Yangi O‘zbekistonning eng yangi tarixini yoshlar yozadi


720     25.02.2026

Kecha Ko‘ksaroyda Prezidentimiz tomonidan aytilgan gaplar, ilgari surilgan taklif va tashabbuslar bundan o‘n yilcha avval yoshlar tugul katta yoshlilarning ham xayoliga kelmasdi. Shu ma’noda kecha biz tarixiy o‘zgarishlarga asos bo‘lgan reallik bilan yuzma-yuz keldik.

Kecha Ko‘ksaroyda Prezidentimiz tomonidan aytilgan gaplar, ilgari surilgan taklif va tashabbuslar bundan o‘n yilcha avval yoshlar tugul katta yoshlilarning ham xayoliga kelmasdi. Shu ma’noda kecha biz tarixiy o'zgarishlarga asos bo‘lgan reallik bilan yuzma-yuz keldik.

Yangi O‘zbekiston islohotlarining dastlabki yillarida Yurtboshimiz Baxovuddin Naqshband hazratlarining «Kim vaqtini zoye ketkazsa, vaqt uning dushmaniga aylanadi», degan gaplarini eslab, islohotlar shiddatini zinhor susaytirmasdan, faqat olg‘a borishimiz, har bir soat, har bir kundan unumli foydalanishimiz zarurligini ta’kidlagan edilar. Bugun ana shu fikr boshqa bir ohangda, aytish mumkinki, qo‘lga kiritilgan muayyan natijalar fonida yanada takrorlandi.

Dunyo insoniyat ko‘z o‘ngida torayib, globallashayotgan manfaatlar qutqusiga guvoh bo‘layotgan, bundan, eng avvalo, yoshlar aziyat chekayotgan bir paytda O‘zbekiston rahbari yoshlar zimmasiga ISHONCH, degan mas’uliyat yuklatilayotganini ta’kidlab, «Sizlar ertamizning egalarisizlar», degan gapni baralla aytdilar. Ochiq muloqotda eng ko‘p tilga olingan so‘zlar, iboralar shunday xulosa chiqarishga izn beradi. Ta’lim, yoshlar, ishonch, rivojlanish, yoshlar tadbirkorligi, startaplar va hokazo...

Biroz xato qilishim mumkin, lekin bugun O‘zbekiston yoshlariga 70 ga yaqin yangi imtiyozlar paketi taqdim qilindi.

Birgina misol: o‘z-o‘zini band qilgan yoshlar uchun beriladigan kredit miqdori 100 milliondan 300 million so‘mga ortadigan bo‘ldi. E’tibor bering: jahon moliya olamidagi keskin o‘zgarishlar va sun'iy bosimlarga qaramay, O‘zbekistonda yoshlarga ajratilayotgan kredit foizlari karrasiga qisqartirilyapti.

Bunday o‘zgarishlar beixtiyor: «Ey o‘g‘lon, ey barchinoy, bugun sening davring keldi! Qaddingni tut, bugun yoki hech qachon!» iborasini eslatadi.

Xulosa o'rnida shuni aytish mumkin: kecha Prezidentimiz tomonidan Yangi O‘zbekistonning ming-minglab yigit-qizlariga ishonch yorliqlari topshirildi. Endi navbat millatimiz tayanchi bo‘lgan tengdoshlarimizga. Ulardan shu ulug‘ yurt taraqqiyotiga hissa qo‘shish, uni yuksaltirish, asrash va himoya qilish, kerak bo'lsa, unga sadoqat bilan xizmat qilish so‘ralyapti. Ishonch bilan shuni ayta olamanki, bu jarayonda «Milliy tiklanish» yoshlarining ham o‘ziga xos ovozi va shiddati yaqqol sezilib turadi.

 

Ibrohimjon JO‘RABOYEV,
O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi
Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari, partiya faoli
“Milliy tiklanish” gazetasining 2026-yil 25-fevral sonidan olindi