714 27.02.2026
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston yoshlari uchun betakror, muqobili yo‘q konsepsiyani ilgari surdi
Nazarimda, dunyoning birorta mamlakatida davlatning yoshlar oldidagi masʼuliyati, yoshlarning Vatan oldidagi burch va vazifalari O‘zbekistondagi kabi aniq, belgilanmagan. Prezidentimiz “yoshlarga oid davlat siyosati” deb nomlangan umumiy, manzilsiz karashlarga butunlay barham berdi. Bu konsepsiya o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgani yo‘q. U katta tajriba, kuzatishlar, o‘rganishlar va yoshlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot zamirida yaratilgan.
Davlatimiz rahbari qayerga bormasin, qanday mavzuda majlis o‘tkazmasin, baribir yoshlar masalasiga to‘xtaladi. Ularning fikr-mulohazalarini tinglaydi. Qalbini eshitadi. Ko‘nglini so‘raydi. O‘z navbatida, har doim yoshlarga intiladi. Ularga o‘zgacha mehr bilan yondashadi.
Prezidentimiz — strateg. Uzoqni ko‘ra oladi. Yoshlarga yaqinlashish, ularni bir maqsad yo‘lida birlashtirish, qalblarida vatanparvarlik hissini kuchaytirish bugun juda-juda kerak. Millat va mamlakat taqdiri yana 10 — 20 yildan keyin bugungi yigit-qizlar qo‘lida bo‘ladi. Bugun Prezident yoshlarni himoya qilayotgan bo‘lsa, bu millat kelajagining himoyasidir. Navqiron avlod tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirishga jon jahdi bilan urinayotgan bo‘lsa, bu ertaga millat intellektining baland bo‘lishiga asosdir.
Davlatimiz rahbari faqat bugun bilan emas, kelajak bilan yashashga undamoqda. Bugun Yer yuzida tafakkur jangi, urushi yuz bermoqda. Bunda faqat aql g‘alaba qozonadi. Zakovat, bilim ustunlik qiladi. tabiiy boylik yoki geografik qulay joylashuv bilan taraqqiyotga erishaman degan qarashlar allaqachon eskirdi, XX asrda qolib ketdi. XXI asr tafakkur va taʼlim, intellekt asriga aylandi. Insoniyat erishgan bilimlarni o‘zida jamlagan mamlakatlar qudrati tobora ortib bormoqda. Ular ohanrabo kabi jahon miqyosidagi isteʼdodlarni tortib olmoqda, o‘zida to‘plamoqda.
Mamlakatimizda qariyb 10 yil oldin boshlangan islohotlar, ayniqsa, yoshlar misolida butunlay o‘zini oqladi. O‘sha vaqtda ekilgan nihollar mevasini ko‘rmoqdamiz. Yoshlar jamiyatda tezroq o‘z o‘rniga ega bo‘lish uchun intilmoqda, kurashmoqda. Ularda vatanparvarlik hissi baland. O‘tgan davrda diplom olishga emas, mutaxassis bo‘lishga, mutaxassis bo‘lganda ham, zamonaviy mutaxassis bo‘lishga intilish ortdi. Yoshlarimiz oliy taʼlimning bakalavr bosqichidayoq xorijiy tillarni o‘rganmoqda. Magistraturani rivojlangan mamlakatlarda o‘qishga intilmoqda. Xorijdan kelgan professor-o‘qituvchilar bilan chet tilida bemalol muloqot qilishyapti. Bugungi yoshlar kompyuter texnologiyalari va internet imkoniyatlaridan bilim olish maqsadida foydalanmoqda.
Prezidentimiz bundan 10 yil oldin yoshlar ongini o‘zgartirish, ularga erkinlik berish, tafakkur qulligidan qutqarish borasida juda muhim qadamlarni tashlagan edi. Bugun tarix qaʼriga uloqtirib tashlangan majburiy mehnat, paxta yakkahokimligi, bolalar ekspluatatsiyasi deymizmi — bularning bari nafaqat farzandlarimizni oyog‘idagi tushov, balki tafakkuriga solingan kishan edi.
