tub burilish yili bo‘ldi. Mintaqadagi davlat rahbarlari uzoq yillar mobaynida birinchi marta tashqi vositachilarsiz doimiy muloqotga kirishdi va bugun bu tuzilma o‘zaro ishonch, ochiqlik va umumiy manfaatlarga asoslangan yangicha siyosiy tafakkur ramziga aylandi.

Aynan Maslahat uchrashuvlari tufayli eski davrdan qolgan ko‘plab kelishmovchiliklar bartaraf etildi. Ishonchsizlikdan haqiqiy hamkorlik yo‘liga o‘tildi. Xususan, chegara bilan bog‘liq masalalar uzil-kesil hal etildi. Bir paytlar qardosh xalqlarni ajratib turgan to‘siqlar do‘stlik va hamkorlik ko‘prigiga aylandi. O‘tgan yili mart oyida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasida uch davlatning chegaralari tutashgan nuqta to‘g‘risidagi shartnoma va Xo‘jand deklaratsiyasi imzolangani haqli ravishda olamshumul voqea bo‘ldi.

O‘zaro hamkorlik mintaqada iqtisodiy aloqalar rivojini yangi bosqichga ko‘tardi. So‘nggi sakkiz yilda Markaziy Osiyo davlatlarining YAIM qariyb 2,5 barobar o‘sib, 520 milliard dollarga, tashqi savdo esa 2 karradan ziyod ko‘payib, 253 milliard dollardan oshdi. Savdo hajmi qariyb 11 milliard dollarga, investitsiyalar miqdori esa 5,6 barobarga yetdi.

Ushbu ko‘rsatkichlarni mamlakatimiz miqyosida olsak, O‘zbekistonning qo‘shnilar bilan tovar ayirboshlash hajmi 2016 yildagi 2,4 milliarddan 2024-yilda 7,2 milliard dollarga yetdi.

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Toshkentda o‘tgan yettinchi Maslahat uchrashuvida davlatimiz rahbari taklifi bilan tuzilmaga Ozarbayjonning qo‘shilishi qardosh xalqlarimiz uchun haqiqatan tarixiy kun bo‘ldi. Qayd etilganidek, bu harakat Maslahat uchrashuvlariga kuch, shiddat berish barobarida hamjihatlikda qarorlar ishlab chiqishda ham yangi ufqlarni ochadi.

2022-yilda Markaziy Osiyo davlatlarining ko‘p tomonlama hamkorlik konsepsiyasi tasdiqlandi. Uning doirasida “Markaziy Osiyo plyus” muloqoti yo‘nalishlari belgilandi va bu institut mintaqaning xalqaro huquqiy subyekt sifatidagi mavqeini yanada kuchaytirdi. Ilgari tashqi hamkorlik ikki tomonlama yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, bugun yetakchi davlatlar Markaziy Osiyo bilan munosabatlarni yaxlit mintaqaviy sherik, yagona subyekt sifatida rivojlantirmoqda.

Qisqa muddatda ushbu formatda oliy darajadagi o‘ndan ortiq uchrashuv o‘tkazildi. 2025 yilning o‘zida bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo + Yevropa Ittifoqi”, “Markaziy Osiyo + Xitoy”, “Markaziy Osiyo + Rossiya”, “Markaziy Osiyo + AQSH” va “Markaziy Osiyo + Yaponiya” sammitlari mintaqa strategiyasi global darajada oshib borayotganini tasdiqlaydi.

O‘zbekistonning Turkiy davlatlar tashkilotidagi o‘rni ham alohida ahamiyatga ega. Mamlakatimizning 2019-yil sentyabrdan mazkur tashkilotga to‘laqonli aʼzo bo‘lgani tuzilmadagi bo‘shliqni to‘ldirdi. Tashkilot nufuzi va aʼzolar o‘rtasidagi integratsiya jarayoni kuchayishiga sabab bo‘ldi. Rasmiy Toshkent tashkilotni modernizatsiya qilishda asosiy kuchga aylandi. Chunki O‘zbekistonning ishtirokisiz tashkilot to‘laqonli faoliyat yuritishi mumkin emas.

Tashkilotning Samarqandda o‘tgan sammitida Prezidentimiz ilgari surgan qator tashabbuslar qog‘ozga ko‘chdi. “Samarqand deklaratsiyasi”, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan TDT strategiyasi, “Turkiy dunyo nigohi — 2040” konsepsiyasi, Turkiy investitsiya jamg‘armasining tashkil etilishi shular jumlasidan.

Prezidentimiz shu yil 15-yanvar kuni Tashqi ishlar vazirligi hamda xorijdagi diplomatik vakolatxonalar vakillari bilan uchrashuvda mamlakatimizning Tashqi siyosat faoliyati konsepsiyasini yangilash zarurligini taʼkidladi. Unda ustuvor yo‘nalishlar qayta ko‘rib chiqilishi, milliy manfaatlar himoyasi hamda xalqaro maydonda mamlakatimizning o‘rnini yanada mustahkamlashga qaratilgan aniq vazifalarni belgilash muhimligini qayd etdi.

Umuman, yangi O‘zbekistonning o‘zaro ishonchga asoslangan konstruktiv va faol tashqi siyosati haqida uzoq gapirish mumkin. Zero, tobora globallashayotgan dunyoda bugun hech bir mamlakat tashqi hamkorlarsiz mustaqil rivojlana olmaydi.

 

Zuhra MIRG‘OZIYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
“Yangi O‘zbekiston” gazetasining 2026-yil 19-fevral sonidan olindi