509 24.02.2026
Mamlakatimiz yetakchisining AQSH Prezidenti Donald Trampning taklifiga binoan 17-19-fevral kunlari rasmiy Vashingtonga qilgan navbatdagi amaliy tashrifi va Tinchlik kengashining dastlabki yig‘ilishidagi ishtiroki, shubhasiz, ikki davlat o‘rtasidagi strategik munosabatlarni yangi tarixiy bosqichga ko‘tarishga xizmat qilishi bilan alohida ahamiyat kasb etdi. Prezidentimiz Vashingtonda ishbilarmonlik dasturi doirasida ikki tomonlama hujjatlarni imzolashga bag‘ishlangan marosim va qo‘shma loyihalar taqdimotida O‘zbekiston – AQSH aloqalariga to‘xtalib: “Bugungi kunda sheriklar ishonchli, qoidalar aniq-ravshan, hamkorlik esa uzoq muddatli bo‘lishi yetakchi o‘ringa chiqmoqda. Biz Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan hamkorligimizni aynan shu mantiq asosida qurmoqdamiz”, – deya ta’kidladilar.
Alohida qayd etish lozim, o‘zaro strategik sheriklik munosabatlari, ayniqsa, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy yo‘nalishlarda barqaror rivojlanmoqda. Tovar ayirboshlash hajmi so‘nggi sakkiz yilda to‘rt barobar oshdi va bugun 1 milliard dollarni tashkil etdi. Yurtimiz bozorlarida AQSHning 340 ga yaqin kompaniyalari faoliyat ko‘rsatyapti. Bu qiymati 35 milliard dollar bo‘lgan uch yillik Iqtisodiy hamkorlik dasturiga qat’iy amal qilinayotganini ko‘rsatadi.
Navbatdagi amaliy tashrif ham samarali bo‘lganini do‘stona va samarali ruhda o‘tgan rasmiy uchrashuvlar, imzolangan hujjatlar va kelishuvlardan ham bilish mumkin. Masalan, “Gulf” kompaniyasi O‘zbekistonda yaqin ikki yilda g‘arb standartlariga javob beradigan kamida 100 ta zamonaviy va qulay yoqilg‘i quyish shoxobchasini ishga tushirmoqchi. Shuningdek, magistral yo‘llar bo‘ylab sayyohlar va tranzit tashuvchilar uchun transport markazlarini tashkil etishni rejalashtirilmoqda. Ushbu loyihalar doirasida quriladigan har bir ob’ektda kamida 30 ta yangi ish o‘rni yaratiladi va bu umumiy hisobda 3 mingdan ortiq yangi ish o‘rini tashkil etiladi deganidir.
Yana bir misol: “Oppenheimer” investitsiya kompaniyasi rahbariyati mamlakatimizda logistika sohasida faoliyat ko‘rsatadigan ikki milliard dollarlik yangi kompaniyani tashkil etishini ma’lum qildi. Ushbu loyiha orqali “Centrum Air”ni Markaziy Osiyodagi eng qimmatli kompaniyalardan biriga aylantirish maqsad qilingan. Bunday misollarni yana o‘nlab keltirish mumkin.
Prezidentimiz tashrifning asosiy tadbiri – Tinchlik kengashining dastlabki yig‘ilishida ishtirok etdi va so‘zga chiqib, O‘zbekiston ushbu kengashni tashkil etish bo‘yicha tinchliksevar tashabbusni qo‘llab-quvvatlashini va uning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi borasida o‘zining amaliy ishtiroki qat’iy ekanini ta’kidladi. Jumladan, O‘zbekiston o‘zining insonparvarlik siyosatidan kelib chiqib, ushbu hududda turar joylar, bolalar bog‘chalari, maktab va kasalxonalar barpo etishga imkon qadar hissa qo‘shishga tayyor.
Shu o‘rinda O‘zbekistonning g‘azoliklarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi xayrli tashabbuslari shunchaki va’dalar bilan emas, amaliy ishlarda allaqachon o‘zining tasdig‘ini topganini ta’kidlash lozim. Xususan, G‘azo sektori aholisiga baholi qudrat yordam ko‘rsatish uchun 2023-yilning oktabr oyida BMTning Yaqin Sharq bo‘yicha agentligiga 1,5 million dollar ajratgandi. 2024-yilning dekabr oyida esa urush hududlarida aziyat chekkan 100 nafar falastinlik bolalar va ayollar yurtimizga olib kelinib, ular davlat tomonidan to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan va sog‘lomlashtirish sihatgohlariga joylashtirilgan edi.
O‘zbekistonning kengashdagi ishtiroki mamlakatimizning dunyoda ochiqlik va shaffoflik, o‘zaro tenglikni ta’minlash, tinchlik va barqarorlikni qaror toptirish siyosati bilan bog‘liq. Nomidan ham ko‘rinib turibdiki, Tinchlik kengashi ana shu maqsadlar yo‘lida tashkil etilgan yangi tuzilma bo‘lib, dastlabki harakati G‘azoda keskinlikni kamaytirish orqali mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish va hududni har jihatdan tiklashga qaratilgan. Istiqbolda bu tinch va osoyishta hayotga ega bo‘lgan G‘azoni barpo etish – mustaqil Falastin davlatini tashkil etish imkoniyatini yaratadi.
O‘zbekiston esa nafaqat Yaqin Sharqda, butun dunyoda har qanday keskinlikni faqat diplomatiya yo‘li bilan – o‘zaro kelishuvlar, bir-birini hurmat qilish va tenglik asosida hal qilish tarafdori. Chunki tinch va osoyishta hayot ta’minlanmas ekan, taraqqiyot, farovonlik haqida gapirish befoyda.
Go‘zal SAMIEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati