186 16.09.2024
So‘nggi yillarda O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish bo‘yicha aniq maqsadga yo‘naltirilgan izchil chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda. Sohaga oid qator farmon, qaror va qonunlar qabul qilindi, amaldagi qonunchilik takomillashtirildi, shuningdek, oxirgi yetti yilda sog‘liqni saqlash tizimiga ajratilayotgan mablag‘lar hajmi 5,9 trln so‘mdan 33,5 trln so‘mga, yaʼni 6 baravarga oshdi. Bundan tashqari, tizimni raqamlashtirish borasida ham katta ishlar amalga oshirildi. Biroq, ijobiy ishlarga qaramasdan, yechimini kutayotgan dolzarb masalalar ham mavjud.
Xususan, dori vositalari reklamasi va antibiotiklardan foydalanish masalalari ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Yurtimizda antibiotiklardan noo‘rin foydalanish va tibbiy madaniyatning yetarli darajada shakllanmagani ko‘plab muammolarni keltirib chiqarmoqda.
Masalan, “Dok-1 Maks” dori vositalari bilan bog‘liq fojiali voqea aholi orasida dori vositalariga nisbatan ishonchsizlikni yanada kuchaytirdi.
Shu kabi muammolarga qarshi kurashish uchun “Milliy tiklanish” demokratik partiyamiz taklif etayotgan dori vositalari reklamasini cheklash, antibiotiklarni qatʼiy retsept asosida berilishini taʼminlash tashabbusi ahamiyatlidir.
Xorijiy tajribaga nazar tashlaydigan bo‘lsak, dorixonalar faoliyati, dori-darmonlar reklamasi ustidan jiddiy nazorat o‘rnatilganini ko‘rishimiz mumkin.
Masalan, Yaponiya, Xitoy, Hindiston, Singapur, Kanada, Yevropa Ittifoqi va boshqa qator mamlakatlarda retseptsiz sotiladigan dori-darmonlar reklama qilinishi mumkin, ammo retsept bo‘yicha beriladigan dorilarning reklama qilinishi taqiqlangan.
Xorijiy tajribani inobatga olgan holda, O‘zbekistonda ham dori vositalari reklamasini tartibga solish va antibiotiklarni faqat tibbiy zarurat asosida foydalanishning yo‘lga qo‘yilishi aholining salomatligini himoya qilishda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.
Partiyamiz saylovoldi dasturida bu borada ilgari surilayotgan takliflar, o‘ylaymizki, yuqorida keltirgan muammolarga to‘la yechim bo‘la oladi.