“Milliy tiklanish” hunarmandlar huquqiy maqomi qayta ko‘rib chiqilishi tarafdori


164     17.09.2024

   Milliy hunarmandchilik, xalq badiiy va amaliy sanʼatini rivojlantirish, bu orqali xalqimizning boy madaniy merosi va tarixiy anʼanalarini bus-butun saqlab qolish, band bo‘lmagan aholini, ayniqsa, yoshlar, ayollar va kam taʼminlangan oilalarni hunarmandchilikka keng jalb etish asnosida ularning ish bilan bandligini taʼminlash ishlari yuqori bosqichga ko‘tarildi. Shuningdek, hududlarda hunarmandchilik faoliyatining har bir yo‘nalishini alohida yondoshuvlar asosida rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish, hunarmandchilikning yo‘qolib ketayotgan turlarini saqlab qolish bo‘yicha ham keng ko‘lamli amaliy saʼy-harakatlar amalga oshirilmoqda.

   Xususan, davlatimiz rahbarining “Aholini hunarmandchilikka jalb qilish va hunarmandchilik faoliyatini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2023 yil 12 iyundagi Farmoniga ko‘ra, 2023 yilda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida kasanachilik va hunarmandchilikni rivojlantirishga ajratilayotgan mablag‘larning kamida 70 foizi hunarmandchilikni rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni moliyalashtirishga yo‘naltirilishi belgilab berildi.

   Shu o‘rinda hunarmandlar faoliyatini yana-da takomillashtirish, ularga yana-da qulay va erkin shart-sharoit hamda imkoniyatlar yaratib berish zarur. Hunarmandlarning huquqiy maqomini tadbirkorlik subyekti sifatida emas, balki hunarmand sifatida qaytadan ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq.

   Hunarmandchilik milliy qadriyatlarimizning ajralmas qismi va hunarmandlar millat madaniyatini avloddan-avlodga yetkazuvchi ijodkor ahlidir. Shu maʼnoda, soha turlarini rag‘batlantirish, qayta tiklash va rivojlantirish, badiiy-hunarmandlik maktablari anʼanalarini saqlab qolishga davr talabi va ehtiyoji sifatida qarashimiz kerak. “Milliy tiklanish” DP safdoshlari bu yo‘nalishdagi ishlarga daxldorlikni his qilgan holda hunarmandlar faoliyatiga, ularni o‘ylantirayotgan o‘y-tashvishlarga befarq bo‘lishiga haqqimiz yo‘q, deb hisoblashadi.

   Aynan hunarmandlar faoliyatini tartibga soluvchi “Hunarmandchilik faoliyati to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish taklifining ilgari surilayotgani sohadagi muammolarning yechimiga xizmat qiladi.

   Xususan, partiyamiz tashabbusi bilan ushbu qonunni qabul qilish orqali hunarmandchilik faoliyatini rivojlantirishda ilg‘or xorijiy tajribalarni, yaʼni telefon orqali uyda xizmatlar bajarish, advokatlik, dasturiy mahsulotlar yaratishni o‘rganish va aholi o‘rtasida kasanachilik faoliyati, uning afzalliklari, kasanachilikni rivojlantirish bo‘yicha hukumatimiz tomonidan berilgan imtiyozlar, yengilliklar to‘g‘risida keng targ‘ibot ishlarini olib borish bo‘yicha vazifalar ham ijrosini topadi, deb o‘ylaymiz.