Ming afsuski, hatto mustaqillik ham bizni bu balolardan qutqara olmadi. xalqimiz chorak asr majburiy mehnat bo‘yinturug‘idan xalos bo‘lolmadi. Faqatgina Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning metin siyosiy irodasi millatni asriy azoblardan qutqardi. Ozod tafakkurli yoshlar, tarix uchun qisqa bo‘lgan bir davrda, butun dunyoga Yangi O‘zbekistonni tanitish uchun kurash olib bordi. Bu xalqaro fan olimpiadalari bo‘ladimi, bu shaxmat musobaqalarimi... Har jabhada ular qo‘lga kiritayotgan natijalar — faxrlanarli.
Dunyo o‘zbekni tan olishi uchun, o‘zbekni tasavvur qila olishi uchun, Yangi O‘zbekistonni bilishi uchun juda mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tdik. Prezidentimiz ilgari surgan konsepsiya nima uchun muhim, dolzarb, zarurat ekanini chuqur anglab yetishimiz kerak. Bugun dunyoda ong, tafakkurni egallash uchun bo‘layotgan janglarning asosiy qurbonlari yoshlar ekanini unutishga haqqimiz yo‘q.
Men yarim asrdan ko‘proq tariximizning guvohi sifatida shuni yaxshi bilamanki, biror-bir g‘oyani singdirmoqchi bo‘lganlar hech qachon katta yoshlilarni tanlamaydi. Ularning o‘ljasi yoshlar hisoblanadi. Shunday ekan, navqiron avlod ongini asrash, yot g‘oyalardan qo‘riqlash bugun har doimgidan ham muhim ahamiyatga ega. Millat hech qachon o‘z qo‘li bilan kelajagini kimlarningdir izmiga tashlab qo‘ymasligi kerak.
Buning birdan-bir yo‘li — maktabgacha taʼlim, maktab, texnikum, oliy o‘quv yurti bo‘ladimi, har qanday taʼlim maskanida ishlaydigan muallim, professor-o‘qituvchi bolalarimizni vijdonan o‘qitishi kerak. Natija ko‘rsatishi zarur. Agar har bir fan o‘qituvchisi o‘z ishiga masʼuliyat bilan yondashganda edi, bugun hayotimiz bundanda farovon bo‘lardi.
Davlatimiz rahbari rektorlar, direktorlar, professor-o‘qituvchilar faoliyatiga tanqidiy baho bergani ham bejiz emas. Millat yoshlarining yaxshi o‘qishiga, kasb-hunar egallashiga, sog‘lom bo‘lishiga befarq qaragan har qanday rahbarni soxtakor deb atasa, to‘g‘ri bo‘ladi. Uning loqaydligi millat kelajagiga qilingan xiyonatdir.
Prezidentimiz konsepsiyasida mamlakatimizda har haftaning payshanbasi “Yoshlar kuni” sifatida belgilab qo‘yildi. Bu nimani anglatadi? Biz, rahbarlarning bosh vazifasi yoshlar bo‘lishi kerakligini ko‘rsatadi.
Tadbirkor bo‘lishni istovchi yoshlar uchun ham misli ko‘rilmagan imkoniyatlar portfeli taqdim etildi. Manba aniq. Ijrochi belgilangan. Mablag‘ ajratilgan. Ortga qaytishga yo‘l yo‘q. Yoshlar tadbirkorligiga bugungidek darajada eʼtibor qaratilganini hech qachon ko‘rmaganman. Bu borada ilgari surilgan fikrlar juda muhim va foydalidir.
Prezidentimiz Garvard, Stenford, London iqtisodiyot maktabi kabi nufuzli oliy o‘quv yurtlarining ilg‘or tajribalari asosida yoshlarni o‘qitish zarurligini ham alohida taʼkidladi. “Yangi avlod tadbirkorlari”, “Kelajak tadbirkori”, “Mening birinchi kasbim” kabi dasturlarni hayotga tatbiq etish zarurligi alohida qayd etildi. Mazkur dasturlarning ijro etish manbalari ham ko‘rsatib o‘tildi. “Fikringni ber” inklyuziv oromgohini tashkil qilish, “O‘sish va rivojlanish” startap loyihasini yana-da kengaytirish, “Ishla va sayohat qil” dasturining doimiy faoliyatiga erishish kerakligi uqtirib o‘tildi.
