603 03.03.2026
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26-27-fevral kunlari Surxondaryo viloyatida bo‘lib, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, sanoat, qishloq va suv xo‘jaligi, qurilish, ijtimoiy va boshqa sohalardagi loyihalar bilan tanishdi. Davlatimiz rahbari hududni kompleks rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda Surxondaryo nafaqat tabiati go‘zal zamin, balki ruhi baquvvat, g‘ayrati baland, oriyati mustahkam insonlar yurti ekanini ta’kidlarkan, surxonni rivojlantirish Yangi O‘zbekistonning janubiy tayanch ustunini mustahkamlash ekanini qayd etdi.
Viloyatda o‘tgan davrda amalga oshirilgan ishlar haqida gap ketganda, 5 mlrd dollarlik 8 mingdan ortiq loyihalar ishga tushgan, Xitoy, AQSH, Rossiya, Hindiston, Avstriya, Vengriya kabi davlatlar bilan investitsiya va savdo bo‘yicha yana 10 mlrd dollarlik kelishuvlarga erishilganini aytish zarur. So‘nggi 9-yilda bog‘cha qamrovi 28 foizdan 68 foizga oshdi. 23 ta yangi maktablar qurildi va yana 448 tasi ta’mirlandi. Bu davrda qurilgan 688 ta ko‘p qavatli uyga 32 ming oila ko‘chib o‘tdi. Angor, Boysun, Jarqo‘rg‘on, Sariosiyo va Termiz tumanlarida “Yangi O‘zbekiston” massivlari qurildi. “To‘palang ombori suvidan foydalanish” loyihasi hisobidan Termiz shahri va o‘nta tumandagi 563 ming aholining ichimlik suvi ta’minoti yaxshilandi.
Yig‘ilishda viloyat va tuman hokimlari oldiga joriy yil investitsiyani 3 mlrd va eksportni 1 mlrd dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi. Shuningdek, kambag‘allikni 2,8 foizgacha, ishsizlikni 4,5 foizgacha tushirish, Termiz shahar, Angor, Denov, Jarqo‘rg‘on, Qiziriq va Muzrabod tumanlarida “kambag‘al va ishsizlikdan holi hudud”ga aylantirish topshirildi.
Davlatimiz rahbari qishloq xo‘jaligi imkoniyatlariga ham to‘xtalib, viloyatdagi 35 ming gektar tomorqadan 3-4 marta hosil olinishi va bu ko‘rsatkich boshqa birorta viloyatlarda yo‘qligini ta’kidladi. Termiz tumanida tashkil etilgan “Tomorqa maktabi”ning ijobiy tajribasini butun Surxondaryoga yo‘lga qo‘yish zarurligi aytildi. Shu munosabat bilan Angor, Denov, Uzun tumanlarida ham bunday maktablarni tashkil etish, har bir viloyatda ikkitadan “innovatsion tomorqa maktablari”ni ishga tushirish kerakligi qayd etildi.
Viloyatda parrandachilik, chorvachilik va asalarichilik loyihalari amalga oshirish chora-tadbirlari belgilab berildi. Yiliga 45 ming tonna parranda go‘shtiga ehtiyoji bo‘lgan Surxondaryoda birorta yirik parrandachilik kompleksi yo‘qligi ta’kidlandi. Joriy yil viloyatda 60 mln dollarlik 18 ta parrandachilik kompleksi va naslchilik loyihalarini ishga tushirish rejasi belgilab olindi.
Surxondaryoda tabiat erta uyg‘ongani bois, asalarichilar uchun mavsum shu yerdan boshlanadi. Agar naslli ona ari genetikasi viloyatda yo‘lga qo‘yilsa, sohada “katta sakrash” bo‘ladi. Shu munosabat bilan ona arining nasllarini olib kelish, 150 ming nasldor asalari paketini ishlab chiqarish bo‘yicha 30 ta loyihani boshlash topshirildi.
Yo‘l va transport infratuzilmasi viloyatdagi eng og‘riqli masalalaridan biridir. Hozirda Boysun-Denov tumanlarini bog‘lovchi yo‘lning 111 km.ni sement-beton qoplamaga o‘tkazish loyihasi amalga oshirilmoqda. Bu yo‘l ishga tushsa, yuk hajmi 2 karra oshishi, tashish vaqti 3 soatdan 1,5 soatga qisqarishi mumkin.
Yurtimizni Afg‘oniston va Tojikiston bilan bog‘laydigan 178 kilometrli magistral yo‘l 30-yildan buyon kapital ta’mirlanmagan. Mutasaddilarga qurilish ishlarini uch oy ichida boshlash topshirildi. Toshkent – Termiz yo‘nalishidagi yo‘lovchi poyezd 14 soatdan ko‘p harakatlanadi. Koreyalik hamkorlar bilan zamonaviy tezyurar poyezdlar olib kelish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. “Toshg‘uzor – Boysun – Qumqo‘rg‘on” uchastkasini tezyurar poyezdga moslash bo‘yicha loyihani shu yil boshlash, 103 kilometr bo‘lgan “Qumqo‘rg‘on – Quduqli” temir yo‘lini elektrlashtirish ishlariga kirishish topshirildi.
Viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalarida o‘tkazilgan yig‘ilishda Davlatimiz rahbari tomonidan yangi ish o‘rinlari yaratib, surxondaryoliklar daromadini, farovonligini oshirishga xizmat qiladigan yana o‘nlab loyihalar, taklif va tashabbuslar ilgari surildi. Ularning ijrosi esa biz – deputatlarga ham katta mas’uliyat yuklaydi.
Go‘zal SAMIYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati