139 14.09.2024
Keyingi yillarda mamlakatda aholining, xususan yoshlarning kitob o‘qishini rag‘batlantirish bo‘yicha qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Inson maʼnaviyatini yuksaltirishda kitobning o‘rni beqiyos.
Shu jihatdan qaraganda, kitob o‘qishni rag‘batlantirish bilan birga sifatli kitob ishlab chiqarishni kengaytirish masalasi ham dolzarb hisoblanadi.
Bugungi kunda mamlakatimizda 140 dan ortiq nashriyot va 450 dan ortiq kitob do‘konlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning ko‘pchiligida moddiy-texnik taʼminot yetarli darajada emasligi kitoblar soni va sifatiga salbiy taʼsir ko‘rsatmoqda.
Bundan tashqari, qo‘shilgan qiymat solig‘i qo‘llanilishi kitoblarning tannarxi oshishiga va o‘z navbatida, ularning sotilishiga salbiy taʼsir ko‘rsatmoqda.
Kitoblar xaridini kengaytirishda tannarxni tushirish muhim omillardan hisoblanadi. Shu bois “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tomonidan ilgari surilayotgan kitob ishlab chiqarish va uning sotilishida qo‘llaniladigan qo‘shimcha qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyozlarni joriy etish tashabbusi har tomonlama dolzarbdir.
Maʼlumki, soliq imtiyozlari berilishi ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlashning eng samarali usullaridan biridir.
Bu borada 79 ta xorijiy davlat tajribasini o‘rganish natijalariga ko‘ra, 31 davlatda QQS umuman qo‘llanilmaydi. 30 dan ortig‘ida kitoblar uchun maxsus joriy etilgan QQS stavkasi amaldagi stavkalardan kam etib, 17 davlatda esa amaldagi stavkalar bilan bir xil belgilangan.
79 davlatda kitoblar uchun joriy etilgan o‘rtacha QQS foizi 5,75 foizni, elektron kitoblar uchun 12,25 foizni tashkil etadi.
Dunyoda raqamli iqtisodiyot tobora ommalashayotgan sharoitda juda ko‘plab mamlakatlarda elektron kitoblar uchun joriy etilgan yuqori QQS foizlari qayta ko‘rib chiqilayotganini ham alohida taʼkidlash joiz.
Buyuk Britaniyada QQS 1973-yildan beri joriy etilgan bo‘lsada, shu davr mobaynida kitoblar ushbu soliq turiga umumun tortilmagan. Janubiy Koreya, Hindiston, Norvegiya, Saudiya Arabistoni, Qatar va boshqa davlatlarning bugungi iqtisodiy muvaffaqiyatlarida, ilm-fanning ravnaq topishida aynan kitob savdosining davlat tomonidan rag‘batlantirilishi muhim o‘rin tutadi.
Muxtasar qilib aytganda, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tomonidan ilgari surilgan ushbu taklifning amalga oshishi kitobxonlik ko‘lamini yanada kengaytirishga va zamonaviy, yetuk kadrlarni, barkamol avlodni tayyorlashga xizmat qiladi.