515 03.03.2026
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bugun xalqimiz hayotida yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Jumladan, Yangi O‘zbekistonning janubiy tayanch nuqtasi hisoblangan Surxondaryoda ham.
Viloyatdagi tub o‘zgarishlarni ushbu raqamlar yanada oydinlashtiradi. Jumladan, o‘tgan qisqa davrda 5 mlrd. dollarlik 8 mingdan ortiq loyiha ishga tushirildi. Iqtisodiyotda sanoatning ulushi besh karra o‘sdi. O‘tgan yili yalpi hududiy mahsulot hajmi 63,7 trln. so‘mga yetdi. 2,1 mlrd. dollar qiymatidagi xorijiy investitsiya o‘zlashtirilib, dunyoning qirqqa yaqin davlatlariga 483 mln. dollarlik mahsulot hamda xizmatlar eksport qilindi.
Bunday o‘zgarishlarga har sohada yana o‘nlab, yuzlab misollar keltirish mumkin. Ushbu ko‘rsatkichlarni yana bir necha barobarga oshirish mumkin. Buning uchun esa ishga solinmagan imkoniyatlar juda ko‘p.
Davlatimiz rahbari ikki kun davomida ushbu hududda kechayotgan islohotlar jarayoni bilan tanishib, viloyatni yanada rivojlantirish va aholi turmush farovonligini oshirishga qaratilgan aniq taklif va tashabbuslarini ilgari surdiki, bundan vohaliklar juda mamnun.
To‘g‘ri-da, quvonmay bo‘ladimi? Tashrif doirasida viloyatida umumiy qiymati 7,1 mlrd. dollar bo‘lgan 44 ta loyiha ishga tushirildi. Yana 6 mlrd. 300 mln. dollarlik 31 ta loyiha bo‘yicha qurilish ishlariga start berildi. Bu minglab yangi ish o‘rinlari, qo‘shimcha daromad, yangi bog‘chalar, maktab va zamonaviy tibbiyot markazlari, degani. Bunday istiqbolli loyihalar hududda kambag‘allikni, ishsizlikni kamaytirishga xizmat qilishi shubhasiz. Ayniqsa, Termiz shahri, Angor, Denov, Jarqo‘rg‘on, Qiziriq va Muzrabotni “kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hudud”ga aylantirishda muhim ahamiyatga ega.
Surxondaryoning o‘ziga xos jihatlari haqida gapirganda, avvalo, viloyatdagi qulay iqlim sharoiti hamda dehqon-fermerlarning tashabbuskor hamda mashaqqatli mehnatini e’tirof etish joiz. Bu hudud mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligi va barqarorligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Viloyatdagi mavjud tomorqalarning 35 ming gektarida 3-4 marta hosil olish mumkin va bu holat boshqa viloyatlarda deyarli takrorlanmaydi.
Hatto Termiz tumanidagi “Tomorqa maktabi”da tomorqaga ilm bilan yondashib, bir yilda 5 martagacha ekin ekish o‘rgatilyapti. E’tiborli jihati, shu kungacha 1300 nafarga yaqin ishsiz hamda kambag‘al oila a’zosi maxsus kurslarni tugatib, o‘z tomorqasi yoki ijara yerlaridan samarali foydalanish orqali o‘zini o‘zi band qilgan. Shuningdek, viloyat sharoitida issiqxonadan mahsulot olish boshqa joylardan 2-3 barobar arzonga tushadi.
Shuni ham alohida ta’kidlash kerakki, bugun milliy iqtisodiyotimizning drayver sohasiga aylangan turizm rivojida ham vohaning o‘ziga xos o‘rni bor. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 150 dan ortiq madaniy meros obyektlari joylashgan viloyatida turizm salohiyatidan samarali foydalanilsa, yiliga 1 milliard dollarlik tushum qilsa bo‘ladi.
“Janub gavhari”dagi yangilanishlar haqida yana uzoq gapirish mumkin. Surxon elining Yangi O‘zbekiston kelajagi, ortga qaytmas islohotlariga bo‘lgan ishonchi, yoshlarimizning g‘ayrat-shijoati baland. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, vohaning mehnatkash va tanti eli bilan hududda hali ko‘p ezgu ishlar, hayotiy tashabbuslar amalga oshiriladi. Zero, bu o‘lkada ruhi baquvvat, g‘ayrati baland, oriyati mustahkam insonlar yashaydi.
Nigora LUTFULLAYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati