Pedofiliya: murosasozlik ham jinoyat


727     05.03.2026

Shunday muammoli mavzular borki, imkon qadar ular haqida ko‘proq gapirish kerak. Aksincha, sukut saqlasak, jamiyatga yetkazilayotgan zarari battar ortadi... Pedofiliya aynan ana shunday og‘riqli, lekin ochiq muhokama qilinishi shart bo‘lgan mavzulardan.

Bola - ishonch ramzi.

U kattalarni himoyachi, mehribon va adolatli, deb biladi. Afsuski, aynan shu tuyg‘u ba’zan ruhiyatida nuqsoni bor (jinoyatchi)lar uchun qurolga aylanadi. Garchi, bola qalbiga yetkazilgan jarohat ko‘zga ko‘rinmasada, ammo uning kir izi yillar davomida ketmaydi. Shu o‘rinda bir muhim savol: xo‘sh, pedofiliya - kasallikmi yoki jinoyat? Bu uzoq davom etgan bahsli jarayonda fan ham, qonun ham o‘z tilida javob beradi. Psixiatriyada pedofiliya muayyan psixik buzilish sifatida ta’riflansa, qonun bolaga nisbatan har qanday jinsiy harakatni jinoyat deb baholaydi. Jamiyatning xulosasi esa bitta: «Bu yerda bahs yo‘q, pedofil, albatta, jazo olishi kerak!»

Prezidentimiz tomonidan tasdiqlangan «Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili» Davlat dasturida ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik uchun jazoni keskin kuchaytirish, xususan, pedofiliya uchun umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosini joriy etish masalasining ilgari surilishi - bu shunchaki huquqiy tashabbus emas, balki milliy taraqqiyot strategiyasining mantiqiy davomi hisoblanadi. Zero, milliy qadriyatlarni asrash, oilani mustahkamlash va sog‘lom avlodni voyaga yetkazish davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishidir. Jamiyatning ma’naviy poydevori aynan oila va bolalikdan boshlanishini inobatga olsak, bolalarga qarshi sodir etilayotgan har qanday jinoyatga murosasiz munosabat - zamon talabi, milliy manfaat va kelajak oldidagi mas’uliyat ifodasidir. Tan olaylik: bugunga kelib, bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik nafaqat milliy, balki global miqyosdagi tahdidga aylandi. Qonunchiligimizda voyaga yetmaganlarga nisbatan |insiy jinoyatlar uchun qat’iy javobgarlik belgilangan bo‘lsada, afsuski, ushbu jinoyat hanuz Sizu bizni xushyor bo‘lishimizni taqozo etyapti. Bu esa mavjud choralar yetarli emasligini, jinoyatning oldini olish mexanizmlarini yanada kuchaytirish zarurligini ko‘rsatyapti. Ayniqsa, pedofiliya kabi ijtimoiy xavfi o‘ta yuqori bo‘lgan jinoyatlarga nisbatan murosasizlik - davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylanishi shart.

«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi bolalar huquqlarini himoya qilishga doir qonun loyihalari muhokamasiga aynan ana shu nuqtai-nazardan yondashmoqda: bolaga nisbatan |inoyat sodir etgan shaxs jamiyatdan butunlay ajratilishi kerak. Bunda masala faqat jinoyatchining |azosi haqida emas - bu jamiyatning ma’naviy xavfsizligi, ta’bir joiz bo‘lsa, kelajak avlodning ruhiy salomatligi haqidadir. Darvoqe, pedofiliyaga nisbatan sukut saqlash ham jinoyat sifatida baholanishi kerak.

Zero, keyingi yillarda bolalarga nisbatan yuz bergan jinsiy zo‘ravonliklar jamiyatda keskin noroziliklarga sabab bo‘lmoqda. Biroq ushbu masala muhokamalarida ko‘plab chalkash tushunchalar, hissiyotga berilgan xulosalar ham kuzatilayotganini ta’kidlash joiz. Pedofiliya nima, jinsiy zo‘ravonlik nima, ularning huquqiy va psixiatrik farqlari qanday? Gap shu haqda ketganida hali jamiyatda ommaviy savodxonlik yetarli emasligi ayon bo‘ldi. Zero, muammoni chuqur anglamasdan turib, unga qarshi samarali kurashib bo‘lmaydi. Pedofiliya jahon psixiatriyasida ruhiy buzilish sifatida tasniflanadi. Biroq bu uning ijtimoiy xavfini kamaytirmaydi. Aksincha, muammoning murakkabligini ko‘rsatadi. Ko‘plab tadqiqotlar, |umladan, YUNICEF ma'lumotlari bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning dahshatli ko‘lamini ko‘rsatadi: dunyoda 2 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan har 10 boladan oltitasi muntazam jismoniy zo‘ravonlikka uchraydi, har 5 daqiqada bir bola zo‘ravonlik oqibatida halok bo‘ladi. Bunday raqamlar ortida esa qora chiziq tortilgan taqdirlar va ruhiy jarohatlar mavjud. Eng og‘riqlisi shundaki, jinsiy zo‘ravonlik aksariyat hollarda begona emas, balki bola ishonadigan, unga yaqin bo‘lgan shaxslar tomonidan sodir etiladi. Qarindoshlar, tanishlar, qo‘shnilar, hatto obro‘li ko‘ringan insonlar orasida ham bunday jinoyatchilar bo‘lishi mumkin. Demak, muammo faqat «ko‘cha xavfi» bilan cheklanmaydi, u ma’lum bir davr oralig‘ida oilaviy va ijtimoiy muhitga singib kelgan. Jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, bolalarga nisbatan jinsiy jinoyatlarga qarshi kurashda eng samarali yo‘l bu - qat'iy jazo, doimiy nazorat va kuchli profilaktika choralarini qo‘llashdir. Masalan, AQSHning bir qator shtatlarida «Jessica's Law» talablari asosida 12 yoshgacha bo‘lgan bolaga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga umrbod qamoq jazosi tayinlanadi. Shuningdek, «Megan's Law» normalari asosida jinsiy jinoyatchilar reyestri yuritilib, ularning yashash manzili va shaxsi haqida jamoatchilik xabardor qilinadi. Bu tizim jinoyatchini panada qolish imkonidan mahrum etish va jamiyatni ogohlantirishga qaratilgan.

