Jamiyat taraqqiyotining muhim sharti


704     11.03.2026

Mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, ayniqsa, ayollar va bolalar huquqlarini ishonchli himoya qilish masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Jamiyatda sog‘lom oila muhitini shakllantirish, zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishiga barham berish, yoshlarni mustaqil va masʼuliyatli hayotga tayyorlash kabi vazifalar bugungi islohotlarning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi.

Shu nuqtai nazardan, Prezident tomonidan qabul qilingan “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy choralar to‘g‘risida”gi Farmon mazkur sohada amalga oshirilayotgan davlat siyosatida yangi va muhim bosqichni boshlab berdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Mazkur hujjat avvalo jamiyatda sog‘lom oila muhitini mustahkamlash, ayollar va bolalarni har tomonlama himoya qilish, yoshlarni mustaqil hayotga tayyorlash hamda erta nikohning oldini olishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni o‘z ichiga oladi. Farmonda nikoh yoshiga yetmagan shaxslar o‘rtasida amalda nikoh munosabatlariga kirishish holatlarining oldini olish, ota-onalarning farzandlari taqdiri uchun masʼuliyatini kuchaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratilgan. Bu, ayniqsa, erta nikohning salbiy oqibatlarini bartaraf etish, qizlarning taʼlim olishi va shaxsiy rivojlanishiga to‘sqinlik qiluvchi omillarni kamaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Farmonda ayollar va bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish, bunday holatlar sonini qisqartirish hamda jabrlangan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish vazifalari ham belgilab berilgan. Bu borada davlat organlari, mahalla tuzilmalari, taʼlim va sog‘liqni saqlash muassasalari o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish, profilaktik ishlar samaradorligini oshirish alohida ahamiyatga ega.

Ayniqsa, nikohlanuvchilarni “maishiy zo‘ravonliksiz baxtli oilaviy hayotga tayyorlash” bo‘yicha maxsus kurslarda o‘qitish tizimini kengaytirish orqali 2030-yilga qadar bu boradagi qamrovni 100 foizga yetkazish vazifasi jamiyatda oilaviy munosabatlar madaniyatini yuksaltirishda muhim qadam bo‘ladi. Ushbu kurslar yoshlarga nafaqat huquqiy bilim beradi, balki o‘zaro hurmat, muloqot madaniyati, masʼuliyat va hamjihatlik kabi oilaviy qadriyatlarni shakllantirishga xizmat qiladi.

Shu bilan birga Farmonda yosh oilalarni ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash choralari ham nazarda tutilgan. Jumladan, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan yosh oilalarga ajratiladigan moliyaviy ko‘maklar miqdorining oshirilishi ularning iqtisodiy barqarorligini taʼminlash, daromad manbalarini yaratish va tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratadi.

Albatta, qabul qilingan huquqiy hujjat ijrosini joylarda samarali taʼminlash ham muhim hisoblanadi. Ayniqsa, mahallalar kesimida erta nikoh, oilaviy nizolar va maishiy zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha manzilli ishlar olib borish talab etiladi. Bu borada profilaktik tadbirlarni kuchaytirish, psixologik xizmatlar va maslahat guruhlari faoliyatini rivojlantirish, yoshlar o‘rtasida doimiy targ‘ibot-tushuntirish ishlarini tashkil etish katta ahamiyat kasb etadi.

Xulosa qilib aytganda, mazkur Farmon ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish, sog‘lom oila muhitini shakllantirish, yoshlarni mustaqil hayotga tayyorlash hamda jamiyatda zo‘ravonlikka nisbatan mutlaqo murosasiz munosabatni qaror toptirishga xizmat qiladigan muhim huquqiy hujjat hisoblanadi.

 

Nazira AMETOVA,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati