575 20.02.2026
АQShda boʼlib o‘tgan, global ahamiyati nihoyatda katta bo‘lgan Tinchlik kengashida davlatimiz rahbarining taʼsischi davlatlar qatorida ishtirok etganida chuqur maʼno bor. Ushbu Kengash АQSh tomonidan taklif etilgan hamda BMT Xavfsizlik Kengashining 2024-yil 10-iyundagi 2735-sonli rezolyutsiyasi asosida tashkil etilgan yangi platforma hisoblanadi.
Yaqin Sharqdagi qurolli majaroni butunlay tugatish, G‘azo sektoriga insonparvarlik yordamini koʼrsatish va G‘azoni qayta tiklash ushbu Kengashning asosiy maqsadi etib belgilangan. Ularga erishish uchun xalqaro hamjamiyatning harakatlarini birlashtirish orqali aniq natijalarga erishish O‘zbekistonning tinchlikparvar siyosatiga to‘la mos keladi.
Rasmiy Toshkent Yaqin Sharqdagi mоjaro bo‘yicha o‘z pozitsiyasini bildirish bilan cheklanib qolmasdan, balki G‘azodan 100 dan ortiq qariyalar, ayollar va bolalarni reabilitatsiya qilish uchun o‘z mamlakatiga olib kelib amaliy ishlarni bajarayotgan kam sonli davlatlar qatoriga kiradi.
Shu o‘rinda aytib o‘tish kerak, BMTga 200 ga yaqin davlatlar aʼzo bo‘lsada, АQSh Prezidenti Tinchlik kengashiga qo‘shilish bo‘yicha 60 dan ortiq mamlakatlarni taklif etish bilan bilan cheklandi.
Xalqaro ekspertlarning fikriga ko‘ra, bu yerda asosiy mezon faqatgina davlatlarning iqtisodiy qudrati emas, balki ularning xalqaro maydonda tinchlikka erishish va davlatlararo hamkorlikni kuchaytirish uchun olib borayotgan saʼy-harakatlari, bu boradagi ishlarning amaliy natijalari va mintaqaviy taʼsir kuchini inobatga olgan. АQSh Prezidentining O‘zbekistonga ushbu Kengash taʼsischilar qatoridan joy olishni taklif qilishi Toshkentning xalqaro tinchlik va barqarorlik jarayonlarida muhim o‘rin tutishini hamda АQShning O‘zbekistonga bo‘lgan yuksak ishonchini anglatadi.
Xo‘sh, O‘zbekistonning Tinchlik kengashiga oddiy ishtirokchi yoki kuzatuvchi emas, balki taʼsischi maqomida kirishning ahamiyati nimada, uning biz uchun qanday ijobiy tomonlari bor? Eng avvalo, Kengashga aʼzolik — O‘zbekistonning global maydondagi “masʼuliyatli va ishonchli hamkor” maqomini mustahkamlaydi. Shuningdek, O‘zbekiston G‘azo sektorini qayta tiklash va u yerda tinch hayotni tiklash bo‘yicha qaror qabul qiluvchi davlatlar qatoriga kirdi. Bu esa O‘zbekistonning tinchlikparvar tashabbuslarini global darajada ilgari surish imkonini beradi.
Yana bir masala, O‘zbekiston va АQSh munosabatlarini yangi darajaga olib chiqadi. Tramp maʼmuriyati bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot kanalining yaratilishi iqtisodiy, investitsiya, savdo va boshqa sohalarda ham yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Eng muhimi, O‘zbekistonning АQSh boshchiligidagi yangi tuzilmaga kirishi uning mustaqil va muvozanatli tashqi siyosat yuritayotganini isbotlaydi.
Umuman aytganda, O‘zbekiston uchun bu Kengash — nafaqat Yaqin Sharqdagi tinchlik jarayonida ishtirok etish, balki oʼz milliy manfaatlarini global darajada himoya qilish va xalqaro siyosatning “asosiy oʼyinchilari” davrasidagi pozitsiyasini mustahkamlashga yordam beradi.
Nodir TILАVOLDIEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari.