663 25.02.2026
O‘n yil tarix oldida dengizning bir tomchisidek gap. Ammo ana shu qisqa davr ichida Yangi O‘zbekiston yuz yillarga zamin bo‘ladigan natijalarga erishdi.
Biz - yoshlar ham bu jarayonda chetda turmayapmiz. Masalan, Xalqaro fan olimpiadalarida 66 ta oltin, 147 ta kumush, 221 ta bronza olibdi, tengdoshlarimiz.
Garvard, Yel, Prinston, Kolumbiya va Kornell kabi dunyo tan olgan oliygohlarda tahsil olayotgan yoshlarimiz soni 500 nafardan, TOP-100 talikda o‘qiyotgan yoshlarimiz esa 3,5 mingdan oshibdi...
Ular ertaga yurtga qaytishadi, quruq qo‘l bilan emas, juda katta rejalar, g‘oya va tashabbuslar bilan qaytishadi.
Yurtga tayanch, mador ular, yurtning yuzi, obro‘si ular. Muhtasham zalda o‘tirib, Prezidentimizning «Yangi O‘zbekiston - Taraqqiyot strategiyasi» kitobida keltirilgan bir jumla yodimga tushdi: «Eng katta boylik - bu aql-zakovat va ilm, eng katta meros - bu yaxshi tarbiya, eng katta qashshoqlik - bu bilimsizlikdir!».
Xorijda tahsil olgan, O‘zbekiston bilan boshqa davlatlarni oz bo‘lsa-da qiyoslay oladigan yosh bir fuqaro sifatida shuni ayta olamanki, O‘zbekiston kechagi O‘zbekiston emas. Ilgari so‘z erkinligi, inson huquqi va manfaatlari deganda ko‘nglimizning bir chetida g‘ashlik bo‘lardi. Bugun o‘sha his o‘rnini g‘urur, faxr egallagan. Buni ayniqsa, xorijda yashagan, xorijda turib, o‘zgarishlarni kuzatgan odam chuqurroq his qiladi.
Davlatimiz rahbarining kechagi gaplari shu ma’noda ham biz - yoshlarga yo‘llangan murojaat bo‘ldi.
Bu oddiy murojaat emas, bu tarixiy murojaat! Bu millionlab yoshlarni uyg‘otgan, kuch-quvvat bergan murojaat bo‘ldi.
Prezidentimiz bilan uchrashuvdan keyin o‘zim ham reja va qarashlarimni o‘zgartirdim.
Ochig‘i, Yurtboshimizning gaplarini eshitib, o‘zimni 22 millionli «armiya»ning bir ongli askaridek his qildim. Va bu quruq gap emas! Ishonch bilan ayta olamanki, bundan keyin ham «Milliy tiklanish» yoshlari chetda turmaydilar. Ular ilgari surilgan g‘oya va tashabbuslar ijrosi uchun kurashadilar. O‘zbekistonning g‘alabali odimlari yanada zalvorli bo‘lishi uchun zimmaga mas’uliyat olishdan cho‘chimaydilar.
Ko‘rib guvohi bo‘lyapmizki, ayni paytda dunyoning qanchadan- qancha davlatlarida yoshlar ishsiz, ta’lim olish huquqisiz yashashyapti. O‘z vatanida biron o‘zgarish, ijobiy yangilanish yuz berishini orzu qilib, umrlarini o‘tkazishyapti. Ana shunday bir paytda bizga qarata «Sen shu yurtning egasisan, uning ertasi sening qo‘lingda», degan da’vat yangradi.
Shu ma’noda ham bugungi yig‘ilishni O‘zbekiston yoshlari uchun tarixiy burilish yuz bergan yig‘ilish, degim keladi.
Murod MELIYEV,
partiya faoli
“Milliy tiklanish” gazetasining 2026-yil 25-fevral sonidan olindi