Tashabbuslar natijasi bilan qadrlidir


734     25.02.2026

Prezidentimizning yoshlar bilan navbatdagi ochiq muloqoti mamlakatimizning yoshlar siyosatida mutlaqo yangi bosqichni boshlab beradi. Unda ilgari surilgan tashabbuslar bu borada tizimli yondashuvni joriy etish, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini kengaytirish va rahbarlar masʼuliyatini kuchaytirish yoshlar masalasi davlat siyosati darajasidagi ustuvor yo‘nalish ekanini yana bir bor yaqqol namoyon etdi.

Har haftaning payshanba kunini “Yoshlar kuni” deb eʼlon qilinishi yoshlar bilan ishlashni rasmiy tadbirlar doirasidan chiqarib, amaliy va natijador tizimga aylantirishga qaratilgan muhim qadamdir. Endi vazirliklar, hokimliklar va oliy taʼlim muassasalari rahbarlaridan yoshlar muammolarini joyiga chiqqan holda o‘rganishi, ularni bartaraf etish yuzasidan aniq va manzilli choralar ko‘rishi talab etiladi. Bu esa masʼuliyat va hisobdorlikni kuchaytiradi.

Yoshlar tadbirkorligi va startaplarini qo‘llab-quvvatlash uchun ajratilayotgan 200 million AQSH dollari miqdoridagi qo‘shimcha mablag‘ iqtisodiy faollikni oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va innovatsion g‘oyalarni rag‘batlantirishga xizmat qiladi. Eng muhimi, bu yoshlarni ish izlovchi emas, balki ish o‘rni yaratuvchi kuchga aylantirishga qaratilgan strategik yondashuvdir.

Taʼlim, xorijiy tillar, IT, kasb-hunar va sport sohalariga qaratilayotgan alohida eʼtibor yoshlar salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishning mustahkam poydevoridir. Xalqaro stajirovkalar va global platformalarda ishtirok etish imkoniyatlari esa O‘zbekiston yoshlarining raqobatbardoshligini oshirib, ularni jahon miqyosidagi yutuqlar sari yetaklaydi.

Partiyamiz yoshlar siyosatini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan barcha tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlaydi. Shu bilan birga, belgilangan vazifalarning hududlarda samarali, manzilli va shaffof amalga oshirilishi ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirishni dolzarb deb hisoblaydi. Chunki har qanday tashabbus uning amaldagi natijasi bilan qadrlidir.

Biz yoshlarni faqat kelajak emas, balki bugunning hal qiluvchi kuchi sifatida ko‘ramiz. Ularning bilim olishi, zamonaviy kasb egallashi, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi va jamiyat hayotida faol ishtirok etishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilishi shart. Bu jaryonda eng asosiy vazifa tashabbuslarni aniq mexanizmlar, kuchli ijro intizomi va ochiq hisobdorlik orqali amaliy natijaga aylantirishdir.

 

Muxlisa ERGASHEVA,
partiya Markaziy kengashi bo‘lim boshlig‘i