717 12.03.2026
Yodingizda bo‘lsa, 2025 yili Qurolli Kuchlar akademiyasi qayta tashkil etilib, uning negizida Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti ochilgan edi.
Ayni paytda ushbu universitet yagona markazlashgan vertikal boshqaruv modelini shakllantirib, o‘z tarkibiga Mudofaa vazirligi tizimidagi 5 ta institut, Serjantlar tayyorlash oliy maktabi hamda aviatsiya va uchuvchisiz uchish apparatlari mutaxassislarini tayyorlaydigan markazni birlashtirdi. Natijada ilmiy tadqiqotlar, o‘quv dasturlari va amaliy tayyorgarlikni o‘zaro muvofiqlashtirishning yagona tizimi vujudga keldi.
Bu jarayonda Prezidentimiz - Oliy Bosh Qo‘mondon Shavkat Mirziyoyev tomonidan belgilab berilgan vazifalar asosida 20 dan ortiq davlatlar tajribasi o‘rganilib, harbiy ta’limning yangi milliy modeli ishlab chiqildi. Shu asosda o‘quv dasturlarida strategik tahlil, kiberxavfsizlik, axborot xavfsizligi, dron texnologiyalari va raqamli boshqaruv yo‘nalishlari kengaytirildi. Bunday yondashuv zamirida harbiy kadrlarni zamonaviy xavfsizlik muhitida mustaqil va tahliliy qaror qabul qila oladigan mutaxassis sifatida tayyorlash ko‘zda tutilgan. Innovatsion yondashuvlardan yana biri - «2+2» ta’lim modeli bo‘lib, unga ko‘ra, fuqarolik oliy ta’lim muassasalarining ikkinchi bosqich talabalari 18 ta ixtisoslik bo‘yicha harbiy tayyorgarlikka jalb etiladi.
Harbiy ta’limning raqobatbardoshligini oshirish maqsadida iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash tizimi ham mazmunan boyitildi. Shu o‘rinda yangi o‘quv yilidan boshlab «Oliy Bosh Qo‘mondon» davlat stipendiyasi joriy etilganini alohida ta’kidlash joiz.
Aytish kerakki, ushbu stipendiya sohiblari bakalavriatni tamomlaganlaridan keyin besh yil davomida magistraturaga imtihonlarsiz qabul qilinadilar. Shuningdek, oliy harbiy ta’lim muassasalarining 36 ta ta’lim yo‘nalishi bitiruvchilariga ikki diplom - harbiy va fuqarolik mutaxassisligi bo‘yicha hujjat berilishi joriy etildi. Bu harbiy xizmatdan keyingi faoliyat uchun keng imkoniyat yaratib, kadrlar zaxirasining barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Bir so‘z bilan aytganda, harbiy ta’lim tizimi ilmiy, amaliy va tashkiliy jihatdan ham yangilanmoqda. Ilmiy tadqiqotlarni amaliyotga tatbiq etish, pedagogik salohiyatni kuchaytirish va harbiy pedagoglarni xorijiy yetakchi markazlarda tayyorlash orqali esa ta’lim sifati xalqaro mezonlarga moslashtirilmoqda. Qayd etish kerak, bugun harbiy ta’lim tizimi milliy xavfsizlik arxitekturasining turli yo‘nalishlarini qamrab olgan yaxlit va o‘zaro bog‘liq tizim sifatida shakllanmoqda. Jamoat xavfsizligi va strategik barqarorlikni ta’minlash sohasida kadrlar tayyorlash ham alohida ahamiyat kasb etmoqda. Milliy gvardiya tizimidagi Jamoat xavfsizligi universiteti aynan shu vazifalarni amalga oshirishga ixtisoslashgan oliy ta’lim muassasasidir. Mazkur universitetda jamoat xavfsizligini ta’minlash, qo‘mondonlik-taktik faoliyat, huquqiy ta’minot, tarbiyaviy-psixologik xizmat, iqtisodiy va infratuzilmaviy xavfsizlik yo‘nalishlarida mutaxassislar tayyorlanmoqda. Shu o‘rinda, harbiy ta’lim tizimida ilmiy tadqiqotlar ham ko‘payayotganini ta’kidlash kerak. Fundamental izlanishlar harbiy strategiya va xavfsizlik muhitini chuqur tahlil qilish, ehtimoliy tahdidlarni oldindan baholash imkonini bersa, amaliy tadqiqotlar ushbu tahlil natijalarini aniq boshqaruv qarorlari va taktik yechimlarga tatbiq etishga qaratilgan.
Ilm, ta’lim va amaliyot o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlik kadrlar tayyorlash samaradorligining asosiy shartiga aylanmoqda.
Xulosa o‘rnida shuni aytish joizki, harbiy ta’limni rivojlantirish milliy xavfsizlikni ta’minlashning strategik omilidir. Ilm-fan yutuqlari, zamonaviy pedagogik texnologiyalar hamda mustahkam huquqiy asosga tayangan holda shakllantirilayotgan ta’lim tizimi, shubhasiz, mamlakatimizning mudofaa salohiyatini yanada mustahkamlashga, intellektual ustunlikni ta’minlash va kelajak avlod ofitserlarini yuksak mas’uliyat hamda vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.
Sherzod QULMATOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari qo'mitasi a’zosi
“Milliy tiklanish” gazetasining 2026-yil 11-mart sonidan olindi