531 27.02.2026
So‘nggi yillarda mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati mazmun va sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Ta’lim tizimidagi keng ko‘lamli islohotlar, kasb-hunar o‘rganish imkoniyatlarining ortishi, xorijiy tillarni o‘rganish uchun yaratilgan sharoitlar, yoshlar tadbirkorligini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarining kengayishi natijasida faol, tashabbuskor va raqobatbardosh avlod shakllanmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotida ilgari surilgan yangi tashabbuslar — yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash hajmini kengaytirish, biznes inkubatorlar tashkil etish, kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirish dasturlarini kuchaytirish — yoshlarning iqtisodiy faolligini oshirish va bandligini ta’minlashga qaratilgan muhim institutsional qarorlar sifatida ahamiyatlidir.
Endilikda o‘zini o‘zi band qilgan yoshlar uchun kreditlar 100 million so‘mdan 300 million so‘mgacha oshiriladi. Yirik loyihalar uchun 10 milliard so‘mgacha moliyalashtirish imkoniyati paydo bo‘ladi. Innovatsion startaplarga 100 ming dollargacha investitsiya kiritishga ruxsat berilishi esa yoshlarni global bozorga chiqishga undaydi.
Shuningdek, “Kelajak tadbirkori” dasturi doirasida yoshlarga 7-yilgacha 15 foizli kreditlar ajratiladi. Garovsiz 20 million so‘mdan boshlab, 2 milliard so‘mgacha moliyaviy yordam berish mexanizmi joriy etilmoqda. Kamida 5 nafar bitiruvchini ishga olgan tadbirkorlarga esa 10 milliard so‘mgacha mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan.
Ayniqsa, uchrashuvda volontyorlik harakatini rivojlantirish, yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash, kitobxonlik madaniyatini kengaytirish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi. Mazkur masalalar yoshlar siyosati faqat iqtisodiy yo‘nalish bilan cheklanmasdan, ma’naviy va ijtimoiy rivojlanishni ham qamrab olayotganini anglatadi. Bu esa jamiyatda fuqarolik mas’uliyati, ijtimoiy faollik va vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, bugungi yondashuv yoshlarni ijtimoiy yordamga muhtoj qatlam sifatida emas, balki mamlakat taraqqiyotining strategik resursi va harakatlantiruvchi kuchi sifatida ko‘rayotgan zamonaviy siyosiy qarashni ifodalaydi. Shu bois yoshlarga yo‘naltirilayotgan investitsiyalar — bu kelajak iqtisodiyoti, ilmiy salohiyati va raqobatbardoshligini ta’minlashga qaratilgan sarmoyadir.
Umuman olganda, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar, berilgan keng imkoniyatlar yoshlarga bo‘lgan ishonchning amaliy ifodasi bo‘lib, mamlakat kelajagiga yo‘naltirilgan strategik sarmoyadir.
Dilnoza AZIZOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati