564 06.03.2026
Bugungi dunyo taraqqiyoti o‘zining tahlikali bir pallasiga qadam qo‘ydi.
Ana shu vaziyatda o‘z yoshlarini asray olgan, ularning kamolotini o‘ylagan va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlagan maʼrifatli millatning ertasi oydin bo‘ladi. 24 fevral kuni Prezidentimizning yoshlar bilan muloqoti ana shu yo‘ldagi zalvorli qadam bo‘ldi.
Davlatimiz rahbarining galdagi muloqotdagi gaplari barchamizni, ayniqsa, taʼlim sohasi vakillarini qattiq taʼsirlantirdi. “Yurtimizdagi 22 milliondan ziyod yoshlarimiz timsolida biz juda katta iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy kuchni ko‘ramiz”, dedi Prezidentimiz. Ana shu yoshlar ichida bizning yetti mingga yaqin sharqshunos talabamiz ham bor. Ularning kelajagiga masʼullikni zimmamizga olib, jamoa bilan birgalikda muhim vazifalarni anglagan holda to‘la-to‘kis bajarmog‘imiz lozim.
Uchrashuvda yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan o‘nlab imkoniyatlar eshigi ochib berildi. Bu imkoniyatlar yoshlarimizning orzulariga qanot beradi, yuksak parvozini taʼminlaydi.
Yoshlarning o‘z ishini yo‘lga qo‘yishi, tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shimcha 200 million dollar ajratilgani, o‘zini o‘zi band qilganlar uchun kredit miqdori 100 million so‘mdan 300 million so‘mga oshirilgani, yosh ishbilarmonlar loyihalari uchun kreditning 10 milliard so‘mga ko‘paytirilgani, innovatsion startap loyihalariga 100 ming dollargacha investitsiya kiritilishi, “Kelajak tadbirkori” dasturi yo‘lga qo‘yilishi va uning doirasida 7 yilga 15 foizli kreditlar berilishi singari tashabbuslar universitetimiz bitiruvchilari uchun katta imkoniyat ekani tayin. Qatʼiy ishonch bilan aytish mumkinki, ushbu qo‘llab-quvvatlov natijasida oliy o‘quv yurtimizni tugatgan birorta ham talaba ish bilan taʼminlanmasdan qolmaydi.
Bundan tashqari, “Mening birinchi kasbim” dasturi orqali talabalarga stajirovka uchun oyiga 2 million so‘mgacha stipendiya to‘lanishi, “O‘sish va rivojlanish” startap loyihasidagi eng yaxshi 40 ta loyihaga 2 milliard so‘m berilishi, har yili 20 ming yoshning kelajak kasblariga o‘qitilishi, Yoshlar ishlari agentligi huzurida “Volontyorlikni qo‘llab-quvvatlash” jamg‘armasi ochilib, unga har yili byudjetdan 62 milliard so‘m ajratilishi va yoshlarning eng yaxshi volontyorlik loyihalariga 100 million so‘mgacha grant taqdim etilishi talabalarimizni yanada ilhomlantirdi. Tez kunda universitetimizda talabalar tadbirkorligi va startaplar yo‘nalishida yoshlarning innovatsion g‘oyalarini moliyalashtirish va startap loyihalariga venchur sarmoyalarni jalb qilish bo‘yicha yangi mexanizmlar joriy etiladi.
Tarixda har bir xalq, har bir millat insoniyat uchun foydali fikrlarni ijod mahsuli orqali boshqalarga ko‘rsatishga intilgan. Bugun bu vazifani ado etish har qachongidan ham dolzarb bo‘lib qoldi. Xalqaro munosabatlar rivojlanishida madaniyatlararo muloqotga katta eʼtibor qaratilmoqda. Shu asnoda millat tafakkurining yuksak darajasini ko‘rsatish yo‘lida yaratilgan adabiyot namunalarini xorijiy tillarga tarjima qilish nihoyatda muhim ish. Yoki xorijiy mamlakatlarning mashhur adabiyot namunalarini o‘zbek tiliga o‘girib, nashr etish, o‘rganish ularni yaqindan bilishda beqiyos o‘rin tutadi.
Aynan shu vazifalar sharqshunos-tarjimonlar oldidagi masʼuliyatni oshiradi. Bu borada aytilgan tashabbus doirasida “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish” jamg‘armasi orqali isteʼdodli yozuvchilarga ijod uchun oyiga 20 million so‘mdan haq to‘lanishi, eng faol kitobxon o‘quvchilarga 10 million so‘mdan mukofot berilishi kabi yangiliklar yosh tarjimonlarimizga katta motivatsiya beradi, ularning mehnatini munosib rag‘batlantirish imkoniyati kengayayotgani yangi rejalar tuzish uchun keng yo‘l ochadi.
Shuning uchun universitetimizning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan Sharq tillaridagi eng sara adabiyotlarni o‘zbek tiliga hamda milliy adabiyot durdonalarini Sharq tillariga tarjima qilish va chop etish xarajatlarini qoplab berish masalasida ham yangi reja belgilandi. Sharqshunos olimlar va iqtidorli talabalarga bu borada aniq ijodiy buyurtmalar beriladi.
Yoshlarimizning yangilikka intilishi samarasi startap loyihalar orqali ham namoyon bo‘ladi. Jamiyat rivoji, iqtisodiy o‘sish borasida startap loyihalarning ahamiyati yuqori ekani xorijiy tajribalarda isbotlangan. Aynan kreativ yoshlarning tashabbus va startaplari mavjud bo‘shliqlarni to‘ldiradi. Bu borada bizning ham rejalarimiz bor. Xususan, “Eng yaxshi startap g‘oya” tanlovi doirasida universitet talabalari tomonidan taqdim etiladigan 20 ta startap g‘oya loyihasi saralab olinadi hamda ular ichida eng yuqori o‘ringa loyiq ko‘rilgan g‘oyalar respublika bosqichida ishtirok etadi.
Shuningdek, ushbu loyihalar asosida universitetda startap loyihalar inkubatsiyasi tashkil etiladi. Startap loyihalar rivojlantirilib, joriy yilda kamida 10 ta loyiha tijoratlashtirish bosqichigacha olib chiqiladi.
“1 talaba — 1 daromad manbai” tashabbusi ishlab chiqilishi asosida universitet talabalari orasida “Kelajakka qadam” dasturi doirasida kamida 5 ta loyihani tijorat banki tomonidan moliyalashtirishga yo‘naltirish ko‘zda tutilgan.
Bugungi kunda yoshlarning xorijiy tillarni o‘rganishga qiziqishi kuchli. Bir emas, bir necha tilni o‘rganib, yuqori natijalarga erishayotgan talabalarimiz bor. Xorijiy til sertifikatlariga ega talabalarni qo‘llab-quvvatlash borasida ham rejalarimiz katta. Ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj 20 talabaga sertifikat xarajatlari universitetning talabalarni rag‘batlantirish jamg‘armasidan qisman kompensatsiya qilinadi. Yuqori natija ko‘rsatgan 10 talabaga esa maxsus rag‘batlantirish joriy etiladi.
Universitetimizda bu yildan boshlab xalqaro amaliyot dasturlari kengaytirilib, xorijda stajirovka o‘tayotgan talabalar sonini oshirish uchun yangi loyihalar ishlab chiqiladi. Bunda amaliyot dasturlari qayta ko‘rilib, talabalarga amaliyotni xorijdagi elchixona va diplomatik vakolatxonalardan tashqari xorijiy tashkilotlarda ham o‘tash imkoniyati yaratiladi.
Tokio chet tillar universiteti bilan hamkorlik dasturi doirasida yozgi “Wok and trvel” modeli asosida kamida 30 talaba qisqa muddatli xorijiy ish amaliyotiga jalb qilinadi.
Talaba yoshlarning yaxshi mutaxassis bo‘lishida ilmiy-ijodiy faoliyat katta ahamiyatga ega. Ilmiy to‘garaklar soni va sifatini yaxshilash, ularga jalb etilgan talabalarni esa 1700 dan 2000 nafarga oshirish reja qilindi.
Yil yakuni bo‘yicha tadbirkorlikka o‘qitilgan talabalar soni 1000 nafar, inkubatsiyaga olingan startaplar 20 ta, xorijiy amaliyotga yuborilgan talabalar 20 nafar, ilmiy faoliyatga jalb etilgan yoshlar 2000 nafar, bitiruvchilar bandligi esa 100 foiz darajasiga yetkazilishi kutilmoqda. Bu borada natijalarga erishishda mahalliy hamkor tashkilotlar, tadbirlar bilan birga xorijiy hamkorlarni ham jalb etishni kengaytirish yaxshi samara beradi.
Mazkur chora-tadbirlar orqali yoshlarning intellektual, innovatsion va professional salohiyati to‘liq ro‘yobga chiqariladi, ular xalqaro maydonda raqobatbardosh, tashabbuskor va yetuk mutaxassis sifatida shakllanadi. Ushbu vazifalarni ado etish uchun, birinchi navbatda, yoshlar sog‘lom bo‘lishi zarur. Ularning ham maʼnan, ham jismonan sog‘lom bo‘lishiga yetarli sharoit yaratilgan. Prezidentimiz sport tadbirlarini ko‘paytirish, xalqaro musobaqalarda g‘oliblarni tayyorlash uchun harakat qilish zarurligini ko‘p taʼkidlaydi. Chunki bu ham ichki, ham tashqi faoliyatimizda muhim qurol, asosiy ko‘rsat-kichlarimiz namoyishi bo‘la oladi.
Kuni kecha Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektorining jamoa, professor-o‘qituvchilar va talabalarga Murojaatnomasi qabul qilindi. Unda davlatimiz rahbarining yoshlar bilan tarixiy uchrashuvida ilgari surilgan yoshlarga oid 32 ta tarixiy tashabbus va qarorlar ijrosi bo‘yicha taʼlim muassasamizda amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar belgilab olingan. Ular qatorida har hafta “Yoshlar kuni”da rektorning talabalar bilan muloqotlarini muntazam tashkil etish, bitiruvchilar bandligini taʼminlash, Yaponiyaning Va1kot kompaniyasining 300 ming AQSH dollari hajmdagi investitsiyasi asosida “Yoshlar innovatsion markazi”ni tashkil etish va boshqa muhim vazifalar bor.
Murojaatnomada, shuningdek, bitiruvchilarimizni yuqori malakali va xalqaro maydonda raqobatbardosh mutaxassis qilib tayyorlash, milliy merosimizni targ‘ib eta oladigan vatanparvar, yuksak maʼnaviyat egasi etib tarbiyalashda sharqona anʼanalarimiz hamda zamonaviy yondashuvlar asosida birlashish, Prezidentimizning tashabbuslarini birdamlik bilan joriy etishda faol bo‘lishga daʼvat qilingan.
Umuman, qutlug‘ zaminimiz, mamlakatni boshqarishdagi adolatli yondashuv, har bir masalaga bilim bilan yechim topish va davlatimizning ko‘p qirrali siyosati markazida yoshlar manfaati doimiy eʼtiborda turishi Uchinchi Renessans poydevorini yoshlar qurishini ko‘rsatmoqda.
Gulchehra RIXSIYEVA,
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori
“Yangi O‘zbekiston” gazetasining 2026-yil 5-mart