Janubiy Koreyada ham voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy jinoyatlar uchun uzoq muddatli qamoq jazosi va kimyoviy kastratsiya amaliyoti qo‘llaniladi. Polshada esa ayrim toifadagi jinoyatchilar majburiy kimyoviy kastratsiya qilinadi. Buyuk Britaniyada ham bunday kimsalar ustidan doimiy politsiya nazorati o‘rnatilib, ularning bolalar bilan ishlash sohasida faoliyat yuritishi qat’iyan taqiqlangan.

Bu shuni anglatadiki, rivojlangan davlatlar bolalar xavfsizligini ta’minlash masalasida murosasiz siyosat yuritmoqda. Jazoni og‘irlashtirish bilan birga, ular profilaktika, reyestr yuritish, majburiy psixologik kuzatuv va jamoatchilik nazoratini ham yo‘lga qo‘ygan. Demak, jahon tajribasi bolalar daxlsizligini ta’minlashda qat’iy huquqiy mexanizmlar va tizimli yondashuv hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini tasdiqlaydi.

Shu nuqtayi nazardan, jazoni kuchaytirish masalasi populis- tik choraga emas, profilaktik va ogohlantiruvchi mexanizmga aylanishi kerak. Umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosining joriy etilishi, bir tomondan, jinoyatchini jamiyatdan butunlay izolyatsiya qilish orqali xavfni kamaytirsa, ikkinchi tomondan, boshqalarga qat’iy «signal» beradi: bola daxlsizdir, unga tajovuz qilgan shaxs uchun esa jazo muqarrar!

To‘g‘ri, muammo faqat jazo bilan hal bo‘lmaydi. Oiladagi zo‘ravonlik, giyohvandlik, alkogolizm, ijtimoiy beqarorlik, ma’naviy tanazzul kabi omillar ham bolalarga nisbatan zo‘ravonlik xavfini oshiradi. Bolaligida zo‘ravonlikka uchragan shaxsning keyinchalik o‘zi ham zo‘ravonga aylanish ehtimoli yuqori. Demak, davlat siyosati jazoni kuchaytirish bilan birga, profilaktika, psixologik xizmatlarni ham rivojlantirishi, oilalarni qo‘llab-quvvatlash, bolalarni huquqiy va shaxsiy xavfsizlik ko‘nikmalariga o‘rgatishni ham qamrab olishi kerak.

Boshqacha aytganda, bolani himoya qilish bu shunchaki bir ijtimoiy vazifa emas, bu strategik masaladir. Chunki bolalikda olingan ruhiy zarba jamiyatga yillar o‘tib jinoyat, agressiya, ijtimoiy beqarorlik ko‘rinishida qaytishi mumkin. Demak, bugun ko‘rilgan qat’iy choralar ertangi tinchlik va barqarorlikning kafolatidir.

Shu ma’noda ham pedofiliya bilan kurash hissiyotlar bilan emas, tizimli, ilmiy va qat’iy siyosat asosida olib borilishi lozim.

Jamiyatning diqqat-e’tibori fojeali hodisalar yuz berganidan keyin emas, doimiy ravishda yuqori bo‘lishi, ayniqsa, bu holatda har bir ota-ona, har bir pedagog, har bir mahalla faoli hushyor bo‘lishi shart. Zo‘ravonlikka befarqlik ham zo‘ravonlikning bir ko‘rinishi ekanini unutmasligimiz zarur.

Xulosa o‘rnida aytish joizki, bolani himoya qilish - bu kelajakni himoya qilishdir. Partiyamizning dasturiy maqsadlarida belgilanganidek, milliy qadriyatlarni asrash va sog‘lom avlodni tarbiyalash jamiyat taraqqiyotining bosh omilidir. Baski, biz kuchli, ma’naviy barkamol va barqaror davlat qurayotgan ekanmiz, eng avvalo bolalik olamini daxlsiz hududga aylantirishimiz shart. Bolaga qo‘l ko‘targan yoki uning sha’niga tajovuz qilgan shaxs nafaqat qonunni, balki millat kelajagini ham oyoq osti qilgan bo‘ladi. Shunday ekan, bu boradagi qat’iy siyosat - siyosiy shior emas, balki milliy tiklanishning qat’iy talabi hisoblanadi.

 

Nargiza HAMIDOVA
O‘quv, tadqiqot va tahlil markazi rahbari
“Milliy tiklanish” gazetasining 2026-yil 25-fevral sonidan olindi