665 05.03.2026
Mamlakatimizda mahallalar faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Albatta, buning o‘ziga xos ramziy maʼnosi, zarurati bor. Zero, mahalla xalq va davlat o‘rtasida bog‘liqlikni taʼminlaydigan, jamiyatdagi islohotlardan har bir inson bahramand bo‘lishiga zamin yaratadigan maskandir.
Shu bois, so‘nggi yillarda mahalla tizimi jamiyatimizda kechayotgan islohotlarning hal qiluvchi bo‘g‘iniga aylandi. Mahallaga qo‘shimcha kuch va imkoniyatlar taqdim etilyapti, vakolat ham, masʼuliyat ham quyi tizimga tushirilmoqda. Har qanday masala mahallaning o‘zida hal etilyapti, ijtimoiy yordam va xizmatlar ko‘rsatish mahalla darajasigacha kirib bordi.
Kambag‘allikni qisqartirish, bandlikka ko‘maklashish, oilalar farovonligini taʼminlash, jinoyatchilikning oldini olishda mahalla katta kuch sifatida maydonga chiqmoqda. Ana shunday muhim islohotlar jarayonida “mahalla yettiligi” tizimidagi hokim yordamchilarining roli ham tobora ortib boryapti.
Bugungi kunda mahallalardagi hokim yordamchilari aholini daromadli mehnatga jalb qilish, bandligini taʼminlash, tadbirkorlikni rivojlantirish, mahallaning “o‘sish nuqtalari”ni aniqlab, drayver loyihalarni ilgari surish borasida faol ishlayapti. Natijada ishsizlik va kambag‘allikni kamaytirish, aholi orasida tadbirkorlik, yaratuvchilik, bunyodkorlik ruhini kuchaytirishga erishilmoqda.
Masalan, o‘zim faoliyat yuritayotgan Zangiota tumanidagi Forobiy mahallasini olaylik. Bugungi kunda 1200 ga yaqin oila-dan deyarli barchasining kichik bo‘lsa ham tadbirkorlik loyihalari bor. Hatto ro‘zg‘or tashvishi, bola-chaqa parvarishi bilan band bo‘lib uyda o‘tirgan ayollar ham xonadonida tikuvchilik, pishiriq tayyorlash, hatto AT kabi zamonaviy sohalarda xizmat ko‘rsatmoqda.
Tabiiyki, bunday muhim natijalarga o‘z-o‘zidan erishilayotgani yo‘q. Inson qadrini ko‘zlab amalga oshirilayotgan jadal islohotlar bu borada muhim dasturulamal bo‘lmoqda. Joriy yilning Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili deb eʼlon qilingani ushbu xayrli ishlar bardavom bo‘lishiga xizmat qilmoqda. Jumladan, mahallamizda ham bu yo‘nalishda tegishli vazifalar belgilab olinib, ishlar boshlab yuborildi. Mazkur jarayonda har bir imkoniyatdan unumli foydalanyapmiz. Xususan, ishsizlarni kasb-hunarga o‘qitib, bandligini taʼminlash maqsadida subsidiya, grant va imtiyozli ssudalar ajratilyapti. Oilaviy tadbirkorlar faoliyatini kengaytirish orqali ularning daromadini ko‘paytiribgina qolmay, yangi ish o‘rinlari yaratishga ham erishyapmiz.
Tadbirkorlar o‘z faoliyatini kengaytirishi uchun kengroq joy kerak. Mahallamizda bo‘sh turgan bino va yerlardan unumli foydalanib, ularga bu borada ko‘mak beryapmiz. Umuman, bugungi kunga kelib, savdo-sotiq, ishlab chiqarish, tikuvchilik kabi yo‘nalishlarda 180 dan ziyod tadbirkorimiz elimizga xizmat ko‘rsatmoqda. Bundan to‘rt yil ilgari mahallamizda bor-yo‘g‘i 4 ta tadbirkor bo‘lgani eʼtiborga olinsa, islohotlar birgina mahalla tizimida qanchalik katta o‘zgarish yasaganini sezish qiyin emas.
Faoliyatimda orttirayotgan bunday ilg‘or tajribalarni mamlakatimiz bo‘ylab keng yoyishga hissa qo‘shayotganimdan mamnunman. Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tashabbusi bilan shu yo‘nalishda tashkil etilgan loyihalarda faol qatnashib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Namangan viloyatida xizmat safarida bo‘ldim. Ushbu hududlarda ham qandolatchilik va yarim tayyor mahsulotlar tayyorlash, uy tozalash xizmati kabi loyihalarimni aholi orasida targ‘ib etdim. Bu loyihalar kichik sarmoya bilan katta natijalarga zamin yarata olishini mazkur hududlarda ham to‘la si-novdan o‘tkazdik. Hozir ushbu imkoniyatdan foydalanib, oilaviy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ygan ko‘plab ayollar qo‘ng‘iroq qilib, minnatdorlik bildiradi. Ularning yutug‘idan cheksiz quvonaman. Bu meni yanada izlanishga daʼvat etadi.
Kamtarona yutuqlarim yuksak eʼtirof etilib, “Shuhrat” medali bilan taqdirlanganim hayotimdagi nurli sahifa bo‘ldi. Menga bildirilgan ushbu ishonch va eʼtibor uchun samimiy minnatdorlik bildiraman. Mukofot nafaqat shaxsiy sharaf, balki zimmamga yuklangan ulkan masʼuliyat hamdir. Bu eʼtirof meni yanada fidoyilik, halollik va sadoqat bilan xizmat qilishga undaydi.
Asiya KUDAYBERGENOVA,
Zangiota tumani Farobiy MFYdagi hokim yordamchisi,
“Shuhrat” medali sohibi
“Yangi O‘zbekiston” gazetasining 2026-yil 5-mart sonidan olindi