710 27.02.2026
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan ochiq muloqoti mamlakatimizda inson kapitalini rivojlantirish siyosati izchil davom etayotganining yana bir muhim tasdig‘i bo‘ldi. Mazkur uchrashuv yoshlarning muammo va tashabbuslarini eshitish, ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish hamda kelajak rivoji uchun mustahkam asos yaratishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Bugun dunyoda davlatlarning raqobatbardoshligi tabiiy resurslar yoki hududiy imkoniyatlar bilan emas, avvalo bilimli va tashabbuskor yosh avlod bilan belgilanmoqda. Shu maʼnoda, O‘zbekistonda yoshlar masalasi davlat siyosatining markaziy yo‘nalishiga aylangani bejiz emas.
Muloqot davomida yoshlarning taʼlim olishi, kasb-hunar egallashi, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi hamda munosib daromad topishi uchun yaratilayotgan sharoitlar keng tahlil qilindi. Ayniqsa, yoshlar bandligini taʼminlash, startap va innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, biznes boshlash uchun moliyaviy imkoniyatlarning kengaytirilishi yoshlarning iqtisodiy faolligini oshirishga xizmat qiladi.
Yoshlar tadbirkorligiga qo‘shimcha mablag‘lar ajratilishi, biznes inkubatorlar tashkil etilishi hamda xalqaro tajribalar asosida o‘quv dasturlarining joriy qilinishi yoshlarning g‘oyalarini real loyihalarga aylantirish imkonini beradi. Bu esa yangi ish o‘rinlari yaratish bilan birga, hududlar iqtisodiy rivojiga ham ijobiy taʼsir ko‘rsatadi.
Taʼlim tizimida amalga oshirilayotgan yangilanishlar ham alohida eʼtiborga loyiq. Dual taʼlimning kengayishi, texnikum va oliy taʼlim muassasalarining ishlab chiqarish bilan integratsiyasi yoshlarni mehnat bozoriga tayyor holda kirib kelishini taʼminlaydi. Endilikda yoshlar nafaqat diplom, balki amaliy tajriba bilan hayotga qadam qo‘ymoqda.
Bugungi globallashuv sharoitida yoshlarning maʼnaviy dunyosini boyitish, ularni zararli g‘oyalardan asrash masalasi ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Kitobxonlikni rivojlantirish, volontyorlik harakatlarini qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy faollikni rag‘batlantirishga qaratilgan tashabbuslar jamiyatda sog‘lom muhitni mustahkamlashga xizmat qiladi. Shuningdek, yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash, uy-joy masalasini hal etish, kasb o‘rganish va daromad manbalarini kengaytirishga qaratilgan yangi mexanizmlar yoshlarning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlamoqda.
Eng muhim jihati shundaki, o'tkazilgan muloqot yoshlar bilan ishlashda buyruqbozlik emas, balki ochiq suhbat, hamkorlik va ishonch tamoyili ustuvor bo‘layotganini ko‘rsatdi. Bu esa jamiyatda faol, masʼuliyatli va tashabbuskor avlodni shakllantirishning eng to‘g‘ri yo‘lidir. Zero, mamlakat kelajagi yoshlarning qanday tarbiya topishi, qanday bilim olishi va qanday imkoniyatlarga ega bo‘lishiga chambarchas bog‘liq. Yoshlar ishonchi mustahkam bo‘lgan jamiyatda taraqqiyot ham barqaror bo‘ladi.
Yangi O‘zbekiston esa aynan ana shunday – o‘z kelajagini yoshlar bilan birgalikda barpo etayotgan davlat sifatida yangi bosqichga qadam qo‘ymoqda.
Rajabboy HASANOV,
partiyaning Buxoro viloyati Kengashi raisi