167 13.09.2024
“Milliy tiklanish” partiyasi saylovlar oldidan “7-sinfdan boshlab bolalarning qobiliyatiga qarab oliy taʼlimga yoki hunarmandlik, tadbirkorlik va sport yo‘nalishlarida alohida tayyorlash tizimini joriy qilish” tashabbusini ilgari surmoqda. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad yosh avlodni ularning individual qobiliyatlarini hisobga olgan holda tarbiyalash va rivojlantirish bilan izohlanadi.
Bu yoshlarning turli sohalarda muvaffaqiyat qozonishiga imkoniyat yaratish, mehnat bozoriga mos kadrlarni tayyorlash, shuningdek, kasbiy yo‘nalishga barvaqtroq yo‘naltirish orqali ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga hissa qo‘shishni nazarda tutadi.
Bunday tizim yoshlar qobiliyatini erta aniqlash va ularga muvofiq keladigan kasbiy yo‘nalishlar bo‘yicha tayyorlash, shuningdek malakali ishchi kuchini maqsadli tayyorlashni taʼminlashga ham xizmat qiladi.
Darhaqiqat, ota-bobolarimizdan meros bo‘lib kelayotgan “Yigit kishiga yetmish hunar oz” maqoli bugungi kunda, ayniqsa, dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Yoshlarni faqat oliy taʼlim olishga yo‘naltirish jamiyatimizda tanish holat, lekin kasb-hunarga ham eʼtibor qaratilsa ularni mustaqil hayotga tayyorlash jarayonida ko‘proq samaraga erishish mumkin.
Masalan, bolalar maktabni tugatgandan keyin 3-6 yil oralig‘ida oliy taʼlim muassasasiga o‘qishga kirishadi, lekin mutaxassislik bo‘yicha ish topishga qiynalishadi. Ayni vaqtda ular boshqa sohalarda zarur kasbiy ko‘nikmalarni o‘zlashtirmagan bo‘ladi. Shu bois yoshlarni kasb-hunarga yoshlikdan yo‘naltirish muhim. Bunday yondoshuv ko‘plab rivojlangan davlatlarda, masalan, Yaponiya, Germaniya, Finlandiya va Shveysariyada ham qo‘llaniladi. Bu mamlakatlarda taʼlim amaliyot bilan birgalikda tashkil etiladi, o‘quvchilar bo‘sh vaqtlarini bekorga sarflashmaydi.
O‘zbekistonning taʼlim tizimida ham 10-11-sinflarda kasb-hunar o‘rgatish tizimi joriy qilingan, lekin bu jarayonni yana-da samarali va erta yoshdan boshlab tashkil etish zarur. PISA ( Programme for International Student Assessmen t- Talabalar bilim va ko‘nikmalarini baholash xalqaro dasturi) xulosalariga ko‘ra, mamlakatimizda o‘quv soatlari ko‘p, lekin amaliyotga eʼtibor kamroq. Mehnat bozori talablariga javob beradigan kadrlar tayyorlash va taʼlim jarayonini hayot bilan bog‘lash O‘zbekiston kelajagi uchun juda muhimdir.
Shu bois “Milliy tiklanish” partiyasi yoshlarga faqat nazariy bilimlar berish bilan cheklanib qolmasdan amaliy jihatdan ham qo‘llash, kasbiy ko‘nikmalarni berish, hunarmandlik va tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish ularga katta imkoniyatlar eshiklarini ochadi, deb hisoblaydi.