486 13.03.2026
Global xavfsizlik va barqaror rivojlanishga jiddiy taxdiddar tobora kuchayayotgan, geosiyosiy jarayonlar shiddat bilan o‘zgarayotgan bir davrda moliyaviy resurslar taqchilligi tufayli jahon yalpi ichki mahsuloti o‘sish surʼatlarining ketma-ket uchinchi yil davomida pasayishi kuzatilmoqda.
Albatta, bunday iqtisodiy buhron mintaqamizga ham o‘z taʼsirini o‘tkazmasdan qolmaydi. Bunday sharoitda O‘zbekiston jahon hamjamiyati oldida o‘zining ijtimoiy-iiqtisodiy rivojlanish dinamikasi, dunyo xaritasida geografik joylashishi, tabiiy resurslarining tarkibi va zaxirasi, hukumat olib borayotgan investitsiya siyosati bilan muhim rol o‘ynaydi. Bu esa, o‘z navbatida, xorijiy investitsiyalarning kirib kelishi uchun qulay muhit barpo etish zaruriyatini ko‘rsatadi.
Xorijiy investitsiyalar oqimi mamlakat iqtisodiyotini yuksaltirish, zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan jihozlangan yangi korxonalarni qurish, pirovardida aholi bandligini taʼminlash va uning daromadlari oshirilishi kabi eng muhim ijtimoiy muammolarni yechish imkoniyatini beradi.
Prezidentimizning tashabbusi asosida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida keyingi sakkiz yil davomida yalpi ichki mahsulot 2 barobar ko‘payib, 145 milliard dollardan oshdi.
2025-yilda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning global oqimida xam oldingi yillar kabi qisqarish qayd etildi. O‘zbekistonda amalga oshirilgan izchil islohotlar, biznes yuritish uchun yaratilgan qulay sharoitlar, jumladan, oxirgi to‘rt yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan Toshkent xalqaro investitsiya forumi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda muxim omil bo‘lmoqda. Mahalliy va xorijiy sarmoyadorlarga berilayotgan imtiyoz va preferensiyalar, investorlar huquqlarining kafolatlangani ularning qiziqishini tobora oshirmoqda.
O‘tgan yili investitsiya hajmi 35 mlrd. dollarga, jalb qilingan xorijiy investisiyalarning xajmi esa 43,1 mlrd. dollarga yetdi. Jami investitsiyalarning yalpi ichki maxsulotdagi ulushi 31,9 foizni tashkil etdi. Yil davomida xorijiy investitsiya va kreditlarning 33,2 foizi ishlab chiqarish sanoatiga, 29,0 foizi tog‘-kon sanoati va elektr, gaz bilan taʼminlash soxalariga, 9,2 foizi qishloq xo‘jaligi xamda 6,1 foizi qurilish tarmog‘iga to‘g‘ri keladi. Hududlar kesimida Toshkent shahri, Namangan va Sirdaryo viloyatlari boshqa xududlarga qaraganda ko‘proq xorijiy investitsiya va kreditlar jalb qilinishiga erishgan.
Bular, eng avvalo, ilg‘or texnologiyalar va ularning transferi, tashqi bozori aniq, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishga, energiya, suv, yer va boshqa tabiiy resurslardan foydalanishda samaradorlikni oshirishga, mahalliy ishchilarni yangi texnologiyalar bilan ishlashga o‘qitish va mehnat unumdorligini ko‘tarishga hizmat qilmoqda.
Davlatimiz rahbari o‘tgan yilning yakunida Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida iqtisodiyotni tehnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazishni asosiy ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilab, kelgusi besh yilda 180 mlrd. dollarlik, jumladan, 2026-yilda 50 mlrd. dollar xorijiy investitsiya kiritish maqsad qilinganligi taʼkidlangan edi.
Shuningdek, kelgusida yuqori texnologiya va yangi kompetensiyalar olib kirgan hamda ishlab chiqadigan mahsulotini eksportga yo‘naltiradigan investorlarga yanada qulaylik yaratish maqsadida loyixa uchun yerlar bozor qiymatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri berilishi, yer toifasi o‘zgarganida nobudgarchilik uchun to‘lovni 10 yilgacha bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat etilishi, yerni rasmiylashtirish, toifasini o‘zgartirish, qurilish va infratuzilmaga ulanishga ruxsatnoma olish uchun investorlarga kompleks xizmat ko‘rsatadigan “invest.gov.uz” elektron platformasi ishga tushirilishi aytildi.
Erkin iqtisodiy zonalarga dunyoning mashhur brendlarini jalb qilish orqali ushbu hududlarda faoliyat yuritadigan kor-xonalarga xalqaro texnik reglamentlar, ekologik va mehnat standartlarini qo‘llash imkoniyati, ular uchun maxsus — imtiyozli investitsiyaviy, soliq, bojxona va huquqiy rejim joriy etilishi hamda xalqaro huquq doirasida arbitraj nizolarini ko‘rib chiqish imkoniyati yaratilishi aytildi.
Mamlakat iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalarning jalb etilishi uning iqtisodiy imkoniyatlari kengayishini tezlashtirib, barcha soxalarda ichki quvvatlar va rezervlarni ishga solish, yangi texnika hamda texnologiyalarni, eksportbop tovarlarni o‘zlashtirishga, ularni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish orqali mamlakat iqtisodiy qudratini taʼminlashga xizmat qiladi.
Qobul TURSUNOV,
Oliy Majlis Senatining Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari
“Xalqa so‘si” gazetasining 2026-yil 12-mart sonidan olindi