Erkin millat poydevori


610     19.02.2026

Markaziy kengashda taniqli siyosatshunos, fikr yetakchisi Kamoliddin Rabbimovning “Erkin millat poydevori” kitobi taqdimotiga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi. O‘quv, tadqiqot va tahlil markazi tomonidan o‘tkazilgan tadbirda partiya vakillari, bo‘lajak siyosatchi yoshlar, talabalar ishtirok etdi.

Mamlakatimizning eng yangi siyosiy tarixidan hikoya qiluvchi ushbu kitob uch tilda – o‘zbek, ingliz va rus tilida chop etilgan bo‘lib, unda davlatchilik va jamiyat tafakkuri, mamlakatimizning rivojlanish yo‘llari, islohotlarning muhim burilish nuqtalarida shaxslarning roli va boshqaruv mexanizmlarining millionlab insonlar hayotiga taʼsiri tahlil qilingan. Muallif yaqin o‘tmishga tanqidiy nazar tashlarkan, davlat boshqaruvi, xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash, jamiyatni demokratlashtirish va erkinlik o‘rtasidagi muvozanat hamda mamlakatimizning xalqaro maydondagi o‘rni kabi mavzular bo‘yicha mulohaza yuritgan. O‘zbekistonning ijtimoiy tafakkuri, voqeyligida to‘laqonli yoki qisman bo‘lsada konseptual javob berilmagan savollar ko‘p edi va ushbu kitob orqali ularning ayrimlariga javob qaytarilgan.

Muallifning taʼkidlashicha, so‘nggi 35 yil ichida yuz bergan voqea-hodisalar “bo‘lib o‘tdi” deya shunchaki unutilmasligi kerak. Aksincha, ularni imkon qadar hujjatlashtirib, tahlil qilib borish, xatolardan xulosalar chiqarib, ularning qayta takrorlanishiga yo‘l qo‘yilmaslik lozim va buning uchun nima qilish kerak? Kitobda ana shunday savollarga javob berilgan.

K.Rabbimov kitob muqovasiga nima uchun Prezidentning surati qo‘yilgan degan savolga javob berarkan, kitobda shaxsiyatlar haqida ham gap ketishini, yaʼni O‘zbekistondagi muhim o‘zgarishlar Shavkat Mirziyoyev shaxsiyati bilan bog‘liqligini taʼkidladi.  

Mintaqamizda, yon-atrofda bo‘lgan, bo‘layotgan voqealarni tahlil qiladigan bo‘lsak, ortga qaytmas islohotlar boshlangan o‘tgan to‘qqiz yilda O‘zbekistonga geosiyosiy nuqtai nazaridan hech bir davlat yashirincha yoki oshkora dushman sifatida qarayotgani yo‘q. Aksincha, O‘zbekiston bugungi notinch dunyoda shunchalik muvozanat saqlay olyaptiki, barcha davlatlar bilan teng huquqli, do‘stona munosabat o‘rnata olgan sanoqli davlatlardan biriga aylandi va bu, shubhasiz, ikkinchi maʼmuriyatning siyosiy irodasi bilan bog‘liq.  

Xo‘sh, birinchi kitob taqdimoti uchun nega “Milliy tiklanish” tanlandi?

K.Rabbimov: so‘nggi Prezident saylovida “Milliy tiklanish” ham Shavkat Mirziyoyev nomzodini qo‘llab-quvvatlagan partiya hisoblanadi. Lekin bu to‘g‘ridan to‘g‘ri hokimiyat partiyasi degani emas. Yaʼni, partiya hokimiyatni qo‘llab-quvvatlash borasida O‘zLiDeP bilan siyosiy alyansga, ittifoqqa birlashdi. Chunki Prezidentning siyosiy merosi va unga bo‘lgan masʼuliyat ayni paytda “Milliy tiklanish” partiyasida ham bor va buni chuqurroq anglash kerak, xolos.