Mahalliy kengashlar: boshqaruvda ularning roli oshirilmoqda


712     20.02.2026

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining kecha bo‘lib o‘tgan majlisida “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqdik.

Ma’lumki, keyingi yillarda jamiyat va davlat hayotining muhim masalalarini hal etishda mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining rolini oshirish, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarning hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha vakolatlarini kengaytirishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirildi.

Mazkur qonun loyihasi vakillik organlari faoliyatini yanada samarali tashkil etish hamda vakillik nazoratining yangi shakllarini joriy etishga qaratilgani bilan ham nihoyatda muhimdir.

Loyihaga ko‘ra, mahalliy Kengash raisi o‘rinbosari institutini joriy etish, u ayni vaqtda Kengash kotibiyati mudiri vazifasini bajarishi, shuningdek, unga Kengash kotibiyati xodimini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod qilish vakolatlarini berish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, loyihada mahalliy Kengashlar sessiyalari kun tartibi loyihasini shakllantirish, doimiy komissiyalar faoliyatini muvofiqlashtirish va boshqa tashkiliy ishlarni amalga oshiradigan Kengash Rayosati institutini joriy etish va uning ish tartibini belgilash ko‘zda tutilmoqda.

Bundan tashqari, Kengashlarda ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining ayrim muhim ijtimoiy masalalar yuzasidan axborotlarini eshitish maqsadida «Kengash soati» institutini ham joriy etish taklif etilyapti.

Ta’kidlash lozim, qonun loyihasida nazarda tutilayotgan ushbu normalar xalq deputatlari Kengashlari faoliyatini samarali tashkil etish hamda joylarda Kengashlarning nazorat funksiyalarini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.

 

Azamat PARDAYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
“Milliy tiklanish” gazetasining 2026-yil 18-fevral sonidan olindi