Biz imkoniyat kutadigan emas, yaratadigan avlod bo‘lishimiz kerak!


772     26.02.2026

Ko‘ksaroy qarorgohida bo‘lib o‘tgan uchrashuv men kabi minglab yoshlar uchun unutilmas voqea bo‘ldi. O‘zbekiston yoshlariga yaratilgan yangi sharoitlar ko‘pchilikni quvontirgani ham tabiiy. Mamlakatimizda har haftaning payshanba kuni “Yoshlar kuni” bo‘lishi belgilandi. Unga ko‘ra, shu kuni sohaga masʼul rahbarlar mahalla, maktab va texnikumlarga borib, yoshlarni eshitib, muammosini hal qiladi. Shubhasiz ushbu tashabbus barcha tengqurlarimning to‘g‘ri yo‘lni tanlashida muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.

Tengdoshlarim nomidan shuni aytmoqchimanki, mamlakatimizda yoshlarga bo‘lgan eʼtibor va yaratilayotgan sharoitlar biz uchun oddiy imtiyoz emas, bu ulkan masʼuliyatdir. Prezidentimiz taʼkidlaganidek, 22 milliondan ortiq yosh – bu nafaqat raqam, balki mamlakatning ertangi kuni, iqtisodiy va intellektual qudratidir. Bizga bildirilayotgan ishonch har birimizni yanada ko‘proq o‘qishga, izlanishga, yangilik yaratishga undaydi.

Ayniqsa, yosh tadbirkorlar uchun ajratilayotgan qo‘shimcha mablag‘, imtiyozli kreditlar, “Kelajak tadbirkori”, “Yangi avlod tadbirkorlari”, “Mening birinchi kasbim” kabi dasturlar bu – orzularimizni aniq reja va loyihalarga aylantirish uchun mustahkam poydevordir. Endi biz faqat imkoniyat kutadigan emas, imkoniyat yaratadigan avlod bo‘lishimiz kerak.

Yana bir muhim jihat: Qo‘qon universiteti zamonaviy asbob-uskunalar, texnika va laboratoriyaga ega 400 o‘rinli o‘quv markazini ishga tushirdi. Universitet ehtiyojmand oilalar farzandlarini o‘quv markazida dasturlash, sunʼiy intellekt, robototexnika bo‘yicha 6 oylik o‘quv kurslarida bepul o‘qitmoqchi. Birgina shu orqali yiliga 5 mingdan ziyod uyushmagan yoshlarning zamonaviy bilimlarni egallashi uchun sharoit yaratiladi.

Albatta, biz yoshlar nafaqat ish o‘rni izlaydigan, balki yangi ish o‘rinlari yarata oladigan, startaplari bilan dunyo bozoriga chiqa oladigan, ilm-fan, sport va innovatsiyada Vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘taradigan kuchga aylanishni maqsad qilamiz. Garvard, Stenford yoki boshqa nufuzli oliygohlarda tahsil olayotgan tengdoshlarimiz yutuqlari bizni yanada ilhomlantiradi.

Uchrashuvdan shuni his qildimki, davlat va yoshlar o‘rtasida ishonch ko‘prigi yanada mustahkamlanmoqda. Har haftaning “Yoshlar kuni” etib belgilanishi, volontyorlik harakatini qo‘llab-quvvatlash, kitobxonlikni rivojlantirish, yosh oilalarga uy-joy masalasida yengilliklar yaratish – bularning barchasi bizning har tomonlama kamol topishimizga xizmat qiladi.

Men yoshlarning bir vakili sifatida shuni qatʼiy ayta olamanki, biz berilgan imkoniyatlarni albatta oqlaymiz. Biz bilimli, tashabbuskor, fidoyi va Vatanga sadoqatli avlod bo‘lib ulg‘ayamiz. Chunki bugun bizga nafaqat imkoniyat, balki ishonch berildi. Ishonch esa eng katta kuchdir.

 

Mahmudjon ALISHEROV,
partiyaning Farg‘ona viloyati Kengashi bosh mutaxassisi