698 06.03.2026
Ayol – muqaddas, ayol – go‘zallik, sadoqat va mehr-muhabbat timsoli, ayol – bahor elchisi, dunyo davomchisi. Isbot talab qilmaydigan ilohiy haqiqat ham ayol bilan bog‘liq: ayol – ona. Bejiz ona vatan, ona tabiat, ona tili, ona tuproq, degan muqaddas tushunchalar ham ona so‘zi bilan ifodalanmaydi. Zero, ayol shunga loyiq muqaddas zotdir.
Inson qadrini ulug‘lash ham avvalo ayollarni ulug‘lashdan boshlanadi. Rivojlangan jamiyat, farovon kelajak, maʼnaviy taraqqiyotga ham ayollarsiz erishib bo‘lmaydi. Shu bois, insoniyat tarixida doimo ayollarga o‘zgacha hurmat bilan qarashgan, ehtirom ko‘rsatishgan.
Yangi O‘zbekiston siyosatida ayollar haq-huquqini har jihatdan himoya qilish, yashashi, taʼlim olishi, ishlashi uchun zarur sharoitlar yaratish eng ustuvor masalaga aylagani ham shunday. Eng muhimi, bu boradagi saʼy-harakatlar barcha sohalarda, barcha yo‘nalishlarda o‘zning amaliy ifodasini topmoqda.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada xotin-qizlar huquqlari, gender tenglik va ijtimoiy himoyasi yangicha talablar asosida kuchaytirildi. Ayollar uchun huquq va imkoniyatlar, oilada tenglik kafolatlanib, ayollar bandligi, ijtimoiy himoyasi hamda davlat va jamiyat ishlaridagi ishtirokiga alohida eʼtibor qaratildi.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ham xotin-qizlarning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy faolligini oshirish, onalik va bolalikni himoya qilish, gender tenglikni qaror toptirish, ayollarning huquq va manfaatlarini taʼminlash bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilangan bo‘lib, ular har yili qabul qilinayotgan davlat dasturlarida, Prezidentning farmon va qarorlarida muvaffaqiyatli ijro qilinmoqda. Natijalarini esa quyidagi misollarda ko‘rish mumkin.
Milliy qonunchiligimizda ayollar uchun yana-da keng imkoniyatlar yaratish maqsadida Saylov kodeksida deputatlikka nomzodlarning kamida 40 foizi yoki har 5 nafaridan 2 nafari ayollar bo‘lishi belgilandi. Buning amaliy tasdig‘i bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining 38 foizini, Senat aʼzolarining esa 27 foizini ayollar tashkil etganidan ham ko‘rish mumkin. Mahalliy kengashlarda esa bu ko‘rsatkich yana-da yuqori.
Ayollarning jamiyat hayotidagi faolligini kuchaytirish, barcha sohalarda jonbozlik bilan faoliyat ko‘rsatishini taʼminlash borasida ham xayrli ishlar amalga oshirildi. Mana natija: 2017 yilda boshqaruv sohasida xodimlarning o‘rtacha 20 foizini xotin-qizlar tashkil etgan bo‘lsa, hozirda bu raqam 35 foizga yetdi.
Ota-bobolarimizning qizingni o‘qit, chunki u kelajakda farzand tarbiya qiladi, agar o‘g‘lingni o‘qitsang, bir kishini o‘qitgan bo‘lasan, qizingni o‘qitsang, butun bir jamiyatni o‘qitgan bo‘lasan, degan hikmati bugun tom maʼnoda Yangi O‘zbekistonda o‘z isbotini topmoqda. Chunki oilada ayol bilimli, maʼrifatli bo‘lsa, farzandlar taʼlim-tarbiyasi ham shunga monand yuksaladi.
To‘qqiz yil oldin oliy o‘quv yurtlarida 110 ming nafar xotin-qizlar tahsil olgan bo‘lsa, bugun ular soni 500 mingdan oshdi. Yaʼni, talabalarning 52 foizdan ortig‘ini xotin-qizlar tashkil etayotgani mana shu ezgu g‘oyaning amaliy natijasi deyish mumkin. O‘tgan yilning o‘zida magistraturada o‘qiyotgan 15 mingga yaqin xotin-qizlarga 100 milliard so‘mga yaqin kontrakt puli to‘lab berildi. Hozirda 6 ming 200 dan ortiq xotin-qizlar ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanmoqda. Ilmiy ishlanmalarning 25 foizini olima ayollar yaratayotgani ham jamiyatda ularning o‘rni mustahkamlanib borayotganini ko‘rsatadi.
Mamlakatimizda xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, bandligini taʼminlash va tadbirkorlikka jalb etish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratilyapti. Bu borada Tadbirkor ayollar kengashini tashkil etildi va kengashga joylarda ayol tadbirkorlarni qiynayotgan hayotiy muammolarni hal qilish bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri parlament oldiga masala qo‘yish vakolati berildi. Natijada so‘nggi 5 yilda ishbilarmon ayollar safi ikki barobar kengayib, o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan tadbirkor xotin-qizlar soni 200 mingdan oshdi. Ayollarning tadbirkorlik loyihalariga ajratilgan kredit, subsidiyalar, kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitilishi natijasida 400 mingdan ortiq opa-singillarimiz ish bilan taʼminlandi.
Yangi O‘zbekistonning xotin-qizlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha to‘plangan milliy tajriba xalqaro miqyosda ham keng eʼtirof etilmoqda. Jahon banki indeksida O‘zbekiston gender tenglik sohasida dunyodagi eng tez rivojlanayotgan 5 ta mamlakat qatoridan joy oldi. Yangi indeksda mamlakatimizda mehnat munosabatlari va oiladagi zo‘ravonlikka qarshi kurash sohasida amalga oshirilgan islohotlar muvaffaqiyatli deb topilgan.
Prezidentimizning kuni kecha “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy choralar to‘g‘risida” farmoni qabul qilindi. Farmonda ayollar va bolalar huquqlarini ishonchli taʼminlash, ularni har qanday tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish hamda jamiyatda bunday holatlarga nisbatan murosasizlik muhitini shakllantirish, erta turmush qurish holatlarining oldini olish, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarining mazkur yo‘nalishdagi faoliyatini muvofiqlashtirishga qaratilgan vazifalar belgilangan bo‘lib, ularning ijrosi shubhasiz, ushbu yo‘nalishdagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.
So‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistonda kechayotgan tub islohotlar mazmun-mohiyati, avvalo, inson manfaatlarini qadrlashga qaratilgan ekan, bu jarayonda ayollarga, xotin-qizlarga eʼtibor strategik ahamiyatga ega. Zero, Davlatimiz rahbari taʼkidlaganlaridek, oldimizga barcha soha va yo‘nalishlarda g‘oyat ulug‘vor maqsadlarni qo‘ymoqdamiz. Bunga erishish uchun biz tayanadigan yetuk avlodni tarbiyalab, voyaga yetkazish siz, azizlarning – fidoyi onalarning qo‘lida.
Zuhra MIRG‘OZIYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputat