682 06.03.2026
Mamlakatimizda keyingi yillarda shaxslarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish, xotin-qizlar va bolalarning huquq hamda qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ularning ma’naviy va jismoniy rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
Kuni kecha qabul qilingan Prezidentimizning “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo'shimcha tashkiliy-huquqiy choralar to‘g‘risida”gi Farmoni ayni yo'nalishdagi ishlarimizni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqishi bilan ahamiyatlidir.
Sir emaski, bugungi kunda oilaviy ajralishlar masalasida erta nikoh omilining ham salmoqli o‘rni bor. Chunki hali balog‘at yoshiga yetmagan, hayotning past- balandini tushunmagan yoshlarni nikohlab qo‘yish ularning turmush qiyinchiliklariga bardosh berolmay ajralishiga sabab bo‘lmoqda. Farmonda aynan shu jihatlarga barham berish maqsadida endilikda nikoh yoshi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi, hatto bunday holatlar haqida xabar bergan fuqarolarni rag‘batlantirish tizimini yo‘lga qo‘yish ham ko‘zda tutilgan.
Mustahkam va mas'uliyatli oilalarni rag‘batlantirish maqsadida 21 yoshdan keyin ongli ravishda oila qurgan yigit-qizlar uchun qo'shimcha imtiyozlar, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari joriy etiladi.
Hujjatda alohida e’tibor qaratilgan yana bir yo'nalish - tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi keskin kurash. Endi himoya orderi berilgan ayollarga “SOS” tizimi orqali tezkor yordam chaqirish imkoniyati yaratiladi. Zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga nisbatan jazo choralarining qat'iylashtirilishi, tergov va sud jarayonlarining maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan mutaxassislar tomonidan olib borilishi esa “Inson qadri uchun” tamoyilining amaldagi ifodasi, desak, to‘g‘ri bo'ladi.
Eng muhimi, ushbu hujjat bilan femitsid, kiberzo‘ravonlik, stalking, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy jinoyatlar kabi xavfli hodisalarga nisbatan qonunchilikni yanada takomillashtirish, jazo choralarini kuchaytirish ko‘zda tutilgan.
Yana bir muhim jihati - homilador yoki farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanayotgan talaba- qizlar uchun “ikkinchi imkoniyat” yaratilayotganidir. Yosh onalarning ta’limdan uzilib qolmasligi uchun masofaviy o‘qish imkoniyati, akademik ta’til davrida qo‘llab-quvvatlash joriy etilayotgani - bu ayolning nafaqat ona, balki bilimli va mustaqil shaxs sifatida shakllanishida katta imkoniyat.
Umuman, mazkur hujjatning hayotga tatbiq etilishi xotin-qizlar va bolalarning huquqlari himoyasi kuchaytirilishi sog‘lom va mustahkam oilalar soni ko‘payishiga, millat genofondini saqlashga xizmat qilib, bu borada olib borilayotgan ishlarni yangi bosqichga olib chiqadi.
Zumrad BEKATOVA,
Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi a’zosi.