Xorijiy til sertifikatini olgan yoshlar soni tobora ortib, ular, o‘z navbatida, instruktorlik faoliyatini olib borayotgani alohida qayd etildi.
To‘g‘risini tan olish kerak. Bundan 10 yil oldin o‘quv markazi ochish mashaqqat edi. Bu yo‘lda shunchalik ko‘p to‘siq bor ediki, ularni olib tashlashga uncha-muncha odamning kuchi, bardoshi, sabri yetmasdi. 2016-yildan so‘ng bunday byurokratik tuzoqlarning olib tashlanishi natijasida mamlakatimizning eng chekka qishloqlarida ham zamonaviy o‘quv markazlari paydo bo‘ldi. Bu o‘quv markazlari davlat taʼlim dargohlari bilan sog‘lom raqobatga kirisha oladigan darajaga yetdi.
Bugun mamlakatimizda xususiy o‘quv markazlari soni 3 karraga ortib, 38 mingtaga yetibdi. Bu aslida maʼrifat tarqatish yo‘lida yurtdoshlarimiz ko‘rsatgan jonbozlikdir. Bugun mazkur yo‘nalishdagi yosh tadbirkorlar O‘quv markazlari uyushmasini tashkil qilish tashabbusini ilgari surmoqda. Prezidentimiz buni qo‘llab-quvvatlash kerakligini ko‘rsatib o‘tdi.
Hozirda dunyo aholisining 10 foizidan ortig‘i volontyorlik bilan shug‘ullanmoqda. Hayotimizni volontyorlik faoliyatisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. O‘tgan davr ichida mamlakatimizda volontyorlik faoliyatining huquqiy asoslari yaratildi. Volontyorlar maktabi, oliy o‘quv yurtlarida markazlarning tashkil qilingani hisobidan volontyorlik bilan shug‘ullanadigan yoshlarimizning soni besh karraga ko‘paydi. Natijada o‘g‘il-qizlarimiz dunyo volontyorlik institutlari bilan aloqa o‘rnatish, tajriba almashish borasida ham muhim qadamlarni tashladi.
Yoshlar ishlari agentligida Volontyorlikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasini tashkil qilish vazifasi yuklatildi. Uni mablag‘ bilan taʼminlash mexanizmlari ko‘rsatib o‘tildi.
Bugun yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni ommalashtirish eng muhim vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda. Kitobsiz na bilim, na tafakkur, na intellektni oshirib bo‘ladi. Internet asrida yoshlarni kitobga qaytarish qiyin bo‘lishi muqarrar edi. Lekin shunga qaramasdan boshlangan harakatlar o‘z samarasini bermoqda.
Kitob o‘qiyotgan yoshlarimiz safi tobora ortib borayotgani quvonarlidir. Bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish jamg‘armasining tuzilgani maʼnaviy hayotimizdagi juda muhim voqealardan biri hisoblanadi. Yangi o‘quv yiligacha 100 asardan iborat kitoblar to‘plami tayyorlanib, maktab va texnikumlarga yetkazib berilishi rejalashtirilmoqda. Bundan keyin maktablardagi eng faol kitobxon o‘quvchilarga 10 million so‘mdan mukofot berilishi belgilandi. Shuningdek, kitob savdosi borasida ham yaxshi xushxabarlar aytildi.
Prezidentimiz konsepsiyasining har bir bandini chuqur qoniqish bilan tingladim. Uni o‘z hayotiga tatbiq eta olgan yoshlar ko‘z oldimda namoyon bo‘ldi. Ularga havasim keldi. Endigi gap yoshlarimizning o‘zida qolganday. Men ishonaman, o‘zligini anglagan avlod uchun bu konsepsiya hayot-mamot masalasidir.
Rustam XOLMURODOV,
Samarqand davlat universiteti rektori,
O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi,
Oliy Majlis Senati aʼzosi.
“Xalq so‘zi” gazetasining 2026-yil 26-fevral sonidan olindi