508 12.03.2026
Sir emaski, har qanday jamiyatning ma’naviy darajasi ayollarga bo‘lgan munosabat bilan belgilanadi.
Amir Temur ham Sharq ayollaridagi tengsiz nafosat, matonat va insoniy fazilatlarni o‘z vaqtida payqagan va qadrlagan buyuk inson edi. Shuning uchun ham u ayollar uchun barcha imkoniyatlarni yaratib berishga harakat qilgan. Movarounnahr va Xurosonda ko‘plab ma’rifatli, odil davlat arboblari, sarkardalar va mutafakkirlarning yetishib chiqqanligining sababi ham shunda bo‘lsa kerak.
Amir Temur davlati idoralarini mustahkamlash va ularni boshqarishdan tortib Temuriy shahzodalarni tarbiya- lashgacha esa «uning xotinlardan eng muqaddami va barkamoli Katta Malika (Saroy Mulk xonim)» Bibixonimning xizmatlari cheksiz bo‘lgan. Sohibqiron bu oqila ayolga nabiralari, Shohruh Mirzo, Muhammad Sulton Mirzo, Halil Sulton Mirzo, Ulug‘bek Mirzolar tarbiyasini ishonib topshirgan. U o‘zining maftunkor latofati, sadoqati, dono va hozirjavobligi, insoniy fazilatlarga ega bo‘lgani bilan ham boshqa malikalardan ajralib turgan.
Shu o‘rinda bir voqeani eslash o‘rinlidek tuyuladi: Amir Temur uzoq yurishlardan birida armiyani boqishga mo‘ljallagan mablag‘ tugab qoladi. Shunda u maxsus kishilar orqali Saroymulkxonimga maktub yo‘llab, yetarlicha zar berib yuborishni so‘raydi. Ammo oradan ko‘p o‘tmay, Saroymulkxonimdan «Amiri Sohibqiron, agar zaringiz tugagan bo‘lsa, siyosatingiz ham tugadimi?», - degan mazmunda javob xati keladi.
Tarixdan ma’lumki, Sohibqiron 1399 yili Hindiston safaridan qaytganidan keyin Bibixonim sharafiga machit va madrasa qurdiradi. O‘sha muhtasham bino bugun ham Samarqand ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib, Sharqning ayollarga bo‘lgan e’tiborini butun dunyoga namoyish qilib kelmoqda, deyish mumkin.
Shu o‘rinda Amir Temur hukmronligi davrida saroyning boshqa malikalari uchun ham bog‘lar, maqbaralar bino qilinganini, xususan, Samarqanddagi «Bog‘ibehisht» Amir Temurning suyukli xotini Tuman og‘a sharafiga qurilganini aytish joiz.
Amir Temur hatto o‘g‘illari va nevaralariga kelin tanlashda ham shaxsan ishtirok etib, bo‘lajak kelinning oilasi, nasl-nasabi va ta’lim - tarbiyasiga jiddiy e’tibor qaratganini ta’kidlash joiz. Shu o‘rinda Sohibqiron Amir Temurning: «O‘g‘illarim, nabiralarim va yaqinlarimni uylantirmoq tashvishida kelin izlamoqqa e’tibor berdim. Kelin bo‘lmishning nasl-nasabini, yetti pushtini surishtirdim. Xos odamlar orqali sog‘lik-salomatligini, jismonan kamolatini aniqladim. Kelin bo‘lmish nasl-nasibasi, odob-axloqi, sog‘lom va baquvvatligi bilan barcha qusrlardan holi bo‘lsagina el-yurtga katta to‘y-tomosha berib, kelin tushirdim», degan gaplari zamirida ham aslida yurtimiz kelajagi haqidagi o‘ylar bo‘lganini ta’kidlash joiz.
Ma’lumotlarga ko‘ra, sohibqiron shahzoda Halil Sulton tanlagan qaylig‘i(Shodimulk xonim)dan ko‘ngli to‘lmaydi va to‘y qilishga rozilik bermaydi. Shunga qaramasdan Halil Sulton unga uylanadi. Keyinroq ma’lum bo‘ladiki, bu ayol Halil Sulton taqdirida fojiali rol o‘ynaydi, Halil Sulton o‘zboshimchalik bilan Samarqand taxtini egallab olganidan keyin Amir Temurning xotini Bibixonim aynan Shodimulk xonim tomonidan zaharlab o‘ldiriladi.
Amir Temur saroyida bo‘lgan xorijlik sayyohlar ham o‘z estaliklarida Amir Temurning ayollarga bo‘lgan munosabati haqida juda iliq fikrlar yozib qoldirganlar. Masalan, Ispan elchisi Klavixo Amir Temurning Samarqand yaqinidagi Konigilda bergan katta to‘y marosimida ayollar ham ishtirok etgani haqida ma’lumotlar beradi. Yana bir dalil: Temuriylar davrida xotin- qizlar uchun alohida maktablar ochilgan. Bu yerda otinbibilar o‘qituvchilik qilganlar. Oddiy xalqning qizlariga ta’lim beradigan maktablar ham bo‘lib, ular mahallalarda tashkil etilgan. Maxsus ta’lim olgan otinbibilar bu maktablarda qizlarga saboq berishgan. Lekin, afsuski bizgacha o‘sha davr maktablaridan ta’lim mazmuni haqidagi ma’lumotlar yetib kelmagan. Amir Temur nafaqat saroy malikalari, balki raiyatning oqila ahli ayollarining fikrlarini ham inobatga olgan: «Qarshi qal’asin zabt etolmay, dilga kadar tugib qaytmoqda edim. Qizil daryodan kechib, bir qishloqqa qo‘ndik. Men bir kulbani ixtiyor etdim. Unda ushoqqina kampir yashar, tirikchiligi yolg‘iz echkidan erkan.
Men momodan biror ovqat qilib bermoqni o‘tindim. Ko‘p o‘tmay og‘och tovoqqa suzilgan atala dasturxonda paydo bo‘ldi. Och erdim. Og‘och qoshiqni tovoqdagi atalaga mo‘ldirib, yutoqib yegan edim, og‘zi-tilim kuygandan-kuydi.
Shunda momo dedi:
- Sen-da Amir Temurga o‘xshash shoshqoloqlardan ekansan.
- Temurbekning shoshqoloqligini qaydin bildingiz, momo, - so‘radim.
- Eshitishimcha, Amir Temur Qarshi qal’asiga tik borib, uni ololmabdi. Magarki, avval qal’a atrofidagi kichik-kichik qishloq va mahallalarni egallab, kuch to‘plab, so‘ng qal’aga hujum qilmoq lozim edi. U esa bir yo‘la beklikni olmoqchi bo‘ldi-yu, shashdi sindi... Shunga o'xshash sen ham shoshding va og‘zingni kuydirding. Atalani avval tovoqning girdidan olib, sekin-sekin yalab ko‘radi, sovuganini bilgach, so‘ngra qoshiqni to‘ldirib yeydi-da.».
Shunda xatoimni anglaganday bo‘ldim. Va dedim:
- Darxon momo, o‘shal shoshgich Amir Temur mendirman. Tanbehingizni bosh ustiga oldim. Tilang tilagingizni.
Darxon momo odamlar uchun ariq qazib suv chiqarib berishni so‘radi. Oradan ko‘p o‘tmay Tanqos daryosidan ariq qazib, suv chiqarib berdim.»
Yuqoridagi hikoyat ham o‘sha davr ayollarining oqila va ma’naviyatli bo‘lganligini, shu sababli ularga bo‘lgan munosabat ham yuksak bo‘lganini ko‘rsatadi, albatta.
Bugun Yangi O‘zbekistonimizda ham Temuriylar davrida amal qilgan an’analar davom ettirilmoqda. Zero, Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev ta’kidlaganlaridek, «Hayotimizning fayzu farishtasi bo‘lgan munis onalarimiz, mehribon opa- singillarimizga munosib mehnat va turmush sharoitini yaratib berish, ularni rozi qilish - barcha darajadagi rahbarlarning nafaqat xizmat vazifasi, balki, eng avvalo, insoniy burchidir».
Abira HUSEYNOVA,
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)
Buxoro viloyati mintaqaviy vakili,
falsafa fanlari doktori, professor
“Milliy tiklanish” gazetasining 2026-yil 11-mart sonidan olindi