Eskini yamasang esing ketadi


664     27.02.2026

Pastdarg‘om tumani aholisi bilan uchrashgan deputat Sherzod To‘xtashevga asosan ichimlik suvi masalasida murojaatlar bo‘ldi. Jumladan, “Boltali” va “Baxshiboyi” mahallalaridagi 1965-70 yillarda qurilgan suv minoralari maʼnan eskirgan bo‘lib, tez-tez yuz beradigan nosozliklar aholining mablag‘i hisobidan taʼmirlanmoqda. Sababi: suv inshooti “Suv taʼminoti” hisobida bo‘lmagani bois, masʼullar taʼmirlash xarajatini odamlar zimmasiga yuklab qo‘ygan. “Balans”iga olishni esa istamayapti. Eskini yamasang esing ketadi deganlaridek, aholi deputatdan ushbu masalada tezroq yordam berishni so‘radi.

“Gulobod” mahallasi aholisi esa yana bitta yer osti qudug‘iga ehtiyoji borligini maʼlum qildi. Buning uchun zarur barcha jihozlar olib qo‘yilgan. Ammo “Suv taʼminoti” bu masalani ham hal qilishni yillar davomida ortga surib kelmoqda.